Texnologiya | 18:18 / 13.01.2026
1161
5 daqiqa o‘qiladi

​​​​​​​Meta Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lganlarning qariyb 550 ming akkauntini blokladi

Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqi kuchga kirgach Facebook va Instagram’da yuz minglab akkauntlar bloklandi. Meta garchi talablarni bajargan bo‘lsa-da, «o‘smirlar ko‘chib o‘tadigan yangi ilovalarni quvib yurish» samarali yechim emasligini aytgan. Boshqa davlatlar esa Avstraliya tajribasini kuzatmoqda.

Foto: Reuters

Meta Platforms korporatsiyasi Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqi natijasida o‘z platformalaridagi yarim milliondan ortiq o‘smir akkauntlarini o‘chirib qo‘yganini e’lon qildi.

Meta ushbu davlatda taqiq kuchga kirganiga bir oydan sal ko‘proq vaqt o‘tgach – 4 dekabrdan 11 dekabrgacha 16 yoshdan kichik foydalanuvchilarga tegishli deb hisoblagan 544 052 ta akkaunt o‘chirilgan. Shundan 330 639 tasi Instagramʼda, 173 497 tasi Facebookʼda va 39 916 tasi Threads'da bo‘lgan.

«Qonunga doimiy rioya qilish – bu biz yanada takomillashtirib boradigan ko‘p qatlamli jarayon bo‘ladi. Biroq onlayn yoshni aniqlash bo‘yicha sanoat standarti yo‘qligi borasidagi xavotirlarimiz saqlanib qolmoqda», deyiladi Meta kompaniyasi 12 yanvar kuni e’lon qilgan bayonotda.

Avstraliya hukumati taqiq doirasiga kiradi deb e’lon qilgan 10 platforma 2025 yil 10 dekabrda yoshni tekshirish tizimlarini joriy qilgan. Taqiq barcha platformalardan o‘zini baholashni, taqiq ularga tatbiq etiladimi-yo‘qmi – aniqlashni talab qiladi.

Shuningdek, Avstraliya hukumati agar o‘smirlar boshqa platformalarga ko‘chib o‘tsa, ularni ham rioya qilishga chaqirishini bildirgan.

Chapda: voyaga yetmagan akkaunt egalari kirishini bloklanishi shart bo‘lgan platformalar. O‘ngda ruxsat berilganlari

Taqiq kuchga kirgach, eSafety komissari idorasi platformalarga nechta akkaunt o‘chirilgani haqida savollar yuborgan, biroq hozircha bu ma’lumotlar e’lon qilinmagan. Federal hukumat ham taqiq darhol mukammal ishlamasligini tan olgan.

The Guardian nashrining yozishicha, taqiq kuchga kirgach, o‘smirlar bosh vazirning ijtimoiy tarmoq sahifalaridagi izohlarda uni qanday chetlab o‘tayotganlari bilan maqtanishgan.

Hukumat qabul qilishidan oldin siyosatni targ‘ib qilgan federal muxolifat esa o‘tgan hafta taqiq ijrosi «muvaffaqiyatsiz chiqqanini» aytdi.

«Ko‘plab 16 yoshdan kichik akkauntlar o‘chirilmagan, ayrimlari esa dastlab o‘chirilgan bo‘lsa-da, keyin yana faol bo‘lib qolgan», - dedi aloqa vazirining muxolifatdagi muqobili (Shadow minister) Melissa Makintosh.

«Yangi akkauntlar ochilmoqda va hukumat samarali bo‘ladi, deb ishontirgan yoshni tekshirish vositalari biroz grim va yaxshi yoritish bilan kulgili darajada oson aylanib o‘tilmoqda», deya qo‘shimcha qildi u.

Makintosh, shuningdek ko‘plab bolalar taqiqdan so‘ng taqiq ro‘yxatiga kiritilmagan boshqa platformalarga ko‘chib o‘tganini ta’kidlagan.

Avstraliya tajribasi kuzatilmoqda

Avstraliyada 10 dekabr kuni kuchga kirgan qonun hozircha 10 ta ijtimoiy tarmoq egalariga 16 yoshdan kichik foydalanuvchilarni o‘z platformasidan chetlatishni majburiy qiladi. Aks holda ular 33 million dollargacha jarimaga tortilishi mumkin.

Avstraliya ijtimoiy tarmoqlarning zararli ta’siri borasidagi xavotirlar fonida bunday keskin chorani ko‘rgan demokratik davlat sifatida ajralib turibdi.

Garchi Meta Avstraliya hukumati talablarini bajargan bo‘lsa-da, taqiqqa qarshi pozitsiyasini saqlab qoldi. Unga ko‘ra, yoshni tekshirish bo‘yicha yagona standartlar va yoshlar uchun kengroq sanoat darajasidagi himoya choralarini joriy etishga chaqirdi. Kompaniya muqobil ijtimoiy tarmoqlar yuklab olinishi keskin oshayotganini ham tashvishli holat sifatida qayd etdi.

Meta’ning ta’kidlashicha, bu «o‘smirlar taqiqni chetlab o‘tish uchun ko‘chib o‘tadigan yangi ilovalarni quvib yurish qochishga yordam beradi».

Shunga qaramay, Avstraliya tajribasi dunyoning boshqa joylarida ham diqqat bilan kuzatilmoqda.

Buyuk Britaniyada Leyboristlar hukumati shunga o‘xshash taqiq joriy etish bosimiga duch kelmoqda. Xususan, konservatorlar yetakchisi Kemi Badenox uning partiyasi 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqini qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

Fransiya ham 2026 yil 1 sentabridan boshlab 15 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlamoqchi. Bu haqda tegishli qonun loyihasining parlamentdagi muhokamasi shu oyda bo‘lib o‘tadi.

Avvalroq, Qozog‘istonda ham 16 yoshga to‘lmaganlarga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochish taqiqlanishi taklif qilingan edi.

Mavzuga oid