O‘zbekiston | 10:22 / 07.01.2020
123475
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Spark, Nexia, Cobalt va Gentra avtomobilini ishlab chiqarish asta-sekin to‘xtatiladi

Foto: samavtosavdo.uz

O‘zbekistonda Spark, Nexia, Cobalt va Gentra avtomobillarini ishlab chiqarish asta-sekin to‘xtatiladi. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «O‘zbekiston Respublikasi avtomobil sanoatini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Tadbirda sohaga ilg‘or xalqaro tajriba asosida zamonaviy bozor mexanizmlari va boshqaruv uslublarini tatbiq etish, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulot turlarini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berildi.

«Xorijiy kompaniyalar bilan kelishuvlar natijasida «O‘zavtosanoat» AJ korxonalari bazasida plastmassa va shovqindan himoyalash detallari, kabellar, interer detallari, texnologik jihozlar va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, — dedi kompaniya strategik rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i Rustam Qodirov. — Bu mahalliylashtirish darajasini 60 foizgacha yetkazish imkonini beradi».

Rustam Qodirov 2022-2023 yillarga qadar O‘zbekistonda Spark, Nexia, Cobalt va Gentra avtomobillarini ishlab chiqarish asta-sekin to‘xtatilishini aytdi.

Ularning o‘rniga 10-15 ming AQSh dollari atrofidagi yangi modellar, jumladan, Chevrolet Onix ishlab chiqarilishi boshlanishi qayd etildi. Ta'kidlanishicha, bu yangi modellarning ayrimlari elektromobil bo‘ladi. 

Mavzuga oid