O‘zbekiston | 20:31 / 24.05.2023
24982
3 daqiqa o‘qiladi

«Rayyona Qutlug‘» ishi: 200 odamni 15 mlrdga “tushirgan" firibgarlardan biriga hukm o‘qildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida yuzlab fuqarolarni katta miqdordagi pullarga chuv tushirgan «Rayyona Qutlug‘» MChJ rahbarlaridan biriga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sudlanuvchi 9 yilga ozodlikdan mahrum qilinib, zararlarni qoplash bo‘yniga qo‘yildi. Uning jinoiy sheriklaridan biri chet elga qochib ketgan.

Foto: Toshkent shahar IIBB

22 may kuni chiqarilgan hukm bilan, ayblanuvchi JKning 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan, deb topildi va 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Ma’lum qilinishicha, sud hukmida jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar qoplanishi ham ko‘rsatilgan.

Toshkent shahar sudlari matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, firibgarlar tomonidan 2022 yilning 10 yanvar kuni tuzilgan MChJ Toshkentda taniqli blogerlari yordamida reklama qilinadi. Ular “aholining diniy e’tiqodga nisbatan bo‘lgan ishonchidan g‘arazli maqsadlari yo‘lida” foydalangan.

Masalan, 40 ish kun mobaynida turli rusumdagi mashinalarning boshlang‘ich 30-50%gacha to‘lov evaziga 2-5 yilgacha muddatda, yiliga 10% ustama haqqi bilan chiqarib berishni va’da qilishgan. Yoki Toshkent va shahar atrofida uy-joylarni boshlang‘ich 30 dan 50% gacha, muddati 2-10 yilgacha, yiliga 12-13% ustama haqqi bilan olib berishni va’da qilishgan.

Bunday jozibador va’dalar bilan 200 dan ortiq fuqarolardan 15 milliard so‘m miqdorida boshlang‘ich to‘lovlarni olgan MChJ rahbarlari hisob raqamiga tushgan pullarni naqdlashtirib, o‘z manfaatlari yo‘lida ishlatib yuborgan.

Tashkilot egalaridan biri chet elga qochib ketgan. Qolganlariga nisbatan ish alohida yurituvga ajratilgan bo‘lib, ulardan biri, yuqorida ta’kidlanganidek, 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Eslatib o‘tamiz, «Rayyona Qutlug‘» MChJ mansabdorlariga jinoyat ishi ochilgani haqida Toshkent shahar IIBB 2022 yil avgust oyida xabar qilgan edi.

Dastlab korxona mansabdorlari fuqarolar tomonidan boshlang‘ich to‘lov sifatida to‘langan 2 milliard so‘mdan ortiq miqdordagi pullarni noqonuniy ravishda o‘zlashtirib yuborgani ma’lum bo‘lgan.

Keyinroq, dastlabki tergov harakatlari davomida kompaniya mijozlar bilan 310 ta avtomobil, 52 ta uy olib berish bo‘yicha shartnoma tuzgani, shundan 42 ta transport vositasi, 7 ta uy egalariga topshirilgani ma’lum qilingan edi.

Mavzuga oid