O‘zbekiston | 16:34 / 04.02.2022
51052
4 daqiqa o‘qiladi

Navbatdagi «Andijoncha tajriba»: «Vijdon xati» yozgan rahbarlar, tungi gulxanlarga majburlanayotgan o‘qituvchi va o‘quvchilar

Andijon viloyatidagi ta’lim muassasalarida o‘qituvchilar tunda o‘tkazilayotgan «Gulxan atrofida» tadbirlariga majbur etilmoqda. Uyushmagan yoshlar uchun, deya atalayotgan tadbirlarda maktab o‘quvchilari o‘z raqslari bilan ko‘rinish bergan.

Foto: Jalaquduq tumani hokimligi

Viloyat XTB boshlig‘i Azizbek Mirkomilov esa tadbirlarda rasm va videotasvirlarni tarqatgan o‘qituvchilarni «gap tashish» va «g‘iybatchilik qilish»da aybladi.

Andijon viloyatidagi barcha tuman-shaharlardagi ta’lim muassasalarida o‘qituvchilar, maktab rahbarlari va mahalla ahli bilan «Gulxan atrofida» nomi ostida ommaviy tadbirlar o‘tkazilayotgani ijtimoiy tarmoqlar orqali keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Foto: Jalaquduq tumani hokimligi

Ayrim o‘qituvchilar mazkur tadbirlarga majburlanayotgani, rahbarlar esa 22:00 gacha ta’lim muassasasida ushlab qolinayotgani haqida o‘z e’tirozlarini bildirishgan.

Biroq viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mazkur iddaolarni keskin rad etib, tadbir mahallalar va u yerlarda yangi tashkil etilgan yoshlar yetakchilari tomonidan amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Ammo viloyat ta’lim muassasalari xodimlarining Facebook’dagi sahifalarini kuzatar ekansiz, bu tadbirlarda asosan maktab o‘qituvchilari ishtirok etayotganini ko‘rish mumkin.

Foto: Jalaquduq tumani hokimligi

Shuningdek, mazkur tadbirlarda maktab o‘quvchilarning ham ishtiroki kuzatilmoqda.

Jumladan, Asaka tumani 30-umumta’lim maktabidagi kechki tadbirlarda yupun kiyingan o‘quvchilarning raqs tushayotgani internet sahifasiga joylashtirilgan.

Foto: Jalaquduq tumani hokimligi

Eng qizig‘i, mazkur tadbirlar ortidan ta’lim muassasalari rahbarlariga ommaviy tarzda «Vijdon xati» yozdirilmoqda.

Tahririyatimizga kelib tushgan mana shunday xatlardan birida direktor va uning o‘rinbosarlari tadbirlarda vijdonan ishtirok etishga va’da berishi haqida yozilgan.

Ushbu ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan holatlar ortidan viloyat XTB boshlig‘i Azizbek Mirkomilov murojaat bilan chiqdi va o‘z murojaatida guruhlardagi rasmlarni tarqatayotgan o‘qituvchilarni «gap tashish» va «g‘iybatchilik qilish»da aybladi.

Foto: Jalaquduq tumani hokimligi

«Siz nimaning hisobiga asoslanmagan xabarlarni tarqatmoqdasiz? Onlayn darsni nazorat qildingizmi yoki biror o‘quvchining o‘zlashtirish jarayonini vijdonan nazorat qildingizmi? Sizlarga ish bo‘lmasa-da, faqat gap tashib, g‘iybat qilsangiz. Ta’lim sifatiga ham ana shunday fidoyilik bilan yondashganingizda Andijon ta’limi yuksalarmidi?

Ish qilmasdan guruhlardagi rasmlarni kimlargadir tashlab berib nima foyda ko‘rasiz? O‘z ishingizni uddalay olmasangiz, hech bo‘lmasa ishlaganlarga xalaqit bermay tursangiz yaxshimidi?

Tadbirlar mahalla yetakchilari va maktab ma’muriyati tomonidan tashkil etilyapti. Vijdonli va diyonatli o‘qituvchilarimiz esa o‘quvchilarining o‘zlashtirishi bilan band. Ularga boshim yerga tekkuncha ta’zimdaman.

Kamchilik izlayotgan ayrim bekorchilarga esa (ustoz deyishga tiling bormaydi — A.M.) insof tilab qolaman, gruppalardagi rasmlarni tashishda davom eting», — degan boshqarma boshlig‘i o‘z murojaatida.

Qiziq, agar bu tadbirlar xo‘jako‘rsin va hisobotlar uchun emas, qonuniy tarzda, nimanidir targ‘ib qilish uchun o‘tkazilayotgan bo‘lsa nega ulardan foto va videotasvirlar mahalliy rahbarlarni bu tarzda xijolat qilmoqda? Nega tadbirlardan surat olib ijtimoiy tarmoqlarga tarqatayotgan o‘qituvchilar mulzam qilinmoqda?

Foto: Jalaquduq tumani hokimligi

Andijon viloyatida bunday jonbozlik ko‘rsatilishi birinchi marta emas. Avvalroq, Jalaquduq tumanidagi 1-IDUMI o‘qituvchilarining ritmik raqsi keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan esa Asaka tumanida direktorlar mahalladagi ishsizlarni ishga joylashtirishga majbur qilinayotgani haqida xabar bergan edik. Bu xabarlar yuzasidan Andijon viloyat XTB munosabat bildirmagan edi.

Abduvali Qurbonov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid