Jamiyat | 15:55 / 19.06.2020
26684
2 daqiqa o‘qiladi

Peshko‘da majburiy mehnat: homilador ayollar ham hududni tozalashga chiqarilgan

Buxoro viloyatining Peshko‘ tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabida pedagog-murabbiylar bugun, 18 iyun kuni majburan muassasa hududi hamda stadionni tozalashga olib chiqilgani haqida xabar berildi.

«Yaqinda viloyatimizda kuzatilgan tabiiy ofat ta'siri tumanimizga ham yetib keldi. Bunday vaziyatda hammamiz o‘z xohishimiz bilan hashar ishlarida qatnashdik. Ammo muassasamiz direktori Hotam Obloberdiyev muntazam shanbalik uyushtirib, bizni ishlatib keladi. Hashar ishlarida qatnashmaganlarga chora ko‘rilishi bilan ogohlantirishadi. Biz tomonlarga kattalar kelsa, albatta muassasa atrofini tozalab qo‘yishimiz kerak.

Bugungi shanbalik ayniqsa, hammasidan oshib tushdi. Kunning issig‘ida deyarli barcha pedagog-murabbiylar majburan muassasa hududini tozaladik. Stadionda mehnat qilganlar asosan xotin-qizlar bo‘lib, ularning orasida homilador kelinchaklar ham bor», dedi ma'lum sabablarga ko‘ra shaxsini oshkor qilmaslikni so‘ragan sport murabbiysi.

Tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Rustam Ergashev bilan telefon orqali bog‘langanimizda, hokimlik bunday holatlarga mutlaqo qarshi ekanligini ma'lum qildi. Xususan, mazkur holatga ham hokimlikning hech qanday aloqasi bo‘lmagani, ularga bu haqda murojaat ham kelib tushmagani haqida xabar berdi.

Shuningdek, muassasaning maxsus telegram guruhida ham direktor nomidan tez-tez majburiy mehnatga jalb qilish holati aks etgan suratlar tashlab berildi. E'tiborni tortadigani, har safar vazir yoki boshqarma boshlig‘ining tashrifi munosabati bilan bunday shanbaliklar uyushtirilgan. Sababsiz kelmaganlar intizomiy chora ko‘rilishi bilan ogohlantirilgan.

Kun.uz hamon kattalarning tashrifi oldidan xodimlar majburiy mehnatga jalb qilinayotgan ushbu holat bo‘yicha mutasaddilardan javob kutadi.

Mavzuga oid