O‘zbekiston | 12:54 / 25.01.2021
23290
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda qulagan binoning qolgan qismi ham buzib tashlanmoqda

Jizzax shahrida qulagan 6 qavatli binoning qolgan qismi buzib tashlanmoqda. Bu haqda Qurilish vazirligi xabar berdi.

“Jizzaxda qulagan 6 qavatli binoning qolgan qismi ham talabga javob bermasligi hamda yaqin orada qulab, odamlar sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkinligi inobatga olinib, hozirda atrofi tuproq bilan to‘ldirilgan holda tadbirkorning o‘z hisobidan buzib tashlanmoqda”, - deyiladi ma'lumotda.

Joriy yilning 10 yanvar kuni soat 17:10da Jizzax shahridagi «Zilol» mahallasi Mustaqillik ko‘chasida yangidan qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan biri kutilmaganda, hech bir tabiiy ofat ta'sirisiz qulab tushdi.

Rasmiy ma'lumotga ko‘ra, jabrlanganlar va halok bo‘lganlar yo‘q. Foydalanishga topshirilmagan bino 6 qavatli bo‘lib, xususiy tadbirkor tomonidan ustki 4 qavati turar joy, dastlabki 2 qavati noturar joy sifatida qurilayotgan bo‘lgan.

Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi bilan bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarligida hukumat komissiyasi tuzildi.

Komissiya zimmasiga 6 qavatli uyning qulab tushish sabablari, bunga omil bo‘lgan holatlar, loyiha hamda pudratchi tashkilot tomonidan uyning barpo etilishi davrida shaharsozlik norma va qoidalariga rioya etilgani, shuningdek, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha amaldagi normativ-me'yoriy huquqiy hujjatlarni o‘rganib chiqib, taklif kiritish vazifasi yuklatilgan.

Jizzax viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Mavzuga oid