O‘zbekiston | 19:33 / 19.04.2023
65283
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda voyaga yetmagan qiz ota-onasi tomonidan ayovsiz kaltaklandi

Videodagi ayol qizning o‘gay onasi ekani aytilmoqda. Bosh prokuratura holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va bir kishi qo‘lga olingani haqida ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Koson tumanida ota-ona voyaga yetmagan qizni urayotgani aks etgan videolavha tarqaldi. Mazkur holat voyaga yetmagan qizning amakisi tomonidan videotasvirga olinib, IIBga xabar berilgan. Viloyat IIB axborot xizmati hodisa yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 16 aprel kuni taxminan soat 11:30 da Koson tumani Qorabayir mahallasida yashovchi 2009 yilda tug‘ilgan X.G. onasi — 1982 yilda tug‘ilgan M.M. hamda otasi — 1978 yilda tug‘ilgan T.R. tomonidan kaltaklangan.

Videoda ayol yerda o‘tirgan va yig‘layotgan qizni o‘rnidan turg‘azish uchun qaltiq siltayotganini ko‘rish mumkin. Shu vaqtda ular tomoniga qo‘liga xivchin ko‘targan ota chopib keladi. Qiz esa keng poliz bo‘ylab chopib ketadi. Ayol uning yo‘lini to‘sib chiqadi va ushlab oladi, ota yetib kelib qizni savaly boshlaydi, shunda ayol bu holat videoga olinayotgani uchun otani to‘xtatishga urinadi.

Holatni tasvirga olayotgan amaki esa bir necha bor shunday takrorlaydi: «Oilaviy qamataman senlarni». Shundan keyin u videoni ichki ishlar organiga yuborgan.

Hozirda voqea ishtirokchilarining barchasi aniqlanib, tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Qayd etilishicha, qizning otasi ruhiy kasalliklar dispanseriga tekshirish uchun yuborilgan. Jabrlanuvchi qizga nisbatan yetkazilgan tan jarohatlarini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

«Novosti Kashkadari» telegram-kanali ma’lumotiga ko‘ra, videodagi ayol — qizning o‘gay onasi hisoblanadi. 2018 yilda qizning onasi YTH oqibatida halok bo‘lgan, shundan keyin ota yana uylangan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati Koson tumanida sodir bo‘lgan holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Qiynash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berdi. 

«Hozirda bir nafar gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlandi. Tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid