O‘zbekiston | 19:28 / 21.12.2020
10824
1 daqiqa o‘qiladi

Rossiya elchisi: O‘zbekiston mehnat migrantlari uchun "Sputnik V" vaksinasiga buyurtma berdi

O‘zbekiston tomoni hozircha bu haqda ma'lumot bermagan.

Foto: Anton Vaganov/REUTERS

O‘zbekiston Rossiyaga ishlash uchun borishni rejalashtirgan mehnat migrantlarini emlash maqsadida 1 mln doza "Sputnik V" vaksinasiga buyurtma berdi, deb ma'lum qildi Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Vladimir Tyurdenev.

"Rossiyada ishlagani ketayotgan mehnat migrantlarini emlash uchun 1 million doza preparat yetkazib berish bo‘yicha kelishuv imzolandi", - dedi Tyurdenev.

Uning aytishicha, 2021 yilda Rossiyaning koronavirusga qarshi ikkinchi - "EpiVakKorona" vaksinasini sotib olish bo‘yicha kelishuv imzolanishi rejalashtirilgan.

Elchining gaplarini hozircha O‘zbekiston tomonida hech kim tasdiqlamadi.

4 dekabr kuni Rossiya Federatsiyasining sanoat va savdo vaziri Denis Manturovning shaxsan o‘zi koronavirusga qarshi «Sputnik V» vaksinasini Toshkentga olib kelgandi.

Ma'lumot uchun, Rossiyada avgust oyida «Sputnik V» vositasi koronavirusga qarshi vaksina sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Mavzuga oid