O‘zbekiston | 20:17 / 20.10.2022
76045
9 daqiqa o‘qiladi

Kelajak Toshkenti qanday bo‘ladi? Endi “snos”lar unutilib, mahallalar, uylar saqlab qolinadimi?

18 oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi. Prezidentga taqdim qilingan “Hayot laboratoriyasi” nomini olgan loyiha ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otgani barobarida turli savollarni ham keltirib chiqardi. Yangi Toshkent uchun nega aynan shimoliy hududlar tanlab olingan? Endi Toshkentda qurilishlar, “snos”lar bo‘lmaydimi? Mahallalar taqdiri nima bo‘ladi? Umuman, kelajak Toshkenti qanday bo‘ladi? Kun.uz ushbu savollarga javob olish maqsadida “Toshkentboshplanliti” DUKda bo‘lib, bu borada mas’ullardan izoh oldi.

“Hayot laboratoriyasi” Foto: Kun.uz

Yangi Toshkent uchun nega aynan Chirchiq va Qorasuv daryolari o‘rtasidagi hudud tanlandi?

U joylar – prezidentimiz tanlagan joy. Yangi Toshkent poytaxtning shimoliy qismida joylashgan. Shimoliy qismdagi Qibray va Chirchiq tumanlari ancha rivojlanib ketgan. Ham manzarali, ham bahavo. G‘arbiy qism esa chegaramizda (tahr. Qozog‘iston Respublikasi chegarasi nazarda tutilmoqda). Janubiy-g‘arbiy qismi esa boshqa viloyatlarga bog‘lanadigan yo‘l”, - deya savolga izoh berdi “Toshkentboshplanliti” DUK, shaharsozlik va ilmiy loyihalar bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Saidazim Sharipov.

“Toshkentboshplanliti” DUK, shaharsozlik va ilmiy loyihalar bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Saidazim Sharipov Foto: Kun.uz

Mas’ul aynan kelajakda quriladigan ushbu manzarali qismdagi 20 ming gektar maydonda “Yashil koridor” tashkil qilinishi va bu hudud Yangi Toshkentning ma’muriy markazi bo‘lishiga urg‘u berdi. Uning keltirishicha, bu ma’muriy markazda madaniy va texnologik markazlar, universitetlar, ekspolar barpo etilib, dunyo miqyosida o‘tkaziladigan har xil tadbirlar uchun sharoitlar yaratiladi. Hozirda qurilishi boshlangan Olimpiya shaharchasi bunga misol qilib keltirildi.

“Ma’muriy markaz” Foto: Kun.uz

Shahar rivojlanishda davom etib, shu tarzda kengayib boradi. Biz bu hududlarni shaharning davomi emas, Yangi Toshkent deb atayapmiz”, - dedi Saidazim Sharipov.

Mas’ulga ko‘ra, hozirgi poytaxt va Yangi Toshkentni bir biri bilan bog‘lashda asosiy 3ta o‘q yo‘nalishlari belgilab olingan. Ya’ni bular tarixiy o‘q, turistik o‘q va texnologik o‘qlar bo‘lib, ular o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisoslashgan yo‘nalishlar bo‘lib xizmat qiladi.

“Hayot laboratoriyasi” Foto: Kun.uz

Endi Toshkent shahrida qurilishlar to‘xtatiladimi?

O‘zi umuman har qaysi shaharni ko‘radigan bo‘lsangiz, shaharlar yangilanib boradi. Eng tarixiy degan shahringiz ham yangi texnologiyalar asosida zamon talabiga ko‘ra o‘zgarib boraveradi. Chunki yangi texnologiyalar chiqadi. Yangi imkoniyatlar ochiladi va insonlar ehtiyoji ham zamonga qarab o‘zgaradi. Shaharda qurilish bo‘lmaydi degani bu –  u shaharni qulflab, chiqib ketsagina qurilish bo‘lmaydi. Busiz iloji yo‘q. Shahardagi asosiy qurilishlar yangi shaharga ko‘chadi”, - deydi Saidazim Sharipov.

Uning ta’kidlashicha, Yangi Toshkentni qilishdan oldin Toshkent shahri o‘rganib chiqilgan.

Muammolarimiz – ekologiya, dunyodagi iqlim o‘zgarishlari, chang, bo‘ron, to‘fonlarning ko‘payishi – bu shahar tashqarisidan kirib kelyapti. Shahardan tashqariga chiqib ketmayapti. Ya’ni bu shaharning o‘zining ko‘payib ketgan muammosi emas. Faqatgina bir faktor qo‘shilyapti, ya’ni qurilishlarning ko‘payishi, daraxtlarning kesilishi natijasida chang bo‘ronlar shahar ichida kuchliroq his qilinyapti”, - dedi mas’ul.

“Hayot laboratoriyasi” Foto: Kun.uz
“Hayot laboratoriyasi” Foto: Kun.uz

Eski mahallalarning taqdiri nima bo‘ladi?

