O‘zbekiston | 13:37 / 30.01.2021
75093
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati hokimi ishdan olindi. Uning o‘rnini Jahongir Ortiqxo‘jayevning o‘rinbosari egalladi

Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov lavozimidan ozod etildi. O‘zbekiston prezidentining bu haqdagi farmoni e'lon qilindi.

Uning o‘rniga Toshkent shahar hokimining endilikda sobiq birinchi o‘rinbosari Davron Hidoyatov Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.

Bugun, 30 yanvar kuni, Toshkent viloyati xalq deputatlari Kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bosh vazir Abdulla Aripov ham qatnashgan. Yig‘ilish davomida viloyat hokimi Rustam Xolmatov ishdan olingan.

Rustam Xolmatov 2019 yil 4 iyundan Toshkent viloyati hokimi vazifasida ishlab kelayotgandi.

Davron Hidoyatov /Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Yig‘ilishda 2018 yildan buyon Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelgan Davron Hidoyatov Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Davron Hidoyatov (1976 yilda tug‘ilgan) — Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (1998 yil) va O‘zbekiston bank-moliya akademiyasi (2001) bitiruvchisi. 1996−2004 yillarda O‘zbekiston Markaziy banki tizimida, 2004−2005 yillarda «Osiyo-Invest Bank» (Moskva) boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan.

2009 yildan 2012 yilgacha GM Uzbekistan kompaniyasining moliya bo‘yicha ijrochi direktori, 2012 yildan 2014 yilgacha MAN Auto-Uzbekistan QK bosh direktori lavozimlarida xizmat qilgan.

2014 yildan Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi sifatida ishlagan Hidoyatov 2017 yilning aprelida lavozimdan olinib, Chilonzor tumani hokimligiga tushirilgandi. 2018 yil oktyabrida esa Toshkent shahri hokimiga arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosar bo‘lgandi.

Oldinroq Olmazor tumani hokimi Baxtiyor Rahmonov Hidoyatov o‘rniga Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari bo‘lgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid