O‘zbekiston | 17:03 / 11.09.2024
6510
6 daqiqa o‘qiladi

Boysundagi kondan chiqayotgan gaz yaqin kunlarda jilovlanadi - FVV

M25 konidagi texnogen ofat sabab ommaviy zaharlanish kuzatilmayapti, faqat ayrim holatlarda odamlar yengil zaharlanmoqda, deya ma’lum qildi Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakili. U konni jilovlash ishlari yaqin kunlarda amalga oshirilishini aytdi.

Samandar Hikmatullayev / Foto: AOKA

Favqulodda vaziyatlar vazirligi 11 sentabr kuni kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazdi. Unda mas’ullardan Boysundagi gaz konida yuzaga kelgan holat va aholining zaharlanishi haqida ham so‘raldi.

“Boysundagi gaz konida vodorod sulfid zaharli gazi chiqishidan keyin, o‘sha joyga energetika vaziridan tortib hokimlarga bo‘lgan rasmiylar bordi. Vazirlik ortiqcha vahimaga o‘rin yo‘q degandi, lekin aholi qiynalayotgani haqida juda ko‘p murojaatlar kelib tushyapti. Vazirlik sifatida vaziyatni qanday baholaysizlar, aholi salomatligini himoya qilish uchun qanday tavsiyalar berasizlar?” – deya so‘radi Gazeta.uz muxbiri.

Savolga vazirlik matbuot kotibining o‘rinbosari Samandar Hikmatullayev javob berdi.

“Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar va OAVda mana shu Boysun masalasida juda ko‘p ma’lumotlar tarqatilyapti. Keling, birinchi bo‘lib geolog sifatida ma’lumot berib o‘taman. Respublikamizning ko‘proq tekislik va tog‘ oldi hududlarida gaz konlari bor. Neft-gaz konlari asosan ikkita qatlamning orasida bo‘ladi, bu qatlamlar gazni o‘tkazmagani uchun shu joylarda gazlar saqlanib qolgan. Bu joylarda nafaqat metan gazi, har xil turdagi gazlar saqlanadi. Burg‘ilash jarayonida, juda ko‘p hollarda yuqori bosimga ega qatlamni yorib tushgan paytda, mana shu joyda bosim bilan gaz chiqishni boshlaydi. Hattoki dunyo tajribasida ham, o‘zimizda ham jarayon juda katta yong‘inlar yoki portlashlar bilan kechgan holatlar bo‘lib turadi.

Qatlam yorib otilganidan keyin bu yerda (M25 koni nazarda tutilmoyda – tahr.) yuqori bosimga ega gaz chiqa boshladi. Bu joyda metandan tashqari yondosh gazlar, xususan oltingugurt gazi ham bor. Gazni qayta ishlaydigan korxonalarda shu kabi gazlarni ajratib olish va tabiatga chiqishining oldini olish imkoni bo‘ladi. Bu kon esa endi o‘zlashtirilyapti.

1 sentabr kuni gaz chiqa boshlagan bo‘lsa, mas’ul tashkilotlar bilan atrofdagi bir nechta qishloqlar evakuatsiya qilindi, aholi bu joylardan ko‘chirildi. Shamol yo‘nalishi qaysi tarafga esayotgan bo‘lsa, bu gaz ham o‘sha yoqqa qarab esib boradi. Bu tog‘ oldi hudud bo‘lgani uchun har xil tomondan shamol esadi.

Hozirda o‘sha gaz chiqayotgan burg‘ulash qurilmalarining yaqinidan qo‘shimcha shtolnya qazilib, gaz chiqarib qo‘yilgan va bu yomon gaz bo‘lgani uchun aholi va hududlarga ta’sirini kamaytirish maqsadida yondirib qo‘yilgan. Ya’ni keraksiz gazlar yoqib yuborilyapti. Bu tajriba butun dunyoda ham bor.

Hozirgi kunda yuqori bosimda chiqayotgan gazni jilovlash, siqib olish bo‘yicha hukumat komissiyasi tashkil qilingan, ishlar amalga oshirilyapti. Asosiy ishni bajaruvchi tashkilot – “O‘zbekenergo”. Ular bilan hamkorlikda shtab tashkil qilingan, u yerda hukumat komissiyasi bor. Respublika rahbariyati o‘sha kunning o‘zidayoq topshiriqlar qo‘ygan, aholiga xavflarning oldini olish bo‘yicha bir qator kechiktirib bo‘lmaydigan tadbirlar amalga oshirilyapti.

Lekin, uyidan yoki chorva mollaridan xavotir olib, evakuatsiya qilingan joyga qaytib kelayotgan aholi vakillari ham bor. Bugungi kunda ommaviy zaharlanishlar yo‘q. To‘g‘ri, ijtimoiy tarmoqlardan ham ko‘ryapmiz yoki o‘zimizdagi ma’lumotlar bo‘yicha, uy-joyini, mol-holini ko‘rgani kelgan aholida ayrim hollarda zaharlanish hollari bor. Bu – yengil zaharlanish. Shifokorga murojaat qilganidan so‘ng, yordamni olib, qisqa vaqt ichida chiqqan holatlar bor. 2-3 kun oldin bo‘lgan ayollar [zaharlangani] holatida, ular qisqa vaqtda shifoxonaga borishgan va zaruriy yordam ko‘rsatilgan, ular bugungi kunda ishni davom ettirishyapti. Demak, bunday holatlar ham bor.

Hozirda xorijiy tajriba ham o‘rganilyapti. Yaqin kunlarda konni jilovlash ishlari amalga oshiriladi”, – dedi Samandar Hikmatullayev.

FVV vakili “qancha vaqtda gaz chiqishi to‘xtatiladi, odamlar kutyapti” degan aniqlashtiruvchi savolga yana “qisqa kunlar ichida” deb javob berdi.

“Asosiy ishimiz – profilaktik tadbirlarni amalga oshirib, aholini o‘sha joylarga borishining oldini olishimiz kerak. Hukumat komissiyasi ishlayapti, xalqaro tajriba o‘rganilgan. Qisqa vaqt deb aytamiz-ku, lekin aniq vaqti, necha kun ichida jilovlab olish... Chunki u yerda judayam yuqori bosim bor, katta bosimda chiqyapti. Bu bo‘yicha ishlar amalga oshirilyapti. Qisqa kunlar ichida oldi olinadi”, – dedi vazirlik matbuot xizmati rahbarining o‘rinbosari.

Mavzuga oid