Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Komolon ko‘prigi: Chala ta’mir, betartib chorraha, qadrsiz piyoda
Ko‘chada yayov yurmaydigan Toshkent rasmiylari piyodalarni yerdan chiqqan omadsiz qo‘ziqorin deb o‘ylaydi shekilli, yo‘l ta’mirlash ishlari piyodalar uchun xavfli va chala holatda oylab cho‘zilib yotaveradi. Bu – sxemasi butkul o‘zgartirilgan Komolondagi chorrahada ham takrorlandi. Kun.uz rekonstruksiyadan keyingi bedodliklar haqida hikoya qiladi.
Toshkentda, Xalqlar do‘stligi maydonidan Bunyodkor shohko‘chasi orqali Chilonzor tumaniga kirib kelishda – Bo‘rijar kanali ustida o‘ziga xos “ko‘prikzor” bor. Bu yerni O‘zbekistondagi eng murakkab chorraha deyish mumkin. Ehtimolki, shahrimizning ayni shu nuqtasi murakkabligi bo‘yicha mintaqadagi eng noyob chorrahalardan biri bo‘lsa ham ajab emas.
Shu sababli ham shaharsoz ekspertlar Arkadiy Gershman va Aleksandr Devyatkin bu chorrahani qayta loyihalashtirish ustida ikki oy ishlagani, bu boradagi muhokamalar juda uzoq soatlar davom etib, yarim tungacha cho‘zilganini to‘g‘ri tushunish mumkin.
Xalq orasida Komolon ko‘prigi deb nom olgan chorrahada naq 8ta yo‘l bir joyda tutashgan, avtomobillar oqimi esa oz emas. Ustiga ustak, ko‘priklardan biri ancha tor. Shunday sharoitda rossiyalik mutaxassislar o‘z loyihasi orqali chorrahada mutlaqo svetoforsiz harakat tashkil qila olgani e’tiborga loyiq.
Butkul yangi sxema asosidagi rekonstruksiyadan avval bu ulkan chorrahada o‘nga yaqin yo‘nalishdagi svetoforlar bor edi, aqlli rejalashtirish natijasida hozir ulardan birortasi ham qolmagan.
Biroq afsuski, ko‘p bora kuzatilganidek, bu yerda ham yo‘lta’mir ishlari bir necha haftadan beri chala yotibdi. Haydovchilar va ayniqsa piyodalar uchun xavfli joy bo‘lgan chorraha hozir yanada xavflilashgan:
- qo‘porib tashlangan trotuarlar o‘sha holida tashlab ketilgan:

- avtomobil va piyodalar yo‘llarida xavfli obektlar bor:
- piyodalar yo‘l belgilari hamma joyga ham o‘rnatilmagan, natijada haydovchilarda piyodalarga yo‘l berish majburiyati yo‘q, piyoda hayotini xavfga qo‘yishga majbur;
- asosiy va ikkinchi darajali yo‘lni ko‘rsatuvchi yo‘l belgilari o‘rnatilmagan, yo‘l chiziqlari chizilmagan, natijada tushunmovchiliklar va YTHlar ro‘y beryapti; agar o‘ng qo‘l qoidasiga asoslanilgan, hamma o‘zidan o‘ng tarafdagi avtomobilni o‘tkazib yuborishi kerak bo‘lsa, bu borada targ‘ibot ishlariga katta zarurat bor.

Nafaqat pudrat ishlari, balki loyihaning o‘ziga nisbatan ham savollar yo‘q emas: chorrahaning bir qismida (metro ko‘prigining ostida) yo‘lning narigi tomoniga o‘tish uchun orolchalar orqali naq 4 marta (!) yo‘lning qatnov qismini kesib o‘tishga to‘g‘ri keladi.
Chorrahaga “O‘zbekfilm” va sobiq “O‘zbekneftgaz” AYoQSh tomonlardan, Bo‘rijar kanali yoqalab (kanalning har ikkala tarafida soya-salqin va daraxtzor trotuar bor) kelishda piyoda o‘zi harakatlanib kelayotgan ko‘chaning narigi tarafiga o‘tishi haddan tashqari murakkab va xavfli qilib qo‘yilgan. Buni hal qilish uchun ham Seul, ham Novza (Komil Yormatov) ko‘chalarida metro ko‘prigining perimetri bo‘ylab “zebra”lar tashkil etish to‘g‘riroq bo‘lardi, bizningcha.
Xuddi shu perimetr bo‘ylab kanal ustidan piyodalar ko‘prigi qurilishi ham maqsadga muvofiq. Chunki hozir tor ko‘prikning piyodalar uchun ajratilgan qismi ham o‘ta tor: unda qarama-qarshi ketayotgan ikki piyoda o‘tishi uchun albatta biri ikkinchisiga yo‘l berishga majbur; bolalar kolyaskasi bilan ko‘prikdan o‘tish haqida esa gapirmasa ham bo‘ladi.

Shahar mas’ullaridan chorraha rekonstruksiyasini tezroq oxiriga yetkazishlarini, trotuarlar va yo‘l belgilari muammosini hal qilishlarini so‘rab qolamiz. Muammoni kechiktiraverish YTHlarni ko‘paytiraveradi: bugun, 18 iyun kuni ham bu yerda navbatdagi “avariya” sodir bo‘ldi.
Bobur Akmalov,
Abduqodir To‘lqinov,
Kun.uz.
Mavzuga oid
20:18 / 15.01.2026
Toshkentdagi ayrim ko‘chalarda jamoat transporti harakati sxemasi o‘zgartiriladi
12:08 / 14.01.2026
102 ga qo‘ng‘iroq qilib, “Trampga chora ko‘rishni” so‘ragan fuqaro ma’muriy jazoga tortildi
15:29 / 13.01.2026
Qoraqalpog‘iston va Toshkentda qalbaki dollar o‘tkazmoqchi bo‘lganlar ushlandi
23:15 / 11.01.2026