Jahon | 12:50 / 27.01.2026
3407
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Hamas so‘nggi jasadni topishga yordam berdi, endi qurolsizlanishi kerak

AQSh yetakchisi G‘azoda garovdagi so‘nggi jasadni qidirish «juda og‘ir» bo‘lganini aytib, jarayonda Hamasning yordamini e’tirof qildi. Rasmiylarga ko‘ra, AQShda endilikda Hamasni “qurolsizlantirish bo‘yicha juda yaxshi dastur” bor.

Qidiruv jarayonidagi Hamas jangchilari / Foto: Anadolu / Axios

AQSh prezidenti Donald Tramp dushanba kuni Axios'ga bergan intervyusida Hamas Isroilda qolgan so‘nggi garovga olingan shaxsning qoldiqlarini topishga yordam berganini aytdi. U endi guruhni qurolsizlantirish bo‘yicha bergan va’dasini bajarishga chaqirdi.

Isroillik Ran Gvilining jasadi topilishi bilan barcha garovga olinganlar — tirik va halok bo‘lganlar G‘azodan qaytarildi. Uning jasadi qaytarilishi Trampning tinchlik bitimi uchun muhim burilish nuqtasi hisoblanadi.

Shu bilan birga, Isroil G‘azo va Misr o‘rtasidagi Rafah o‘tish punkti shu hafta oxirigacha «cheklangan» tartibda qayta ochilishini ma’lum qildi.

Trampning aytishicha, jasadni qidirish va shaxsini aniqlash jarayoni «juda og‘ir» bo‘lgan, chunki qidiruv guruhlari hududda «yuzlab jasadlarni tekshirishga majbur bo‘lgan».

«Bu juda og‘ir manzara edi,» — dedi u. Tramp qidiruv jarayonida Hamasning yordamini ham e’tirof qildi: «Ular jasadni qaytarish uchun juda qattiq ishlashdi. Bu borada Isroil bilan hamkorlik qilishdi. Qanchalik qiyin bo‘lganini tasavvur qilishingiz mumkin».

Keyingi qadam «endi biz Hamasni ular va’da qilganidek qurolsizlantirishimiz kerak,» - deya ta’kidladi Tramp.

«Hech kim barcha garovga olinganlarni qaytarib kelamiz, deb ishonmagan edi. Bu buyuk lahza bo‘ldi,» - dedi Tramp. Uning qo‘shimcha qilishicha, barcha qoldiqlar uyga qaytishi qanchalik muhim ekanini faqat ota-onalarning o‘zi to‘liq tushunadi.

Trampning aytishicha, maslahatchilari Stiv Uitkoff va Jared Kushner dushanba kuni ertalab uni qidiruv natijalari haqida xabardor qilgan. Shundan so‘ng u Netanyahu bilan gaplashgan va u «nihoyatda xursand bo‘lgan».

Foto: IDF

AQShning yuqori martabali rasmiysi dushanba kuni tushdan keyin jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan brifingda buni tasdiqladi:

«Shuni aytishim mumkinki, bu masalada Hamas juda yaxshi hamkorlik qildi. Ular o‘z zimmasiga olgan majburiyatni to‘liq bajardi».

Qurolsizlanish va ikkinchi bosqichga shubhalar

Rafah o‘tish punktining ochilishi va Gvilining jasadi qaytarilishi Tramp bitimining birinchi bosqichida qolgan so‘nggi yirik to‘siqlar edi. Endi e’tibor to‘liq ikkinchi bosqichga qaratilishi mumkin. U G‘azoni demilitarizatsiya qilish, yangi hukumat va xavfsizlik kuchlarini joriy etishni nazarda tutadi.

Shunga qaramay, Hamas tinch yo‘l bilan qurolsizlanishi, shuningdek Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu vazminlik ko‘rsatib, jarayonning davom etishiga yo‘l qo‘yishiga nisbatan jiddiy shubhalar mavjud.

Biroq, avval birinchi bosqich doirasida barcha tirik va halok bo‘lgan garovga olinganlar qaytarilishiga ham avval shubha bilan qaralgan edi — hozir esa bu amalga oshdi.

AQShning yuqori martabali rasmiysining jurnalistlarga aytishicha, Hamasni demilitarizatsiya qilish bo‘yicha batafsil muzokaralar shu hafta boshlanadi.

«Bizningcha, qurolsizlanish qandaydir amnistiya bilan birga bo‘ladi [Hamas a’zolari uchun]. Ochig‘ini aytganda, bizda qurolsizlantirish bo‘yicha juda-juda yaxshi dastur bor. Biz ular bilan aloqadamiz, bizning vakillar ham ular bilan aloqada», — dedi rasmiy.

U shuningdek, G‘azoni qayta qurish demilitarizatsiya va Hamas qurolsizlantirilgandan keyingina boshlanishini ta’kidladi: «Qilingan kelishuv aynan shundan iborat».

Shu bilan birga, rasmiy «demilitarizatsiya jarayoni ketar ekan, Isroil kelishuvga muvofiq qizil chiziqqa qaytadi va Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari ishga tushiriladi,» deya urg‘uladi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid