O‘zbekiston | 19:34 / 08.09.2019
22358
5 daqiqa o‘qiladi

Maqoladan so‘ng: Yangiyo‘lda prezident sovg‘asi sifatida 3 xonali kvartira berildi

Biroz avvalroq Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumanida istiqomat qiluvchi Aliyevlar oilasi prezident sovg‘asi sifatida va'da qilingan kvartira 1,5 yildan buyon tuman mas'ullari tomonidan berilmay kelayotgani haqida shikoyat qilgan, bu murojaat asosida Kun.uz saytida maqola e'lon qilingandi. Ma'lum qilinishicha, murojaat natijasi uzoq kuttirmadi, mas'ullar oilaga uyni topshirishgan.

Yana Yangiyo‘lga bordik. Prezident sovg‘asi Yangiyo‘l shahrida qurilayotgan 7 qavatli binolar joylashgan massivdan berilgan ekan. Oila kattalari bilan uchrashdik.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«Maqoladan so‘ng mutasaddilar kelishdi. Bizga 2 sotixli, 3 xonali uy tavsiya qilishdi. Keyin viloyat hokimligidan odam kelib, «prezident Yangiyo‘l shahridagi uylardan berilishini aytgan» dedi va shahardan shu uyni berishdi.

Xudoyimga beadad shukr. Tashvishlarimiz ortda qoldi. Hammaga rahmat. Avvalambor, prezidentimizning shunchalik xalqparvarligiga, yetimparvarligiga rahmat aytamiz. Prezident siyosatini ro‘yobga chiqargan hokimlik vakillariga ham rahmat aytamiz. Hozir juda ham xursandmiz. Xursandchilikda gap ham kelmas ekan. Hayratlanib so‘ragan odamlar ham bo‘ldi. Negaki, odamlar hamma narsa quruq gap bo‘lishiga ko‘nikib qolishgan ekan. Biz ham prezidentimizning siyosatini amalda ko‘rsatib berishga hissamizni qo‘shdik deb o‘ylaymiz. Shu ishlar bilan biz va atrofimizdagilar bu siyosatni amalda ko‘rdik. Hamma tanishlarimiz xursand. Prezident uy sovg‘a qilibdi deganni tasavvur qilolmas edik. Hozir mana bu ishlar davr talabiga mos ishlar bo‘ldi», deydi oila boshlig‘i Muhammadzufar Aliyev.

Prezident uchrashib suhbatlashgan onaxon Zulayho Aliyevadan ham yana ikki og‘iz fikr so‘radik.

«Bizga qo‘shaloq bayram bo‘ldi. Chunki, 30 avgust kuni tuman, shahar va viloyat hokimligidan kelishib, nevaralarimga televizor sovg‘a qilishdi. Nevaralarimning xursandchiligini ko‘rib o‘zimning ham ko‘nglim ancha ko‘tarildi. Keyin uylarni tavsiya qilishdi. Shu bilan 31 avgust kuni chaqirishdi. Tuman hokimi odam jo‘natib meni shu yerga olib kelishdi. Viloyat hokimi kelishini aytishdi. Hokim kelganda u bilan gaplashdik. Menga hujjatlarimni ko‘rishganini, shu uyni menga berishlarini aytishdi. Avval ishonmadim. Qo‘limga kalit berishganidan keyin ishondim. Viloyat hokimi bu uy menga berilganini, prezident sovg‘asi ekanligini ta'kidladi. Menga qaragan shifokorlar, hokimlik mutasaddilariga rahmat aytaman», deydi Zulayho Aliyeva.

Ushbu masalaning xat-hujjatlari bilan shug‘ullanib yurgan 3 nafar go‘dakning amakisi Umarali Aliyevdan ham munosabatini so‘radik.

«Ommaviy axborot vositalarida yoritilganidan so‘ng, tuman hokimi va boshqa mutasaddilari uyimizga kelishdi. Bizga Yangiyo‘l tumanidan 3 xonali namunali uylardan tavsiya qilishdi. Biz rozi bo‘lgandik. Biroq viloyat hokimligidan kelishganda prezident yangi massivdan sovg‘a qilgani sababli shu uyni berishdi. Biz oldin ham aytganimdek, qayerdan bersa ham «shu prezident sovg‘asi» desin, olaverishimizni aytdim. 1 sentabr kuni shahar hokimiyatidan chaqirishdi, onamga kalitlarni berishdi. Yangiyo‘l shahri hokimiyatidan qaror chiqarib berishdi», deydi u.

Masala yuzasidan Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Behzod Qobulov bilan bog‘landik. U murojaat zudlik bilan o‘rganib chiqilgani va Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Rustam Xolmatov Zulayho Aliyeva bilan uchrashib, ayolga «Farovon» MFYdagi 12-uyning 2-xonadoni kalitini topshirgani haqida ma'lumot berdi.

Viloyat rahbari buyrug‘i bilan uy jihozlarga to‘ldirilgan. Ayni vaqtda uy bo‘yicha dastlabki hujjatlashtirish ishlari boshlangan va tegishli bayonnoma qabul qilingan. Mazkur hujjat negizida rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda.

Tanqiddan ko‘p vaqt o‘tmay mutasaddilar tomonidan bu tanqid inobatga olinib, amaliy harakatlar boshlanishi ijobiy tendensiya, albatta. Prezident va'dasi bajarildi, 3 nafar yetim bolakayga boshpana berildi. Uy chindan ham sovg‘a sifatida zarur jihozlar va mebellar bilan to‘ldirilgan. Bolalarning maktabi masalasi ham hokimlik tomonidan nazoratga olingan. Endi oilaning keksalari bu murg‘ak bolalarning taqdiridan xotirjam bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid