Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ispaniya Erondagi urushda ishtirok etayotgan samolyotlar uchun osmonini yopdi
Madrid nafaqat Vashingtonga Ispaniya janubidagi bazalardan Eronga qarshi operatsiya doirasida foydalanishni taqiqladi, balki boshqa davlatlarda joylashtirilgan AQSh samolyotlari uchun ham o‘z havo hududini yopdi.
Foto: Joan Valls/Urbanandsport/NurPhoto via Getty Images
Ispaniya mojaro keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun o‘z havo kengligi hamda harbiy bazalaridan AQShning Eronga qarshi amaliyotida foydalanishni taqiqladi. Mamlakat bosh vaziri Pedro Sanches avvalboshdan AQSh va Isroilning zarbalarini tanqid qilib, ularni noqonuniy deb ataydi va o‘z mamlakati urushda ishtirok etmasligini qayd etadi. Madrid tomonidan joriy etilgan cheklovlar Amerika harbiy aviatsiyasining Yaqin Sharqqa uchishini hamda ortga qaytishini qiyinlashtiradi, ammo parvozlarni imkonsiz qilib qo‘ymaydi.
«Biz Moron va Rota [harbiy bazalaridan] Erondagi urush bilan bog‘liq har qanday harakatlar uchun foydalanishga ruxsat bermaymiz», – dedi Ispaniya mudofaa vaziri Margarita Robles va Madrid «buni avvalboshdan Amerika hukumatiga uqtirib kelayotgani»ni ta’kidladi.
Mamlakat tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares bunday taqiqdan maqsad – mojaro keskinlashuviga olib keladigan qandaydir harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik ekanini ma’lum qildi.
AQSh hozircha bu bayonotlarga izoh bermadi, biroq prezident Donald Tramp avvalroq Ispaniya Eron bilan urushga qarshi chiqqani uchun unga qarshi to‘liq savdo embargosini joriy etish bilan tahdid qilgandi.
AQSh va Isroil fevral oyi oxirida Eronga qarshi urush boshlaganidan keyin Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Vashington va Tel-Avivning Eronga hujumlarining eng faol tanqidchilaridan biriga aylanib, ularni «mulohazasiz» va «noqonuniy» deb atadi.
Avvalroq Sanches Ispaniya AQShga Andalusiyada joylashgan va ikki mamlakat tomonidan birgalikda boshqariladigan Rota va Moron-de-la-Frontera bazalaridan foydalanishga ruxsat bermagandi.
O‘tgan haftaning chorshanba kuni u «Erondagi operatsiya bilan bog‘liq harakatlarni o‘z ichiga olgan barcha parvoz rejalari – shu jumladan yoqilg‘i quyish samolyotlarining parvozlari ham rad etilgani»ni e’lon qilgandi.
«Biz noqonuniy urushlarda ishtirok etishni xohlamaydigan suveren mamlakatmiz», – degandi u.
Amerikaning Erondagi amaliyotida ishtirok etayotgan ayrim bombardimonchi samolyotlari Buyuk Britaniya harbiy-havo kuchlarining Glostershir grafligidagi RAF Fairford bazasida joylashtirilgan – mamlakat bosh vaziri Kir Starmer 1 mart kuni Buyuk Britaniya AQShning tegishli so‘rovini qanoatlantirganini e’lon qilgandi.
U yerdan uchuvchi samolyotlar endi Piriney yarimorolining katta qismini aylanib o‘tishiga to‘g‘ri keladi – yoki Atlantika okeaning sharqiy qismi ustidan, yoki Fransiya osmonidan o‘tadi.
Ispaniyaning El País gazetasiga ko‘ra, samolyotlar endi faqat favqulodda holatlarda Ispaniya havo kengligini kesib o‘tishi yoki bazalarga qo‘nishi mumkin.
4 mart kuni 10 daqiqalik telemurojaatida Ispaniya bosh vaziri Ukraina va G‘azodagi urushlar, shuningdek, 20 yildan ortiq vaqt oldin Iroqdagi urushga ham to‘xtalib o‘tdi va Ispaniya hukumatining pozitsiyasini «urushga yo‘q» deb xulosa qilish mumkinligini aytdi.
Keyinchalik mart oyida Eronning Ispaniyadagi elchixonasi Tehron Ispaniya «xalqaro huquqqa sodiqligi»ni e’tirof etgan holda Madridning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tranzit bo‘yicha so‘rovlarini ko‘rib chiqishga tayyorligini e’lon qildi.
Yaqin Sharqdagi katta urushgacha dunyo neft ta’minotining taxminan 20 foiz qismi Ho‘rmuz bo‘g‘oziga to‘g‘ri kelardi.
Mart oyi boshidan buyon Eron dronlari, raketalari va dengiz minalari tahdidi tufayli u amalda yopiqligicha qolmoqda. Bu esa neft narxi keskin oshishiga olib keldi.