O‘zbekiston | 12:48 / 02.12.2025
5688
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Jizzaxda yangi yo‘l o‘tkazgich va AES loyihalari bilan tanishdi

2 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatiga tashrif buyurib, viloyat markazini M-39 xalqaro avtomobil yo‘li bilan bog‘lovchi yangi yo‘l o‘tkazgich va avtomobil yo‘li qurilishi, atom elektr stansiyasi hamda shaharni rivojlantirish bo‘yicha renovatsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari tashrifini zamonaviy yo‘l infratuzilmasini barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishdan boshladi. Viloyat markazini M-39 xalqaro avtomobil yo‘liga bog‘lash maqsadida qariyb 290 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 700 metrlik yo‘l o‘tkazgich va 4 kilometrlik yangi avtomobil yo‘li qurildi.

Yangi yo‘l har kuni 14 mingdan ortiq transport vositasini o‘tkazish imkoniyatiga ega. Ilgari aholi shaharga kirish-chiqish uchun 25 kilometrlik aylanma yo‘ldan foydalanishga majbur bo‘lgan bo‘lsa, yangi inshoot tufayli bu masofa 4 kilometrgacha qisqardi, eski yo‘ldagi tirbandliklar bartaraf etildi.

Metall konstruksiyalar asosida barpo etilgan o‘tkazgichning xizmat muddati 100 yil deb baholanmoqda. Bu an’anaviy temir-beton o‘tkazgichlarga nisbatan ikki barobar uzoq muddatdir. Shuningdek, endilikda poyezdlar o‘tganda avtomobil harakati to‘xtab qolmaydi, tez tibbiy yordam, o‘t o‘chirish va boshqa maxsus xizmatlar harakati yengillashadi.

Tashrif doirasida prezidentga Jizzax viloyatida qurilayotgan integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi loyihasi taqdim etildi. Ikkita kam quvvatli va ikkita katta reaktordan iborat AES uchun kotlovan qazish, qurilish-montaj bazasini tayyorlash, qurilish materiallarini mahalliylashtirish hamda soha uchun kadrlar tayyorlash rejalari haqida axborot berildi.

Shuningdek, AESdan 16 kilometr uzoqlikda 10 ming kishiga mo‘ljallangan monoshaharcha qurish, unda zarur infratuzilma va ijtimoiy obektlar barpo etish loyihasi muhokama qilindi.

Prezident Jizzax shahriga kirish qismini zamonaviy qiyofaga keltirish, eski uy-joylar o‘rnida qulay turar-joylar barpo etish, IT-markaz, hunarmandchilik markazi tashkil etish va gavjum ko‘chalarni tartibga keltirish bo‘yicha master-reja taqdimoti bilan ham tanishdi.

– Jizzaxga kelishimizdan maqsad – viloyatning yangi o‘sish nuqtalarini aniqlash va ro‘yobga chiqarish. Bugungi Jizzax – kechagi Jizzax emas. Shu imkoniyatlarni aholi farovonligiga xizmat qiladigan aniq loyihalarga aylantirishimiz kerak, – dedi prezident.

Taqdimotlar yakunida mutasaddilarga aniq vazifa va topshiriqlar berildi.

Mavzuga oid