O‘zbekiston | 23:16 / 10.01.2021
54621
2 daqiqa o‘qiladi

Ochilboy Ramatov boshchiligidagi komissiya Jizzaxda 6 qavatli uyning qulashi sabablarini o‘rganadi

Jizzaxda ko‘p qavatli uyning qulab tushishi sabablarini o‘rganish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzildi. Komissiyaga bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarlik qiladi.

Foto: KUN.UZ

Jizzax shahrida qurilishi tugamay turib, 10 yanvar kuni qulab tushgan 6 qavatli uyni «Chorvador-Qorako‘l-Baraka» MChJ qurayotgan bo‘lgan. Bu haqda O‘zbekiston hukumati tarqatgan bayonotda ma'lum qilindi.

Xabar qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi bilan bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarligida hukumat komissiyasi tuzilgan.

Komissiya tarkibiga prokuratura, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish vazirligi, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, boshqa vazirliklar, idoralar, ekspertlar va loyiha tashkilotlari kiritilgan.

Komissiya zimmasiga 6 qavatli uyning qulab tushish sabablari, bunga omil bo‘lgan holatlar, loyiha hamda pudratchi tashkilot tomonidan uyning barpo etilishi davrida shaharsozlik norma va qoidalariga rioya etilgani, shuningdek, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha amaldagi normativ-me'yoriy huquqiy hujjatlarni o‘rganib chiqib, taklif kiritish vazifasi yuklatilgan.

Hukumat komissiyasi 10 yanvardan o‘z ishini boshlagan.

  • 10 yanvar kuni soat 17:10da Jizzax shahridagi «Zilol» mahallasi Mustaqillik ko‘chasida yangidan qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan biri kutilmaganda, hech bir tabiiy ofat ta'sirisiz qulab tushdi.
  • Rasmiy ma'lumotga ko‘ra, jabrlanganlar va halok bo‘lganlar yo‘q.
  • Foydalanishga topshirilmagan bino 6 qavatli bo‘lib, xususiy tadbirkor tomonidan ustki 4 qavati turar joy, dastlabki 2 qavati noturar joy sifatida qurilayotgan bo‘lgan.

Mavzuga oid