Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BBC va “Mediazona” Rossiyaning 163 ming harbiysi halok bo‘lganini tasdiqladi
16 yanvar holatiga ko‘ra, ochiq manbalarga tayanilgan holda BBC rus xizmati va “Mediazona” nashri Rossiya armiyasi hamda boshqa kuch tuzilmalaridagi 6,3 mingdan ortiq ofitser halok bo‘lganini tasdiqladi.
2022 yil 24 fevraldan 2026 yil 13 yanvargacha Ukrainadagi urushda kamida 163 606 nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lgani tasdiqlandi. Bu juma kuni, 16 yanvarda BBC rus xizmati va “Mediazona” jurnalistlari volontyorlar jamoasi ishtirokida ochiq manbalardan olingan ma’lumotlar asosida e’lon qilgan yangilangan ro‘yxatdan kelib chiqadi.
Jamlanmada aytilishicha, Rossiya armiyasi va boshqa kuch tuzilmalarida 6,3 mingdan ortiq ofitserning (6 302 nafar ) halok bo‘lgani tasdiqlangan. 2024 yil sentabriga kelib, yo‘qotishlar soni bo‘yicha birinchi o‘ringa yana ko‘ngillilar chiqdi (53 976 nafar, 33 foiz) — bunda kumulyativ ta’sir o‘zini ko‘rsatgan (shunga o‘xshash tendensiya 2022 yil yoz boshidan kuz o‘rtalarigacha ham kuzatilgan edi). Shu vaqtga kelib qamoqxonalarda yollash sezilarli darajada kamaygan, RFda esa yangi safarbarlik e’lon qilinmagan.
Sezilarli yo‘qotishlar hali ham mahkumlar orasida qayd etilmoqda, ulardan keyin safarbar qilinganlar va motoo‘qchi qo‘shinlar turadi.
Halok bo‘lganlar ichida eng ko‘p son (15 997 nafar ) — 36–38 yoshdagilar hissasiga to‘g‘ri keladi, ulardan keyin 33–35 yoshdagilar (15 673 nafar ). 30–35 yoshdan keyin ko‘pincha odamlar urushga o‘z xohishi bilan ketadi, safarbarlik esa 25 yoshdan kattalar orasidan amalga oshiriladi.
Jurnalistlar va volontyorlar tuzgan ro‘yxat to‘liq emas: harbiylar halokati haqidagi barcha ma’lumot ham omma uchun ochiq emas.
Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabining 2025 yil 12 dekabrdagi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya armiyasining Ukrainaga keng ko‘lamli hujumining birinchi kunidan buyon taxminiy yo‘qotishlari 1 186 480 nafar (o‘lganlar va yaralanganlar)ni tashkil etadi.
O‘tgan haftada 2022 yil 24 fevralga o‘tar kechasi boshlangan RFning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi davomiyligi rekord qayd etdi. Yakshanba, 11 yanvar kuni Rossiyaning Putin buyrug‘i bilan boshlangan qurolli hujumning 1418-kuni bo‘ldi.
Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) 15 yanvar kuni RFning Ukraina energetikasiga yo‘naltirilgan zarbalarini “insoniyatga qarshi jinoyatlar” deb kvalifikatsiya qildi.
Isitish mavsumi boshlanganidan buyon Ukraina tomoni mamlakatning energetika obektlari va issiqlik ta’minoti tizimlariga qarshi RF tomonidan amalga oshirilgan 256 ta havo hujumini hujjatlashtirgan. UXX bayonotida qayd etilishicha, 2025 yil oktyabr oyi boshidan RF kuchlari “maqsadli tarzda Ukrainadagi 11 ta GES va 45 ta eng yirik IES”ga hujum qilgan.
Hujjatda aytilishicha, RF harbiylari, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalariga 49 ta aniq havo zarbasi, Ukraina turli hududlaridagi elektr podstansiyalariga esa 151 ta zarba bergan. The New York Times gazetasi 15 yanvar kuni poytaxtdagi bu qishdagi vaziyatni urush boshlanganidan beri “eng og‘ir” deb atadi.
Mavzuga oid
10:35
Rossiyada jazo o‘tayotgan 3 mingdan ortiq o‘zbekistonlik qaytarilishi mumkin
09:04
Rossiya benzin eksportini iyul oxirigacha to‘xtatdi
18:59 / 02.04.2026
Qirg‘izistonda Rossiya qiruvchi samolyotlarining mashg‘ulotlari to‘xtatildi
09:57 / 02.04.2026