O‘zbekiston | 22:00 / 02.03.2020
9152
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi vazirlikning uchta viloyatdagi boshqarmasi IIO vakillariga topshirilganiga izoh berildi

Rahmat Mamatovning tushuntirishicha, bu tayinlovlar viloyatlarning hududiy joylashuvi bilan bog‘liq.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

O‘zbekistonda yangi tuzilgan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining Samarqand, Navoiy va Toshkent viloyatlari boshqarmalariga ichki ishlar tizimi xodimlari rahbar etib tayinlandi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatovning tushuntirishicha, bu tayinlovlar viloyatlarning joylashuvi bilan bog‘liq.

«Birinchidan, bu uchta viloyatda boshqarma boshlig‘i hokim o‘rinbosari, ichki ishlar tizimidan qo‘yildi. Bular – chegara hududlari. Xavfsizlik har bitta fuqaro uchun eng muhimi.

Chegara hududiga qamash yoki qattiqqo‘lik yuzasidan emas, profilaktika uchun harbiy soha vakillari qo‘yildi. 2000ga yaqin mahalla chegara hududida joylashgan. Bu notinchik borligi uchun emas. Fuqarolar chegarani buzmasligi uchun ham shu yo‘l tanlandi», dedi Rahmat Mamatov.

«Formalilar» mahallaning ishiga aralashadi degani emas. Ular mahallalarga o‘z faoliyatini amalga oshirishda vazirlikning nomidan ko‘maklashadi, huquqiy yordam ko‘rsatadi», deya qo‘shimcha qildi vazir.

Ma'lumot uchun, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining hududiy tuzilmalari rahbari bir vaqtning o‘zida viloyat hokimi o‘rinbosari ham hisoblanadi.

Mavzuga oid