O‘zbekiston | 15:30 / 27.04.2026
4732
9 daqiqa o‘qiladi

“Peshlavhani uch marta o‘zgartirishga to‘g‘ri keldi” - tadbirkorlar Toshkent dizayn-kodidan nega norozi?

Toshkentda yagona dizayn-kodni joriy etish yo‘lida peshlavhasini olib tashlamagan tadbirkorlarga elektr tarmog‘idan uzib qo‘yish bilan tahdid qilinyapti. Giotto asoschisi rasmiylarning talabi bilan restoran fasadini qayta-qayta o‘zgartirishga majbur bo‘lganini aytdi. Biznes-ombudsman dizayn-kod haqidagi qarorning ayrim bandlari qonunchilikka zidligi sabab, talablarni qayta ko‘rib chiqishni so‘radi.

Toshkentda peshlavhalarning majburiy oldirib tashlanishi, lekin to‘lov evaziga bo‘lsa-da qayta o‘rnatish imkoni bo‘lmayotgani va tovar belgilarini dizayn kodga moslashtirish talablari tadbirkorlar uchun boshog‘riqqa aylangan.

23 aprel kuni Savdo-sanoat palatasida shu masala yuzasidan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

“Havoga pul to‘layapmiz”

Evos restoranlar tarmog‘i vakili 80 dan ziyod savdo tarmoqlari borligi, ularning 65 tasiga reklama pasportlari olingani va 80 mln so‘m yig‘im to‘langanini ma’lum qildi.

“Har chorakda 80 mln so‘m to‘laymiz. Mendagi savol shundaki, biz nima sababdan bunaqa miqdordagi pul to‘laymiz? Havoga pul to‘layapmiz. Yig‘imni to‘lab reklama pasportini olganimizdan keyin ham peshlavhalar demontaj qilindi, chunki ular dizayn kod konsepsiyasiga to‘g‘ri kelmagan ekan. Har bir demontaj biznes uchun 20 mln so‘m xarajat degandi. Bu kompensatsiya qilib berilmadi”, – dedi u.

Bunga javoban SSP raisi Davron Vahobov Toshkent shahridagi 436 km 36 ta ko‘chadagi umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish tashqi fasadlari uchun reklama pulining 1 yilligini olmaslikni taklif qilishini bildirdi. “Chunki davlat o‘zi shahar chiroyli bo‘lishini xohlayapti”, – dedi u.

Avval qaymoqrang, keyin ko‘k, keyin kulrang...

Giotto restoranlar tarmog‘i asoschisi Kemal Kaya restoran peshtoqidagi tovar belgisini qayta-qayta o‘zgartirishga majbur bo‘lganini aytdi:

“Prezidentimizning Ts-1'ga tashrifi arafasida hokim menga bir iltimos bilan murojaat qildi. Siz mana shu rangni qilishni aytgansiz, biz qildik, muammo yo‘q. Biroq qo‘rqinchli narsa chiqdi. Avvaliga qaymoqrang bo‘lishi kerak, deyishgandi. Men pul to‘lab, alyukobond olib keldim. Bir kundan keyin kelib: nima keragi bor, o‘z brendiga ega Giotto ko‘kligicha qolaversin, deyishdi… Yana bir kundan keyin kelib: yo‘q, kulrang bo‘lishi kerak, deyishdi. Kechqurun kulrangga o‘zgartirdik… Juda xunuk narsa chiqdi”.

Kemal Kaya dizayn-kod mualliflarini tanqid qilib, bunday yondashuv O‘zbekiston imijiga zarar yetkazishini ta’kidladi:

“Siz butun Yevropa oldida mamlakatni sharmanda qilasiz […] Bunday loyihani normal mamlakatda qila olmaysiz, kechirasiz. Bu shunchaki o‘tmaydi […] Ayb hokimiyatda emas, loyihani ishlab chiqqan odamlarda… Siz O‘zbekistonni Shimoliy Koreyaga aylantirmoqchisiz”.

Elektr energiyasini o‘chirish bilan tahdidlar

Dym & Dream restorani direktori Mariya peshlavha sabab bosimga duch kelganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, 22 aprel kuni muassasaga “hokimiyatdan kelgan shaxs” tashrif buyurib, peshlavha maydoni 1 kv metrdan oshgani uchun uni reklama sifatida baholagan va olib tashlashni talab qilgan.

“Biz svetni o‘chirib qo‘ymasliklari uchun peshlavhani olib tashlashga majbur bo‘ldik. […] [Hokimiyatdan] kelgan odam o‘zini tanishtirmadi, hech qanday hujjat ko‘rsatmadi. Menejyer savol berganida, 10 daqiqa ichida hech kim kelmasa, ketishini aytgan. Telefon raqamini ham qoldirmagan, faqat svetni o‘chirish bilan tahdid qilgan. Biz ijaraga olgan bino egasiga esa Mirobod TETKdan qo‘ng‘iroq qilib, peshlavhani olib tashlamasa, elektr o‘chirilishini aytishgan”.