Bu savolga Saidazim Sharipov:

—   Tarixiy mahallalar haqida juda ko‘p savollar bo‘ldi. Poytaxtning Eski shahar hududini borib o‘rganganimizda 50 foiz aholi “Menga kvartira bersin, chiqib ketaman. Menda propiskada shuncha odam turadi”, deyishadi. Propiskasini ko‘rsangiz, ro‘yxat bo‘yicha 10-15 ta odam turadi va ular uylarining “snos”ga tushishini kutyapti. Uylarini buzishsa-da, har biriga uy berishsa. Qolgan yarim aholi esa ota-bobolari shu hududda tug‘ilib o‘sgani uchun uylari buzilishini istamaydi. Shuning uchun Eski shahar hududidagi bahslarni shunday belgiladik: mayli, xohlagan odam investorga uyini sotsin. Faqat investorga talab qo‘yiladi, ya’ni u Eski shahar muhitini buzmasligi lozim. Mana shu shart asosida investor xohlagan turdagi binosini qursin, - deya javob berdi.

“Hayot laboratoriyasi” Foto: Kun.uz

Boshqa mahallalar “snos”ga tushmaydimi?

Ushbu savolga mas’ul hozirda “snos”ga tushgan mahalla tushunchasi yo‘qligini, buni bozor iqtisodiyoti belgilab berishini, agar uy egasi istamasa, o‘z uyini investorga sotmasligi mumkinligini ma’lum qildi. Shuningdek, u “snos” mojarolari ko‘paymasligi uchun quyidagi yechimlar taklif etilganini ma’lum qildi:

Biz taqdimotda yo‘llarni kengaytirishni ko‘rsatmadik. Chunki yo‘llarni kengaytirish bu – “snos” degani. Buning o‘rniga avtomobillardan foydalanishni kamaytirib, jamoat  transportidan foydalanish qulayliklarini yaratib bersak, odamlar shu hozirgi ko‘chadan ham foydalanaveradi. Muammo kamayadi. Biz aytyapmizki, jamoat transportini rivojlantiraylik, “snos”lar kamaysin. Shunga ketadigan pul infratuzilmani rivojlantirishga ishlatilsin. Yo‘lni kengaytirishga ehtiyoj yo‘q. Biz shunday loyiha qilyapmizki, davlat ham, fuqarolar ham yutsin”, - dedi u.

Ammo mas’ul Yangi Toshkent va Toshkentni bog‘lovchi yo‘llar qurilishi baribir birmuncha “snos”larga sabab bo‘lishi mumkinligini ham inkor etmaydi. Faqat bunda kompensatsiya kafolati borligini eslatib o‘tdi.

Toshkent kelajakda qanday shahar bo‘ladi?

 “O‘tgan 4 oydan beri ushbu “Hayot laboratoriyasi” ustida ishlayapmiz. Biz bu loyihani 18 oktabr kuni O‘zbekiston prezidentiga taqdim qildik va loyihamiz hurmatli davlat rahbariga ma’qul bo‘ldi. Shuningdek, ular o‘zlarining takliflarini ham berib, “Toshkent 2045 yilda qanday shahar bo‘ladi? Uning kelajakdagi nufuzi qanday? Turkiya tajribasini bu yerlarda qanday qilib joriy qila olamiz?” degan savollarni ham o‘rtaga qo‘ydi”, - deydi Yangi Toshkent loyihachilaridan biri Farrux Go‘ksu.

Farrux Go‘ksu Foto: Kun.uz

Uning ma’lum qilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Toshkent shahri atrofida 130 km uzunlikdagi daraxtzor va barcha infratuzilmalarga ega yashil belbog‘li yo‘l tashkil qilish masalalari ham o‘rtaga qo‘yilgan. Shuningdek, O‘zbekistonning boshidan oxirigacha bo‘lgan hududlarida joriy qilinishi mumkin bo‘lgan “Yashil yo‘l” loyihasi taqdimoti ham prezidentga ma’qul bo‘lgan.

O‘z tajribalari va loyihani amalga oshirishdagi qiyinchiliklarga to‘xtalarkan:

Men shu kungacha ko‘p davlatlarda – Angliya, Yevropa davlatlarida ishladim. O‘zbekistondan oldin Kobul shahrida ham mehmonxona qurayotgandik. Ma’lum sabablarga ko‘ra, ishimizni oxiriga yetkazolmay qoldik. O‘zbekistondagi kelajak loyihalarini amalga oshirish uchun turli hujjatlar, ma’lumotlar, eski xaritalar kerak bo‘ladi. Hamda barcha hokimliklar, tegishli vazirliklar bir yoqadan bosh chiqarib birgalikda ishlashlari lozim”, - deydi Farrux Go‘ksu.

“Hayot laboratoriyasi” Foto: Kun.uz

Shu bilan birga tezlik bilan rivojlanayotgan Toshkentning mukammal bir shahar bo‘lishi uchun poytaxt hududidagi barcha manzillar haqida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ma’lumotlarni o‘zida mujassam etgan “Temir kitob” yaratish bo‘yicha ishlar ham olib borilayotgani ma’lum qilindi.

Mavzuga oid