Andijonda aldangan ayollar haqidagi kottej mashmashasi hali ko‘pchilikning yodida. Ushbu mojaro ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumanida yashovchi Aliyevlar oilasi ham shunga o‘xshash vaziyatda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning yanvarida mazkur hududga tashrifi davomida eski, holati haminqadar bo‘lgan tuman tibbiyot birlashmasida ham bo‘lgan edi. Bemorlar bilan suhbat davomida davlat rahbari yoshi ulug‘ onaxonga, bir yilda ikki farzandidan ayrilgan ayol Zulayho Aliyevaga «otasiz qolgan nabiralaringiz uchun» deb uy sovg‘a qilgandi.
O‘sha onaxonning o‘g‘li, sayt tahririyatiga murojaat qilgan Umarali Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan bir yarim yildan buyon uydan darak yo‘q, davlat rahbarining sovg‘asini olmoqchi bo‘lgan bu oila hokimliklar o‘rtasida sarson bo‘lib kelmoqda. Biz holatga oydinlik kiritish maqsadida oila yashab kelayotgan xonadonga yo‘l oldik.
Kamsuqumgina o‘zbek oilasi bilan uchrashdik. Bir piyola choy ustida suhbatimiz boshlandi. So‘zni avval kattalarga berdik.
«2017 yil, yangi yil arafasida uyda o‘zim qolgandim. Buvisi (Zulayho Aliyev – tahr.) ham o‘g‘limnikiga chiqib kelaman, deb borgan edi. Kechki soat 2:00lar chamasi o‘g‘lim yugurib chiqdi. «Onam shifoxonaga tushib qolibdi» dedi. Shifoxonaga borsam hushsiz yotgan ekan. Ertalab borsam o‘ziga kelibdi. Shundan so‘ng 3-4 kun davolandi. Keyin, 5 yanvar kuni prezidentimiz shifoxonaga kirib kelgan. Kirib aynan bularning oldiga kiribdi va muloqot qilibdi. O‘sha kuni kechki vaqt oldimga muxbirlar kelishdi. Men nimalar bo‘layotganini tushunmadim. Uy sovg‘a qilinganini aytishgandi, prezidentdan uy so‘rabdimi deb hayron bo‘lib savol berdim. Kelganlar «Bu uy siz uchun ham emas, ayolingiz uchun ham emas. Prezident uyni 3 nafar yetim qolgan nevaralaringiz uchun berdi. Kirsak maylimi?», deb do‘q qilgannamo gapirishdi. Faqat hammasini to‘g‘ri yetkazinglar, birovning ortidan kimdir kaltak yeb qolmasin, deya yig‘lab tushuntirdim. Muxbirlar sovg‘a to‘liq olinguncha tepasida turishlarini aytishdi. Ikki kundan keyin hokimiyatga chaqirishdi. Tuman hokimi bilan gaplashdim. Badallar, uy narxlari haqida aytishdi. «Kechirasizlaru, menga uy beringlar demaganman. Nevaralarimga uy sovg‘a qilinibdi. Sizni tushunmayapman. Bir xonali uy taklif qilyapsiz, butun dunyo eshitdi-ku 3 xonali uy sovg‘a qilinganini. Oradan bir kun o‘tiboq, 1 xonaliga tushib qoldi. Men bunday uyni olsam, prezidentimiz lafzsizga chiqib qoladi-ku» dedim. Shundan keyin hokim achchiqlanib ketdi va «3 xonali uy deyilgan bo‘lsa 3 xonali, 3 qavatli deyilgan bo‘lsa 3 qavatli uy qurib beramiz sizga. Siyosatga aylantirmang», dedi.





















