O‘zbekiston | 22:20 / 25.06.2020
20653
3 daqiqa o‘qiladi

«Majburiy obunaga juda qarshiman». Shuhrat G‘aniyev – maddohlik, pora va majburiy obuna haqida

Bugun, 25 iyun kuni Farg‘ona shahrida jurnalistlar uchun press-tur tashkil etildi va uning doirasida viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Farg‘onaning tadbirkori – Farg‘onaning islohotchisi» mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida viloyat hokimi kirish nutqi so‘zlab, so‘ng jurnalistlar savollariga javob qaytardi.

– Quyi lavozimda ishlaydiganlarning yuqori lavozimdagi shaxslarga maddohlik qilishiga o‘z munosabatingizni bildirsangiz.

– To‘g‘ri savol. Mening tushuncham bo‘yicha, maddohlik – bajarmagan ishini gapirish. Masalan, rahbar sifatida mening o‘z prinsipim bor, buni viloyatimizdagi ko‘pchilik biladi: kam gapirib ko‘p ish qilish kerak.

Maddohlar haqida... Va'da bergan odam, so‘zga chiqib, qaysidir vazifalarni bajarib tashlayman, deb qop-qop va'dalarni bergan rahbar u va'dani berishdan oldin o‘ylab ko‘rishi kerak: shu va'dani beryapman-u, u bajariladimi yoki bajarilmaydimi? Shuning uchun ochig‘ini aytish kerak.

– Viloyat hokimi sifatida ishlagan davringizda sizga pora taklif qilishganmi, ha bo‘lsa qaysi masalada?

– Agar menga pora taklif qilishgan bo‘lganida, men pora beradigan rahbarlar bilan ishlagan bo‘lganimda shuncha muddat bu lavozimda ishlamagan bo‘lar edim.

  • Ma'lumot uchun, 2011 yildan buyon Farg‘ona viloyatini boshqarib kelayotgan Shuhrat G‘aniyev amaldagi viloyat hokimlari orasida eng uzoq vaqt o‘z lavozimida qolayotgan rahbar sanaladi.

– Majburiy obunaga qanday qaraysiz?

– Men ochiq aytay, men budjet tashkilotlari yoki tadbirkorlarni majburan obuna qilinishiga juda qarshiman. Sababi – voqelikni to‘g‘ri tasvirlab beradigan ro‘znoma kimningdir obunaga yordam berishiga muhtoj bo‘lib qolmaydi.

Voqeliklar aks ettiriladigan bo‘lsa, qiziqish katta bo‘lsa, albatta, biz ham imkoniyat darajasida targ‘ibot qilishga yordam beramiz. Targ‘ibot va obuna qilishning farqi bor.

Matbuot anjumanida viloyat hokimi So‘x tumaniga oid savol bermaslikni, bu tumanga oid savollarga yozma ravishda javob berishi mumkinligini aytdi.

«Kechirasiz, uzr so‘rayman, — deya So‘x haqida savol bermoqchi bo‘lgan jurnalistning gaplarini bo‘ldi Shuhrat G‘aniyev. — So‘x tumanida 85 ming aholi yashaydi, Farg‘ona viloyatining aholisi 4 million. So‘x – Farg‘ona viloyatida eng kichkina tuman, qolgan tumanlarimizda 250-300 mingdan aholi yashaydi.

Agar So‘x tumani bo‘yicha savollar bo‘lsa, sizlarning savollaringizga yozma ravishda ham har qancha javob berishga tayyorman. Kelinglar, So‘x tumani bo‘yicha mulohazalarni... boshqa tomonga olaylik».

Mavzuga oid