O‘zbekiston | 16:23 / 29.04.2024
28734
3 daqiqa o‘qiladi

“Sudga nisbatan ijtimoiy bosim paydo bo‘lmoqda” - Sudyalar oliy kengashi Botir Qodirov kiritgan da’vo ishi haqida

O‘zbekiston Sudyalar oliy kengashi xonanda Sherali Jo‘rayevning otalik faktini belgilashga oid da’vosi bo‘yicha davom etayotgan fuqarolik nizosida tomonlarni turli xil bayonotlar berishdan tiyilishga chaqirdi. Kengash, shuningdek, OAVni sud ishiga doir axborot tarqatishda mas’uliyatli bo‘lishga da’vat qildi.

Foto: Sudyalar oliy kengashi

Sudyalar oliy kengashining qayd etishicha, nizo taniqli shaxslar o‘rtasida kechayotgani, marhum va mashhur inson hayoti bilan bog‘liqligi bois voqealar rivoji keng jamoatchilik tomonidan katta e’tibor bilan kuzatayotgani, ayni jarayonda ish bo‘yicha taraflarning holatiga tushunish bilan munosabatda bo‘lish mumkin. Lekin nizo sudlashish darajasiga yetib, protsessual jarayonlar davom etayotgan bir paytda taraflar (yoki ularning vakillari) tomonidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

“Tarmoqlardagi muhokamalarda hali yakuniga yetmagan ish bo‘yicha turli bashoratlarga berilishlar, suddan avval “qaror chiqarib qo‘yish” holatlari mavjud, eng yomoni, nizo sudda xolis va beg‘araz ko‘rilishiga asossiz shubhalar ham bildirilmoqda. Bularning hammasi sudga nisbatan ijtimoiy bosim paydo qilayotganiga ta’kid shart emas.

Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati, mavjud vaziyatdan kelib chiqib, ish bo‘yicha taraflarni turli shakl va ko‘rinishda bayonot berishdan tiyilishga, jurnalist va blogerlarni esa shaxsga oid ma’lumotlar hamda sud ishiga doir axborotlarni tarqatishdek nozik va hassos masalaga mas’uliyat bilan yondoshishga chaqiradi”, – deyiladi bayonotda.

Ma’lumot uchun, xonanda Botir Qodirov otalikni belgilash da’vosi bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritgan. Marhum san’atkor Sherali Jo‘rayevning farzandlari Shohjahon va Zohirshoh Jo‘rayev sud ishida javobgar sifatida ishtirok etmoqda.

Xonanda Botir Qodirov OAVga intervyu berib, marhum san’atkor Sherali Jo‘rayev uning biologik otasi ekanini, buni isbotlovchi yetarlicha dalillari borligini aytdi. “Onamning sha’niga zid bo‘lgan gapni aytishgani uchun men ularni sudga berishga majbur bo‘ldim. Men ukalarimdan hech narsani istamayman, menga puli ham, merosi ham kerak emas”, – dedi u.

Botir Qodirov va Sherali Jo‘rayevning birinchi turmush o‘rtog‘i 28 aprel kuni Daryo.uz va Qalampir nashrlariga intervyu berib, unda Botir Qodirov Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li ekanini aytgan.

Mavzuga oid