O‘zbekiston | 19:29 / 01.07.2023
20184
8 daqiqa o‘qiladi

«4 trillion dollarlik ulush» – Islom moliyasi va uning ahamiyati haqida mutaxassislar bilan suhbat

Islom moliyasining afzal tomonlaridan biri inqiroz davrlarida zararni faqat bir tarafga ilib qo‘ymasdan, boshqa tomonlar bilan bo‘lishishidir. Aslida bu tizim yangi paydo bo‘lgan emas, balki o‘ziga qadar mavjud bo‘lgan moliyaviy jarayonlarning xatosini to‘g‘rilagan xolos, deydi Madina Islom universiteti magistranti Mahmud Usmon. Huquqshunos Husayn Rajabov esa jahon tajribasida Islomiy banklar diniy tashkilot emas, balki an’anaviy moliya tizimning muqobili sifatida ko‘rilishini bildirdi.

 

O‘zbekistonda so‘nggi yillar Islom moliyaviy muassasalarini rivojlantirish borasida salmoqli ishlar qilinmoqda. Xususan, banklarda islomiy darchalar va mikromoliya tashkilotlari ochilmoqda. Bundan tashqari, Islomiy banklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun zamin bo‘ladigan qonunchilik ishlab chiqilmoqda. Quvonarli tarafi, bunday ishlar prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanib, soha rivoji uchun alohida e’tibor ajratilmoqda.

Kun.uz muxbiri – Islom moliyasi bo‘yicha AAOIFI sertifikati sohibi, Madina Islom universiteti magistranti Mahmud Usmon hamda Toshkent davlat yuridik universiteti “Biznes huquqi” kafedrasi mudiri, yuridik fanlari doktori Husayn Rajabov bilan suhbatlashdi. Mutaxassislar Islom moliya tizimi va uning dunyo iqtisodidagi o‘rni, O‘zbekistonda Islomiy banklar ochish, qonunchilikda kutilayotgan o‘zgarishlar haqida so‘z yuritadi va ularga o‘z tavsiyalarini berdi.

— Islom moliyasi o‘zi nima? Islom moliyasi deganda, nimani tasavvur qilish kerak?

Mahmud Usmon:

— Islom moliyasiga kengroq va torroq ma’noda qarash mumkin. Kengroq olganda, har qanday jismoniy va yuridik shaxslarning moliyaviy munosabatlari, har qanday moddiy qiymatga ega bo‘lgan narsalar kiradi. Torroq ma’noda investitsiyani yaratish va o‘rganishdagi asoslarning islomiy qoidalarga qurilishi Islom moliyasi bo‘ladi. Bir narsani e’tiborga olish kerak. Islom moliyasi yangi paydo bo‘lgan muqobil emas, balki o‘ziga qadar mavjud bo‘lgan moliyaviy jarayonlarning xatosini to‘g‘riladi, xolos. Masalan, tijoratda nizoga olib boruvchi majburlik elementi, ribo bilan bog‘liq masalalar bor edi. Islom mana shu munosabatlarni to‘g‘riladi. Ya’ni taqiqlangan elementlardan tozalangan shakldir.

— Hozirgi vaqtda dunyo iqtisodiyotida Islom moliyasining o‘rni va u qanday o‘sib boryapti?

Husayn Rajabov:

— Islom moliyasi rivojlanish tarixi 40-45 yilni o‘z ichiga oladi. Lekin shunga qaramasdan, hozir Islom moliyasining aktivlari 4 trln dollarga yetgan. To‘g‘ri, global moliyaviy tizimda bu 2 foizni tashkil etadi, lekin qisqa vaqt ichida rivojlanish tez bo‘lyapti. Hozirda islom moliyasining yillik o‘sishi 15-20 foizni tashkil etyapti. Butun dunyoda 500 dan ortiq islomiy banklar faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari boshqa moliyaviy tashkilotlar 2 mingga yaqin. Nafaqat islomiy davlatlar, balki nomusulmon bo‘lgan Yaponiya, AQSh, Angliya kabi davlatlarda islomiy banklar bor.

Mahmud Usmon:

— Dunyoda 2 mlrdga yaqin musulmonlar bor paytda nega islomiy moliya ulushi 2 foiz, degan savol tug‘ilishi mumkin. Buning javobi tarixga taqaladi, ya’ni hozirgi moliya tizimi shakllanayotgan paytda aksariyat musulmon davlatlari mustamlaka bo‘lgan va Islom moliyasini shakllantirishga imkon bo‘lmagan. Umuman, texnologiyalar rivojlanishi, tovar ayirboshlash osonlashishi, aloqa vositalari takomillashishi davrida ham islomiy davlatlarda imkoniyat kam edi. Islom moliyasi degan tushuncha o‘rtaga chiqqan paytda jaxon moliyasi allaqachon oyoq va turgan, shakllanib bo‘lgan edi. Islom moliyasi kirib kelganda, yo yangi moliyaviy muassasalar ochish, yo mavjud moliyaviy tashkilotlarni o‘zgartirish va yo mavjud tashkilotlarda islom moliyasi darchalari tashkil etish masalasi paydo bo‘ldi. Bundan tashqari, amaldagi jahon moliya tizimi qanchalik savdo-iqtisodiy, pul ayirboshlash masalalarida mos keladi, qabul qiladi, degan masala ham bor edi. Ayni shu omillar sekinlashtiruvchi omil bo‘lyapti. Lekin, prezident Shavkat Mirziyoyevning Islom moliyasini O‘zbekistonga olib kirish, ba’zi qonunchilik hujjatlarini moslashtirish xaqidagi gaplari islom moliyasining qanchalik tez o‘sib borayotganiga misol bo‘la oladi.

