O‘zbekiston | 10:48 / 07.08.2020
130224
2 daqiqa o‘qiladi

«Endilikda karantin choralari bosqichma-bosqich bekor qilinadi» - Senat raisi

Bugun, 7 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.

Foto: Senat matbuot xizmati

Senat yalpi majlisining rasmiy qismiga o‘tishdan oldin Musa Tajyetdinovich Yerniyazovning va shu kasallikdan vafot etgan boshqa yurtdoshlarimiz xotirasiga bir daqiqalik sukut e'lon qilindi.

Yalpi majlisni ochib berar ekan, Senat raisi Tanzila Norboyeva koronavirus pandemiyasiga oid fikrlarni bildirib o‘tdi.

«Bugun dunyo xalqlari og‘ir davrni boshdan kechirmoqda. Hech qaysi davlat hatto qudratli mamlakatlar ham bunday vaziyatga tayyor emas edi. Koronavirus pandemiyasi insonlar, sohalar, tizimlar uchun jiddiy sinov bo‘lmoqda.

Umuman, bugun mamlakatimiz uchun nostandart ish jarayonlarini, xalqimiz uchun ham nostandart hayot tarzini boshdan kechirishga to‘g‘ri kelmoqda. Bizning haqiqiy chidam, sinovdan o‘tishimiz jarayonlarida bir narsaga hammamizning ishonchimiz komil bo‘lib boryapti, ya'ni O‘zbekistonda mustahkam ishonchli iqtisodiy-siyosiy ijtimoiy zamin yaratilgan bo‘lib, u eng og‘ir vaziyatlardan katta talafotlarsiz chiqishga yordam bermoqda», dedi Tanzila Norboyeva.

Senat raisi o‘z nutqini davom ettirar ekan, pandemiya barham topishi, karantin choralari bosqichma-bosqich bekor qilinishi haqida gapirdi.

«Hozirgi qiyinchiliklar albatta o‘tadi. Pandemiya ham barham topadi. Biroq kelgusida bu kabi qiyinchiliklar bo‘lmaydi deb hech kim kafolat bera olmaydi. Shunday ekan, barcha sohalardagi tartib-taomillarni mana shunday sharoitlarga moslashtirishimiz zarur deb hisoblaymiz.

Endilikda karantin choralari bosqichma-bosqich bekor qilinadi. Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risidagi keng targ‘ibot ishlarini kuchaytirishimiz, kasallikka chalinganlarni ishlab chiqilgan protokollar asosida davolash bilan birga normal hayotga qaytarishimiz, ya'ni iqtisodiyotimizni rivojlantirishimiz zarur. Bunda ayniqsa qonunlarimizni takomillashtirish birinchi galdagi vazifalarimizdan biri bo‘lib hisoblanadi», dedi Norboyeva.

Mavzuga oid