Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ilmiy daraja berishda qator talablar bekor qilinadi
O‘zbekistonda 2027 yil 1 yanvardan boshlab ilmiy daraja olish uchun chet tilidan imtihon topshirish talabi faqat mustaqil izlanuvchilarga taalluqli bo‘ladi. Dissertatsiya mavzularini OAKda ro‘yxatdan o‘tkazish, himoya to‘g‘risida e’lon berish, ilmiy ishni yetakchi tashkilotda muhokama qilish, amaliyotga joriy etilgani to‘g‘risida xulosa olish va boshqa qator tartiblar tugatiladi.
Foto: tuit.uz
O‘zbekistonda ilmiy daraja olishdagi bir qator byurokratik to‘siqlar bartaraf etiladi.
Prezident farmoniga asosan, 2027 yil 1 yanvardan boshlab ilmiy darajalar berishda quyidagi tartiblar bekor qilinadi:
- chet tili fanidan malakaviy imtihon topshirish, mustaqil izlanuvchilar bundan mustasno;
- Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan dissertatsiya mavzularini ro‘yxatdan o‘tkazish va dissertatsiya himoyasi to‘g‘risida e’lon berish;
- dissertatsiyani yetakchi tashkilotda muhokamadan o‘tkazish;
- ijtimoiy-gumanitar fanlar sohalari bo‘yicha fan doktori (DSc) ilmiy darajasi uchun tayyorlangan dissertatsiya natijalari yuzasidan monografiya e’lon qilish;
- dissertatsiya avtoreferatini chop etish;
- dissertatsiya ilmiy natijasi amaliyotga joriy etilganligi to‘g‘risida xulosa olish;
- Oliy attestatsiya komissiyasining fan tarmoqlari bo‘yicha ekspert kengashi tomonidan dissertatsiyani ilmiy ekspertizadan o‘tkazish;
- himoya qilingan dissertatsiya bo‘yicha ilmiy kengash qarorini Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tasdiqlash;
- ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyati uchun jalb qilingan chet ellik fuqaroning xorijda olgan ilmiy darajasi to‘g‘risidagi hujjatlarini nostrifikatsiya qilish. Bunda ilmiy daraja to‘g‘risidagi hujjat uning O‘zbekistondagi faoliyati davomida to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olinadi.
Mazkur farmon bilan, Oliy attestatsiya komissiyasi Fanlar akademiyasi tizimiga o‘tkazildi. 2026 yil 1 sentabrdan ayrim doktorantlarning stipendiyasi 1,7 barobarga oshiriladi.
Joriy haftada Oliy attestatsiya komissiyasini 10 yildan ko‘proq boshqargan Ahmadbek Yusupov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini kim egallashi hozircha ma’lum emas.
Yangi tartibga ko‘ra, OAK raisi Fanlar akademiyasi prezidenti tavsiyasi asosida, Prezident administratsiyasi bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Mavzuga oid
12:40 / 30.05.2026
Kichik biznesga keng ko‘lamli soliq erkinliklari e’lon qilindi (batafsil)
17:27 / 29.05.2026
Ayrim doktorantlarning stipendiyasi 1,7 barobarga oshiriladi
08:43 / 29.05.2026
Oliy attestatsiya komissiyasi Fanlar akademiyasi tizimiga o‘tkazildi
11:12 / 26.05.2026