Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
GSP+ tizimi O‘zbekistonga nima beradi? - Germaniya elchisi bilan suhbat
Shu yilning 1 iyulidan Yevropa Kengashi raisligi Germaniya Federativ Respublikasiga o‘tdi. O‘zbekiston esa YeI bilan GSP+ dasturi doirasida hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda.
Kun.uz muxbiri O‘zbekistonning GSP+ dasturidan foydalana olish imkoniyatlari, Jahon savdo tashkilotiga a'zoligi bo‘yicha muzokaralar va YeIning Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston bilan hamkorligi kabi mavzularda GFRning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Gyunter Overfeld bilan suhbatda bo‘ldi.
– Germaniya Ittifoq kengashiga raislik qilish muddatida qanday ishlarni amalga oshirishni rejalashtirgan?
– Yevropa Ittifoqi kengashida Germaniya raisligining roli bugungi kunda ko‘p jihatdan koronavirus pandemiyasiga bog‘liq bo‘lib turibdi. Bugungi kunda Yevropada 100 mingdan ziyod koronavirus qurbonlari mavjud. Shuning uchun hozirda bizning birlamchi vazifamiz hamkorlarimiz bilan birgalikda koronavirus pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etish hisoblanadi.
OAV orqali eshitgan bo‘lsangiz kerak, ayni vaqtlarda Yevropa iqtisodiyotini tiklash uchun 750 mlrd yevro miqdoridagi yordam dasturini qabul qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu katta summa, uni avvalambor Yevropa iqtisodiyotini tiklash uchun yo‘naltirish nazarda tutilmoqda. Yana bir tomondan, bu mablag‘ni Yevropada ijtimoiy birlikni mustahkamlash, ekologiyani yaxshilash va raqamlashtirish masalalari uchun ham yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda.

Ikkinchi muhim yo‘nalish Yevropa Ittifoqining keyingi 7 yil uchun mo‘ljallangan budjetini qabul qilish hisoblanadi.
Yevroittifoqning har bir a'zo mamlakati keyingi 7 yillikda mazkur budjetni nimaga sarflash bo‘yicha o‘z mo‘ljaliga ega. Budjetga qaysidir davlat kattaroq, qaysi biridir kamroq ulush qo‘shadi. Shuning uchun Yevroittifoq kengashida yaqin oylardagi asosiy vazifamiz bu mablag‘ni nimaga yo‘naltirish bo‘yicha ittifoqning 27ta a'zo davlati orasida yakdillikka erishish sanaladi.
Kun tartibidagi uchinchi muhim vazifa – Buyuk Britaniya bilan muzokaralar olib borishdir.
Xabaringiz bor, Britaniya umumiy ovoz berish yo‘li bilan Yevroittifoqdan chiqishga qaror qildi. Shuning uchun Yevroittifoq rahbariyati ittifoqning o‘zida va Britaniya bilan birga keyingi munosabatlarni muhokama etishi lozim. Ular bilan muhokama qilinishi kerak bo‘lgan talaygina masalalar mavjud. Breksit hech qanday muzokara va kelishuvlarsiz amalga oshishi ehtimoli ham bor. Biz, albatta, Britaniyaning keskin chiqib ketishini istamaymiz. Shu bois, Germaniya bu borada ishlashi, Britaniya bilan mustahkam va chuqur hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqishi kerak.
Buyuk Britaniya va Yevroittifoq o‘rtasida yaxshi hamkorlikni o‘rnatish masalasi bilan bir qatorda boshqa muhim vazifalar ham kun tartibida turibdi. Pandemiya fonida Yevropada tashqi siyosat bo‘yicha yagona, yakdil munosabatni shakllantirish, global darajada hamfikrlik asosida ish ko‘rishni maqsad qilganmiz. Birinchidan, qo‘shni Afrika kontinenti bilan hamkorlikni kengaytirish masalasi, ikkinchidan, Yevroittifoqning Xitoyga nisbatan yagona umumiy pozitsiyasini ishlab chiqish vazifasi turibdi.
– Kengash Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan O‘zbekiston bilan aloqalarga qanday e'tibor qaratadi? Germaniya raisligida bu munosabatlarda qanday o‘zgarishlar ro‘y berishi mumkin?