Eva Yeva kosmetika tarmog‘i asoschisi buzishlarni bugunning o‘zidayoq to‘xtatishni so‘radi.

“Har kuni har 10 minutda do‘konlardan xabar keladi: buzmoqchimiz, narvonni olib kel... Peshlavha qoidaga to‘g‘ri kelsa, pastdagi yozuv to‘g‘ri kelmaydi, deyishadi. Nega degan savolga javob yo‘q. Butun boshli brendlar bor, ularni o‘zgartirish to‘g‘ri emas. Agar hamma bir xil bo‘lsa, butun Toshkent bir xil oq-qora bo‘ladi. Korxonaning “brend book”i bormi, bo‘ldi, ko‘rib chiqish kerak”, – dedi tadbirkor.

Qonunchilikda bo‘shliq bor

Ochiq muloqotda Uzum Market'ning davlat organlari bilan ishlash bo‘yicha vakili ham elektr tarmog‘idan uzib qo‘yish bosimi borligini qayd etdi.

“Amaliyotda qanday bo‘ladi? Bu yerda xo‘p-xo‘p deb ketamiz, lekin Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi bo‘yicha hokimiyatdan chiqib, svetni o‘chiramiz deyapti. To‘lov qilasizlar, bo‘lmasa svetni o‘chiramiz, degan gaplar ham bo‘ldi”.

Uning ta’kidlashicha, konstruktiv dialog yetishmayapti va qarorlar hududlar kesimida muvofiqlashtirilmagan.

Marketpleys vakili tashqi yozuvlar bilan bog‘liq qonunchilikdagi bo‘shliqlarga ham e’tibor qaratdi:

“1 kvadrat metrdan oshiqroq istalgan tashqi ma’lumot beruvchi obekt ham reklama hisoblanyapti. Shu sababli oddiy dorixona yozuvi ham 1 kv metrdan oshsa, unga har oy to‘lov qilinishi kerak… Vaholanki, bu reklama emas, shunchaki nomni bildiradi”.

U peshlavha tushunchasini qonunchilikka alohida kiritish va uni reklama bilan tenglashtirmaslikni taklif qildi.

Palata: “Ko‘chalar bosqichma-bosqich tartibga keltiriladi”

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov mazkur jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirilishini bildirib, tadbirkorlarni sabr qilishga chaqirdi. Uning aytishicha, avvaliga 14 ta ko‘cha tartibga solinadi.

“14 ta ko‘chani shakllantirib olaylik-da. 9-11 kmda yig‘ilib, tadbirkorlarga seminar qilaylik. Qanaqa rangda bo‘ladi, kelishaylik. Masalan, Buyuk ipak yo‘lidagi KFC rangini oq qilib qo‘ya olmaymiz, butun dunyoda uning rangi qizil, o‘lchami 120 ga 290 sm. Sen 60 yo 70 sm qilib qo‘y deya olmaymiz. Avval 100 km masofani ko‘rib chiqaylik.

Tadbirkorlar yetkazilgan zararni qoplab berishni so‘rayapti. Uni bilmayman. Keyinchalik to‘lanadigan soliqdan minus qilamizmi, bilmaymiz”, – dedi Davron Vahobov.

Qarorning ayrim bandlari qonunchilikka zid

Biznes-ombudsman bayonotiga ko‘ra, dizayn-kodni joriy etish bo‘yicha shu yil fevralda qabul qilingan Toshkent shahar kengashi qarorining ayrim bandlari amaldagi qonunchilikka zid.

Xususan, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonun talablariga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatiga ta’sir etuvchi loyihalar Biznes-ombudsman bilan majburiy tartibda kelishilishi lozim. Biroq ushbu qaror Vakil bilan kelishilmasdan qabul qilingan.

Qarorda reklama vositalari uchun belgilangan “past to‘yingan” yoki “neytral” rang kabi tushunchalarning huquqiy mezoni ochib berilmagan. Bundan tashqari, ranglarni birxillashtirish talabi tadbirkorlarning intellektual mulk (ro‘yxatdan o‘tgan brend) huquqlariga zarar yetkazishi mumkin. Bir necha obektlarga ega bo‘lgan tarmoq tashkil etgan brendlarning manfaatlari inobatga olinmagan.

Bundan tashqari, Biznes-ombudsmanga ko‘ra, yangi talablarga moslashish uchun belgilangan 3 oylik muddat yetarli emas. Jarayonni tadbirkorlarga ortiqcha yuklama tug‘dirmagan holda, bosqichma-bosqich amalga oshirish tartibi nazarda tutilmagan.

Davlat rahbarining tadbirkorlar huquqlari bo‘yicha vakili xalq deputatlari Toshkent shahri kengashiga mazkur qarorning tadbirkorlik faoliyatiga daxldor qismlarini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan rasmiy xulosa kiritdi.

Мадина Очилова
Tayyorlagan Мадина Очилова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid