O‘zbekiston | 10:06 / 15.09.2021
9872
3 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda soxta hujjat bilan chiqarilgan qaror sabab 160 tup tut kesib tashlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida 160 tupdan oshiq tut daraxti kesib tashlangani va tutzor bog‘ o‘rnida qurilish boshlangani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat bo‘yicha «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi munosabat bildirdi. Unga ko‘ra Sho‘rchi tuman hokimligi soxta hujjatga asoslanib qaror chiqargan.

Foto: qalampir.uz

Munosabatda ma'lum qilinishicha, Sho‘rchi tumanida 160 tup tut daraxti kesilgani haqidagi xabar tarqalgandan so‘ng, «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi boshqaruv raisining topshirig‘iga asosan Surxondaryo viloyat «Agropilla» MChJ rahbari Sh.Choriyev boshchiligida ishchi guruh tuzilgan. Mas'ul xodimlar mazkur holatni o‘rganish uchun voqea joyiga borgan.

Aniqlanishicha, joriy yil 13 sentyabrdan 14 sentyabrga o‘tar kechasi Sho‘rchi tumani Obodon hududi M41 Bishkek-Dushanbe-Termiz xalqaro avtomobil yo‘li yoqasida joylashgan 4 gektarlik tutzordan 160 tupdan oshiq tut daraxti noma'lum shaxslar tomonidan kesilib, tomiri bilan qo‘porib olingan.

Tut daraxtlarining o‘rnida 14 sentyabr erta tongdan qurilish ishlari boshlangan. Uzunligi 40 metr, eniga 18 metr bo‘lgan yirik binoning poydevori qurilishida 8-10 nafar kishi ishlab turgan. Mazkur tutzor «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi tizimidagi «Sho‘rchi Tayyorlov Agropilla» MChJning balansida bo‘lgan va bu haqda dalolatnoma tuzilib uyushmaga topshirilgan.

O‘rganish davomida, kesilgan tutzor o‘rni Sho‘rchi tumani hokimining 2021 yil 8 apreldagi Q-708-son qarori bilan «Oltin uchburchak» loyihasi rahbari Dilorom O‘rolavaga avtobus bekati va sanitariya-gigiyenik (maishiy xizmat ko‘rsatish) shoxobchasi qurish uchun ajratib berilgani aniqlangan.

Tuman hokimining qarorida Sho‘rchi tumani Obodon hududidagi tutzor maydonning «Sho‘rchi Tayyorlov Agropilla» MChJ tomonidan tuman hokimligi balansiga «Sho‘rchi Tayyorlov Agropilla» MChJning 2021 yil 29 martdagi 02-17-01/2209-sonli xatiga asosan qaytarilgani ko‘rsatilgan. Ammo jarayon o‘rganilganida «Sho‘rchi Tayyorlov Agropilla» MChJ tomonidan ushbu tutzorning Sho‘rchi tumani hokimligi balansiga qaytarilishi to‘g‘risida hech qanday xat chiqarilmagani ma'lum bo‘lgan.

Ishchi guruhining o‘rganish xulosalari asosida Sho‘rchi tumani prokuroriga bildirish xati bilan chiqilgan va hududda qurilish ishlari to‘liq to‘xtatilgan.

Qayd etilishicha, «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi tomonidan ushbu noqonuniy qilingan xatti-harakatlar yuzasidan surishtiruv olib borish va ushbu jinoyatning asl sababchilarini aniqlash hamda ularga qonunda ko‘rsatilgan tartibda chora ko‘rishlarini so‘rab, 2021 yil 14 sentyabr kuni Bosh prokuratura hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga xat kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Denov shahrida 109 tup noyob daraxt kesib tashlangandi. Bundan tashqari, Termiz shahrida ham xalqaro savdo markazi qurish uchun ajratilgan hududda ko‘plab daraxtlar kesilgandi.

Ma'lumot uchun, joriy yil 9 sentyabr kuni prezident O‘zLiDeP Qurultoyida so‘zlagan nutqida daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy joriy qilinishini e'lon qilgandi.

Mavzuga oid