O‘zbekiston | 11:47 / 18.10.2023
19920
2 daqiqa o‘qiladi

“Dahshatli zo‘ravonlik” - O‘zbekiston G‘azodagi kasalxonaga uyushtirilgan hujumni qoraladi

“Bu dahshatli zo‘ravonlik harakatini keskin qoralaymiz va buni xalqaro gumanitar huquqning qo‘pol buzilishi deb hisoblaymiz”, deyiladi O‘zbekiston TIV bayonotida. O‘zbekiston mojaro tomonlarini zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga va o‘t ochishdan tiyilishga chaqirdi.

Foto: AP

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi G‘azodagi kasalxonaga qilingan hujumni keskin qoralashini ma’lum qildi.

“G‘azo sektoridagi “Al-Ahli” kasalxonasiga uyushtirilgan havo hujumi oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani haqidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qildik.

Bu dahshatli zo‘ravonlik harakatini keskin qoralaymiz va buni xalqaro gumanitar huquqning qo‘pol buzilishi deb hisoblaymiz”, – deyiladi TIV bayonotida.

O‘zbekiston tomoni vafot etganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirgan holda, mojaro tomonlarini zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga hamda o‘t ochishdan tiyilishga chaqirdi.

17 oktyabrdan 18 oktyabrga o‘tar kechasi G‘azo sektorida “Al-Ahli al-Ma’daniy” baptistlar shifoxonasi Isroil tomonidan aviazarbaga uchradi. Falastin tomoni ma’lumotiga ko‘ra, zarba natijasida tinch aholi vakillaridan kamida 500 kishi halok bo‘lgan.

G‘azo sektorini nazorat qiluvchi HAMAS harakati hujumda Isroilni aybladi. Isroil tomoni voqea “Islom jihodi” guruhining muvaffaqiyatsiz raketa uchirishi sabab ro‘y berganini bildirdi, guruh buni rad etdi.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish hujumni “eng kuchli tarzda” qoraladi. Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel ham hujumni xalqaro huquqning buzilishi deb atadi.

Qator davlatlarda hujum munosabati bilan norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda.

Mavzuga oid