Jahon | 09:09 / 31.03.2026
5178
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Eron bilan kelishuv bo‘lmasa, qattiq zarba beriladi

Agar yaqin vaqt ichida Eron bilan urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, AQSh Eronning barcha elektr stansiyalari, neft quduqlari va Xark orolini “portlatib, butunlay yo‘q qiladi”. Bu haqda Donald Tramp ma’lum qildi.

Foto: Christopher Furlong / Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlansa, Eronning asosiy energetika va neft infratuzilmasiga, jumladan Xark oroliga ham zarba berish bilan tahdid qildi.

“Agar qandaydir sababga ko‘ra yaqin orada kelishuvga erishilmasa — ehtimol, shunday bo‘ladi ham — va agar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi darhol ‘biznes uchun ochilmasa’, biz Erondagi ajoyib ‘ishtirokimiz’ni ularning biz atayin hali ‘tegmagan’ barcha elektr stansiyalari, neft quduqlari va Xark orolini (balki barcha tuzsizlantirish qurilmalarini ham!) portlatib, butunlay yo‘q qilish bilan yakunlaymiz”, — deb yozdi Tramp 30 mart, dushanba kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Uning ta’kidlashicha, AQSh Tehrondagi “yangi va aqlliroq rejim” bilan “jiddiy muzokaralar” olib bormoqda va allaqachon “sezilarli taraqqiyot”ga erishilgan. Bundan oldin Tramp jurnalistlarga Eron mojaroni to‘xtatish uchun Vashington tomonidan vositachilar orqali yetkazilgan talablarning aksariyatiga rozi bo‘lganini aytgan edi.

Shu bilan birga, 29 mart kuni AQSh prezidenti Financial Times gazetasiga bergan intervyusida Eron neft sanoati ustidan nazorat o‘rnatishni istashini bildirgan. Bunday qadam esa Eron neftining katta qismi eksport qilinadigan Xark orolini egallashni anglatadi.

“Balki, biz Xark orolini egallarmiz, balki yo‘q. Bizning imkoniyatlarimiz ko‘p”, — dedi Tramp. Orolning Eron tomonidan qanday himoya qilinayotgani haqidagi savolga esa u: “Ularda qandaydir mudofaa bor deb o‘ylamayman. Biz uni osonlik bilan egallashimiz mumkin”, — deb javob bergan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid