O‘zbekiston | 16:44 / 26.07.2023
9426
1 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada mansabdorlar mingdan ortiq daraxtlarni kesib tashlagan – Bosh prokuratura

“Bag‘dodmaxsussuvpudrat” MChJ mansabdorlari va boshqalari Katta Andijon kanali qirg‘og‘idagi 1 ming 213 tup daraxtni kesib tashlagan. Bosh prokuratura va Ekologiya vazirligi o‘rganishlariga ko‘ra, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar 4,6 milliard so‘mga baholanmoqda.

Foto: Wikimedia

Bosh prokuratura va Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamkorligida Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishda moratoriy talablarini buzish holatlari aniqlangan. Xususan, joriy yil yanvar-fevral oyida “Bag‘dodmaxsussuvpudrat” MChJ mansabdor shaxslari va boshqalar Norin-Farg‘ona irrigatsiya tizimidagi Katta Andijon kanali qirg‘og‘ida o‘sib turgan 1 ming 213 tup daraxtni qasddan kesib tashlagan. Natijada o‘simlik dunyosiga 4,6 mlrd so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan.

Shuningdek, holat yuzasidan Farg‘ona viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda ichki ishlar organi tomonidan dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bosh prokuratura tomonidan mazkur jinoyat ishi tergovi ustidan nazorat o‘rnatilgan.

Mavzuga oid