Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyalik ovchi Surxondaryoda Qizil kitobga kiritilgan morxo‘rlarni ovladi
Ijtimoiy tarmoqda O‘zbekistonda suratga olingan ov jarayoni videosi e’lon qilindi. Unda ovchi Konstantin Samsonov Surxondaryo viloyati hududida morxo‘rni otib o‘ldirgan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu ov 1 yil oldin uyushtirilgan.
Foto: Videodan kadr
Konstantin Samsonov va uning jamoasi “Samsonov Hunter” kanalida O‘zbekistonda uyushtirilgan ov videosini e’lon qildi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu video 1 yil oldin suratga olingan. Biroq ayrim sabablarga ko‘ra e’lon qilinganidan 3 kun o‘tib o‘chirilgan. Bu safar u qayta e’lon qilingan.
Filmdan ko‘rinishicha, ovchi va tasvirga olish guruhi Surxondaryo viloyati hududida, tog‘li manzilda bo‘lishgan. Ovchi 2 bosh morxo‘r (tog‘ echkisi) hamda bitta bo‘rini ovlagan. Morxo‘rlardan biriga ikki bor o‘q uzilgan, ikkinchisi bitta o‘q tekkandayoq yiqilgan. So‘ngra ovchi qorli tog‘da yugurib ketayotgan bo‘riga qarata o‘q uzgan.
Kun.uz holat yuzasidan Ekologiya vazirligiga so‘rov yubordi.

Bu rossiyalik ovchilarning O‘zbekistonda Qizil kitobga kiritiligan jonivorlarni ovlashi bilan bog‘liq ilk holat emas. 2021 yil Rossiya fuqarosi Ye.P.Shirokov Bo‘stonliq tumanida 1 dona qo‘ng‘ir ayiqni otib, u bilan vahshiylarcha suratga tushgandi. O‘shanda unga 2 dona Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘ini otishga ruxsatnoma berilgan. Jamoatchilikning keskin e’tirozidan so‘ng ovchidan ikkinchi qo‘ng‘ir ayiqni ovlashga berilgan ruxsatnoma qaytarib olingan edi.
2023 yilda esa rossiyalik ovchi Sergey Mazurkevich ham O‘zbekistonda ov uyushtirib, uning videosini e’lon qilgandi. U Surxondaryo viloyati hududida morxo‘r va arxarni otib o‘ldirgan. O‘shanda Ekologiya vazirligi vakili ovchi morxo‘r va arxarni qonuniy tarzda ovlaganini bildirgandi.
Qizil kitobga kiritilgan jonivorlarni ovlash uchun ruxsatnoma qonunchilikda ko‘rsatilgan to‘lovni amalga oshirgandan keyin beriladi. Chet ellik jismoniy va yuridik shaxslar bir bosh morxo‘rni ovlash uchun 25 ming dollar to‘lashi kerak bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, morxo‘r burama shoxli taka bo‘lib, O‘zbekiston Qizil kitobiga hamda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining ro‘yxatiga kiritilgan, yo‘qolib ketish arafasida turgan, lokal tarqalgan kenja tur hisoblanadi. Dengiz sathidan 1500-2500 metr balandlikdagi tog‘larning toshloq joylarida yashaydi. 1950-1970 yillarda morxo‘rlar soni keskin kamaygan. Ekologiya vazirligining 1 yil oldingi ma’lumotiga ko‘ra, “Surxon” davlat qo‘riqxonasida belgi qo‘yilgan morxo‘rlar soni 800 boshdan oshgan.
Mavzuga oid
13:13 / 30.12.2025
Farg‘ona vodiysi va Surxondaryoga tezyurar elektropoyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi
17:52 / 24.12.2025
Prezident Surxondaryoni investitsiya va aholi daromadi eng tez o‘sadigan hududga aylantirish vazifasini qo‘ydi
10:22 / 13.12.2025
Nohaq sudlangan surxondaryolik yolg‘iz onaning ishi qayta ko‘rib chiqiladi
10:20 / 12.12.2025