Light | 23:19 / 26.01.2019
14589
5 daqiqa o‘qiladi

Forbes-30: 2019 yilning huquq va siyosat sohasidagi yetakchi yoshlar ro‘yxati

Har yil boshida jahonga mashhur Forbes nashri turli sohalarda 30 yoshgacha bo‘lgan AQSh va kanadalik yosh yetakchilar ro‘yxatini e'lon qilib boradi. Ular orasida yirik kompaniya asoschilaridan tortib, siyosatchilargacha bor.

Bu yilgi ro‘yxatda keng jamoatchilik, tajribali muxbirlar va mutaxassislar hay'ati 20 sohadagi 600 nafar yoshni saralab olgan.

Ro‘yxat 30 mutaxassisni qamrab oladi, Kun.uz e'tiboringizga siyosat va huquq yo‘nalishida Forbes yosh yetakchilarining yetakchi 15talik ro‘yxatini taqdim etadi.

David Agranovich

David Agranovich, 27 yosh. Feysbukning ijtimoiy siyosat masalalari bo‘yicha boshqaruvchisi. U Feysbukdagi demokratiya tamoyillarini g‘arazli tahdidlardan himoya qiladi. Agranovich bungacha AQSh Milliy Xavfsizlik Kengashida razvedka bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

Loren Blojyett

Loren Blojyett, 29 yosh. Immigratsiya masalalari bo‘yicha advokat. Fulbrayt stipendiyasi sohibasi. Muhojir qizlar uchun Safe Passage loyihasi tashabbusini ilgari surgan va 70 muhojirga ko‘mak bergan.

Emerson Bruking

Emerson Bruking, 29 yosh. "Layklar jangi: Ijtimoiy tarmoqlarni qurollantirish" asari muallifi. Mazkur kitob Amazon'da oyning eng yaxshi kitobi bo‘lgan. Forbes'ga ko‘ra, Bruking kiberqurollar bo‘yicha yetakchi pandit*ga aylanib ulgurgan. (*pandit - hinduiylik rohiblari)

Kayl Kanchola

Kayl Kanchola, 29 yosh. Fenwick & West kompaniyasi vakili. Stanford Technology Law Review nashrining sobiq muharriri va hozirda Kremniy vodiysidagi Fenwick & West kompaniyasining huquq va texnologiyalar bo‘yicha mas'ul mutaxassisi bo‘lgan Kayl moliya bozori va kripto belgilar bilan bog‘liq loyihasini amalga oshirish niyatida.

Nikolas Kortes

Nikolas Kortes, 29 yosh. Atrium onlayn platformasi asoschilaridan biri. Atrium huquqiy maslahat platformasi bo‘lib, uning o‘ziga xos jihati - siz advokat yoki huquqshunos mehnati uchun soatbay haq to‘lamaysiz, oylik obunaga 500 dollar to‘lasangiz bas. Atrium turli huquqiy hujjat, shartnoma va legal munosabatlarda ko‘mak beradi. Platforma shu vaqtga qadar 75,5 million dollar daromad qildi. Uni huquqshunoslikning kelajagi ham deb atashmoqda.

Jon Tass-Parker

Jon Tass-Parker, 29 yosh. Instagramning siyosat va hukumat bilan bog‘liq masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi. U Instagram orqali saylovda qatnashuvchilarni va dunyo bo‘ylab siyosiy arboblarni faol ijtimoiy muloqotga qo‘shilishga jalb etib keladi.

Olivia Insayn

Olivia Insayn, 28 yosh. Amerika fuqaro erkinliklari kengashining O‘lim jazosi bo‘yicha loyihasi advokati. Olivia o‘lim jazosi bilan bog‘liq tizimli irqiy kamsitishga qarshi kurashadi. Yosh advokat AQShning janubiy hududlarida o‘limga hukm qilingan insonlarning huquqini himoya qiladi.

Evisort jamoasi

Amin Anun, 25 yosh; Jyeyk Sussman, 24 yosh; Jyerri Ting, 26 yosh. Evisort loyihasi asoschilari. Loyiha huquqiy shartnomalar qiymatini baholashda sun'iy idrokdan foydalanishni nazarda tutadi. Evisort Mark Tsukerberg, Bill Geyts va Jyeff Bezos tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Sara Itukas

Sara Itukas, 29 yosh. Legalpad loyihasi asoschilaridan biri. Filippinlik muhojir bo‘lgan Sara AQSh fuqarosi duch keladigan byurokratiya to‘siqlariga qarshi kurashish tashabbusini ilgari suradi. Loyiha yuqori malakali mutaxassislarga AQSh vizasini olishda duch kelinadigan to‘siqlarni yengib o‘tishda ko‘maklashadi.

Jyuell Jons

Jyuell Jons, 23 yosh. Michigan shtati Vakillar palatasi a'zosi. Yosh bo‘lishiga qaramay, moliya va siyosat fanlari bo‘yicha oliy ma'lumotga ega Jyuell AQSh zahiradagi zobitlar o‘quv korpusining a'zosi hamdir.

Kori Liu

Kori Liu, 28 yosh. Texas shtati gubernatori Gregg Ebbottning bosh huquqboni yordamchisi. Kori bunga qadar Harvardga Osiyodan hujjat topshiruvchi yoshlarga nisbatan ayirmachilikka qarshi kurashuvchi guruh yetakchisi bo‘lgan.

Ester Tetruashvili

Ester Tetruashvili, 29 yosh. AQSh Davlat departamentining tashqi masalalar bo‘yicha mutaxassisi. Amerikalik diplomat va Jahon iqtisodiy forumi (Davos) mutaxassisi Pekin va Guanjouda iqtisodiy-tanishuv turlarini o‘tkazadi. U AQSh - Xitoy munosabatlarining ijobiy tomonga siljishiga harakat qilish bilan birga Tojikistonda jinsiy tenglik targ‘iboti bilan ham shug‘ullanadi.

Loren Moksli

Loren Moksli, 28 yosh. Covington & Burling kompaniyasi vakili. AQSh Oliy Sudining mijozlar shaxsiy pochtasidagi xatlarni olish uchun Microsoft kompaniyasi bilan kechgan ishida kompaniyani himoya qilgan advokat.

Aleksandria Okasio-Kortez

Aleksandria Okasio-Kortez, 29 yosh. Eng yosh ayol kongressmen. Demokratlarning sotsial qanotidan bo‘lgan nyu-yorklik qiz.

Mavzuga oid