— Ma’lumotlarga ko‘ra, 2008 yildagi jahon moliyaviy inqirozida eng kam talafot ko‘rgan va chidamli bo‘lgan moliya tizimi sifatida islomiy banklar ko‘rsatilgan ekan. Nima uchun bunday kam talafotlar bilan chiqqan bu tizim? Tizimning qanday himoya mexanizmlari bor?

Mahmud Usmon:

— Muhim savol bu. Islom moliyasi tizimining eng afzal tomoni inqiroz davrlarida zararni boshqa tomonlar bilan bo‘lishishi, faqat mijozlar bo‘yniga ilib qo‘yilmasligi.

Yana bir misol keltiraman. Deydik, bir uy sotib olishda bo‘lib to‘lash uchun oladi bir shaxs, keyin u uyini sotmoqchi bo‘ladi va balandroq narx aytadi, sotib olgan odam ham shunday qilishi mumkin. Ya’ni hali puli to‘lanmagan, shaxs qo‘lida pul bo‘lmagan holda sun’iy ravishda narx oshib boraveradi va sotib olish imkoniyati pasayib ketadi boshqalarda, natijada inqiroz bo‘ladi. Islom banklari esa uy qachonki to‘liq o‘ziniki bo‘lganda sotishga ruxsat beradi va sun’iy narx oshishiga yo‘l qo‘ymaydi.

An’anaviy bank tizimida banklar mijozga pul beradi biror biznes boshlashi uchun. Va o‘sha pulini qaytarib oladi, lekin mijozning biznesi bo‘ldimi yoki bo‘lmadimi ishi yo‘q, bunday holatda mijozning ishi o‘xshamagan bo‘lsa, u zarar ko‘rib qoladi. Islom banklari esa mijozga sheriklik taklif etadi va mijoz boshlamoqchi bo‘lgan ishni o‘zi ham o‘rganib chiqib, xulosa beradi. Ya’ni bank kredit beruvchi emas, investor sifatida qatnashadi, mijoz foyda ko‘rsa bank xam foyda ko‘radi, zarar ko‘rsa, bank xam zarar ko‘radi. Natijada jamiyatda bir toifa inqiroz tufayli ikkinchi toifaga o‘tib qolishi kuzatilmaydi.

— Mutaxassislar islomiy moliya markazlari sifatida Dubay, London, Kuala Lampur, Manama shaharlarini sanagan. Bulardan uchtasi aholisi musulmon davlatlarda joylashgan, buni tushunish mumkin. Nega London bor bu ro‘yxatda, qanday erishdi bunga?

Husayn Rajabov:

— Hozirda Londonda kamida 6 ta islomiy banklar bor, bundan tashqari, islomiy darchalar ham bor. Birinchi sababi, Buyuk Britaniya qonunchiligi moslashuvchan. Huquqiy tomondan hech qanday to‘siq bo‘lmagan. Faqat soliq tizimiga o‘zgartirish kiritgan an’anaviy banklar va islomiy banklarga teng muhit yaratish uchun. Mana shunday muhit yaratilishi islom moliyasi rivojlanishiga katta sharoit yaratgan.

Yana shuni aytib o‘tish kerak. Islomiy banklar bu diniy tashkilot hisoblanmaydi. Shuning uchun Buyuk Britaniyada bunday banklardan musulmon bo‘lmagan kishilar xam foydalanadi. O‘zbekistonda xam bu moliya tizimiga diniy deb qaramasdan, an’anaviy moliya tizimiga muqobil tizim sifatida qarash kerak. Islomiy banklar diniy masalalar bilan bilan shug‘ullanuvchi muassasa emas, balki diniy talablarga to‘g‘ri keladigan moliya tizimi va Markaziy bankka bo‘ysunadi ular ham. G‘arbda islom xuquqiga xam bir xuquqiy tizim sifatida qaraladi, shuning uchun ham islom moliya tizimiga diniy tus berilmaydi.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.

Tasvirchi va montaj ustasi Abdusalim Abduvohidov.

Ushbu maqola va videomaterial Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertiza xulosasi asosida chop etilmoqda.

Mavzuga oid