O‘zbekiston | 20:50 / 26.09.2019
33169
3 daqiqa o‘qiladi

Turkolog olim Andrey Kubatin to‘liq oqlandi va sud zalidan ozod etildi, Ombudsman bu qarorni olqishladi

Bugun, 26 sentabr kuni Toshkent viloyati sudida o‘zbekistonlik tarixchi olim, turkologiya mutaxassisi Andrey Kubatinning ishi ko‘rib chiqildi va olim to‘liq oqlanib, sud zalidan ozod etildi. Bu ma'lumotni Andrey Kubatinning rafiqasi Feruza Jumaniyozova feysbukdagi sahifasida ma'lum qilgan.

Foto: Facebook/ Feruza Djumaniyazova

Toshkent davlat sharqshunoslik institutining katta o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan ushbu yosh olim 2017 yili Jinoyat kodeksining 157-moddasida («davlatga xoinlik qilish») nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda ayblanib hibsga olingandi.

O‘sha yili Kubatinga nisbatan 11 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi. Unga nisbatan e'lon qilingan sud hukmida u chet el fuqarosiga (Turkiya) ma'lum miqdordagi pul evaziga go‘yoki O‘zbekiston Davlat arxivi va Sharqshunoslik institutida saqlangan elektron kitoblarni, davlat siri aks etgan hujjatlarni berib yuborgani aytilgandi.

Yosh olimga jazo belgilanishi faollarning hamda dunyo ilmiy hamjamiyatining keskin noroziligiga sabab bo‘lgan edi. O‘zbekistonlik va xorijlik olimlar, huquqshunoslar, Kubatinning yaqinlari va hamkasblari tomonidan aytilgan ko‘plab e'tirozlar, turli instansiyalarga yo‘llangan murojaatlardan so‘ng ish qayta ko‘rib chiqildi.

Natijada Andrey Kubatin aybsiz ekanligi e'tirof etildi va u JPKning 83-moddasi bo‘yicha («Reabilitatsiya uchun asoslar») sud zalidan ozod qilindi.

O‘zbekiston Ombudsmani ham Kubatin ishi bo‘yicha bayonot berdi.

«Uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Oliy sudiga Ombudsmanning tegishli murojaati yo‘llangan edi. Ombudsman o‘z murojaatlarida Andrey Kubatinning Vatanga daxldorlik hissi va Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarni ro‘yobga chiqarishda faol ishtirok etishga tayyorligi, davlat va jamiyatning rivoji yo‘lida mehnat qilishi haqidagi so‘zlarini alohida qayd etib o‘tgandi.

Ombudsman vakillari sudning instansiya apellyatsiyasi majlislarida qatnashgan. 

Ombudsman sud qarorini olqishlaydi», — deyiladi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili bayonotida.

Mavzuga oid