Shavkat Mirziyoyev Olimpiya shaharchasi va Parkentda turizmni rivojlantirish loyihalari bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 oktabr kuni qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ulardan birinchisi Olimpiya shaharchasi haqida bo‘ldi. Bu majmua 2025 yilda Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlarini o‘tkazishga mo‘ljallangan. Xalqaro sport federatsiyalari talablariga javob beradigan olimpiya stadioni, yopiq va ochiq majmualar, suv sporti va eshkak eshish havzalari, mashg‘ulot joylari qurilishi loyihalashtirilgan.
Taqdimotda mazkur yirik loyihaning tashkiliy-moliyaviy jihatlari ko‘rib chiqildi. Mutasaddilar bu borada xorijiy kompaniyalarning takliflari, qurilish materiallari va sport jihozlarini yetkazib berish jadvallari haqida axborot berdi. Davlat rahbari Olimpiya shaharchasini qurish bilan birga keyinchalik undan samarali foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.
– Avvalo, ishlarni aniq rejali qilib, majmuani sifatli qurish, Osiyo o‘yinlarini yuqori saviyada o‘tkazish kerak. Yana bir muhim masala – keyinchalik bu shaharchadan qanday foydalanish. Shuning uchun musobaqadan so‘ng, bu yerni ham murabbiylar, ham sportchilarni tayyorlaydigan muassasaga aylantirish zarur. Ma’muriy binolarda Sportni rivojlantirish vazirligi va federatsiyalarni ham joylashtirish mumkin. Shunda bu yerda yaxlit sport muhiti bo‘ladi. Yoshlarimiz uchun sport inshootlari qurish bilan birga metodikani ham rivojlantirib borish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Taqdimotda Parkent tumanida turizmni rivojlantirish loyihasi ham namoyish qilindi.
Bu haqda shu yil 22 sentabr kuni xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi sessiyasida aytilgan edi. Prezident viloyatda turizm imkoniyatlari juda yuqoriligini ta’kidlab, tumanlarda bundan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.
Shunga muvofiq, Zangiota, Chinoz, Ohangaron, Angren, Parkent va Bo‘stonliq tumanlarini bog‘laydigan “Toshkent viloyati oltin halqasi” tashkil etilmoqda.
Parkentdagi turizm hududiga olib boruvchi yo‘llar yaxshilanib, elektr energiyasi, ichimlik suvi tarmoqlari quvvati oshiriladi. Qarovsiz adirliklarga suv chiqarilib, soya-salqin maskanlar ko‘paytiriladi. Infratuzilma davlat tomonidan barpo etilib, turizm uchun istiqbolli hududlar auksionga qo‘yiladi.
Davlat rahbari bu ham iqtisodiy, ham ijtimoiy loyiha ekanini ta’kidlab, infratuzilmani qurish ishlarini tizimli olib borish uchun boshqaruv kompaniyasi tuzish taklifini bildirdi.
Taqdimotda Surxondaryo viloyatidagi Hakim at-Termiziy maqbarasida ziyoratchilar uchun sharoitlarni kengaytirish rejalari ham ko‘rib chiqildi.
Mavzuga oid
16:05 / 26.12.2024
Budjet hisobidan qurilayotgan obektlarga 30 foiz miqdorida avans ajratiladi
17:38 / 25.12.2024
Mirziyoyev MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi
15:59 / 25.12.2024
Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon samolyoti halokati yuzasidan hamdardlik bildirdi
00:30 / 25.12.2024