– Yevroittifoqning Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlari bo‘yicha yangi strategiyani ishlab chiqish masalasi ham kun tartibida turibdi. Connectivity, ya'ni «O‘zaro aloqa» deb nomlangan yana bir yangi strategiya Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari orasida munosabatlarni mustahkamlashni nazarda tutadi. Bu ikki strategiyani amalga oshirish uchun katta mablag‘ talab etiladi. Shuning uchun, yuqorida ta'kidlanganidek, Yevroittifoqning 7 yillik budjetini qabul qilish va bu ikki strategiya o‘rtasida uzviy bog‘liqlik mavjud.
O‘rta muddatli moliyaviy asosni qabul qilish Markaziy Osiyoga bevosita aloqador bo‘lgan strategiyalar uchun ham muhim rol o‘ynaydi. Yevroittifoq raisi sifatida Germaniya bu ikki strategiyani yetarlicha moliyalashtirish, bu orqali Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tarafdoridir.
– Germaniya Markaziy Osiyo, shu jumladan O‘zbekistondagi hozirgi rivojlanish bosqichini qanday baholaydi?
– Germaniya va Markaziy Osiyo aloqalari so‘nggi yillarda ijobiy tendensiya asosida rivojlanayotganini qayd etib o‘tish lozim. Markaziy Osiyo davlatlarida o‘zaro sezilarli farqlar ham mavjud. Markaziy Osiyo iqtisodiy,-ijtimoiy taraqqiyot, qonun ustuvorligini ta'minlash, inson huquqlari himoyasi masalasida katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi bo‘lganim uchungina emas, balki ko‘rinib turgan natijaligi uchun ham qayd etishim lozimki, O‘zbekiston so‘nggi 3 yilda sezilarli ijobiy natijalarga erishmoqda.
Ba'zi noxushliklar borligini ham inkor etib bo‘lmaydi. Xususan, o‘tgan haftada Andijon shahri fuqarosining ichki ishlar xodimlari tomonidan tazyiqqa uchragani bilan bog‘liq holatni eshitdik. Shunga qaramay, inson huquqlari, matbuot erkinligi, fikr erkinligi, fuqarolar va davlat idoralari o‘rtasida munosabatlarning yaxshilanishiga erishilayotganini qayd etib o‘tish lozim.
Shuningdek, O‘zbekiston o‘z iqtisodiyotini modernizatsiyalash masalasida ham sezilarli rivojlanishga erishayotgani e'tiborlidir. Umid qilamanki, pandemiya oqibatlari bu taraqqiyotga salbiy ta'sir ko‘rsatmaydi. O‘z navbatida, Germaniya O‘zbekistonga hamkorlikni kengaytirish, taraqqiyot maqsadlari yo‘lida moliyaviy yordam masalasida O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlash, xususan, sog‘liqni saqlash, kichik va o‘rta tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda doim harakat qiladi. O‘zbekiston iqtisodiyoti koronavirus pandemiyasi oqibatlarini bartaraf eta oladi, degan umiddamiz.
– O‘zbekiston-Germaniya munosabatlarida tez rivojlanayotgan va oqsayotgan yo‘nalishlarni ayta olasizmi?

– Birinchi navbatda, ikki tomonlama savdo munosabatlarini qayd etib o‘tmoqchiman. So‘nggi uch yilda ikki mamlakat o‘rtasida savdo hajmi uch baravarga oshib, bugungi kunda 1 mlrd yevroni tashkil etmoqda. Joriy yilning dastlabki oylarida ikki tomonlama savdo aloqalari 20 foizga oshgan edi. Ammo koronavirusning tarqalishi oqibatida barchasi to‘xtab qoldi.
Ammo, men o‘zbek ishbilarmon doiralari va nemis kompaniyalari bilan muloqotda ikki tomonlama hamkorlikka qiziqish yuqoriligiga guvoh bo‘ldim, bu qiziqish pandemiyadan keyin ham saqlanib qolishiga va davom etishiga ishonchim komil.
Rivojlanayotgan yo‘nalishlardan yana biri sifatida, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda nemis tilini o‘rganishga qiziqishning ortganini ko‘rsatib o‘tmoqchiman. Biz ham bu qiziqishni qoplashga harakat qilmoqdamiz. Bu borada bir qator hamkorlarimiz, xususan, Toshkentdagi 60-sonli maktab, Andijon shahridagi Berlin markazi, Urganch va Marg‘ilon shahridagi muassasalar O‘zbekistonda nemis tilini o‘rganishga bo‘lgan talabni qondirishga yordam bermoqda.
Keyingi oylarda bizning hamkorligimiz san'at, rassomchilik, kino va musiqa borasida ham mustahkamlanishini istardim. Yil avvalida bu boradagi hamkorlik bo‘yicha loyihalar reajalashtirilgan edi, ammo pandemiya tufayli ularni amalga oshirishning imkoni bo‘lmadi. Yaqin orada bu loyihalarni amalga oshirish uchun sharoit bo‘ladi, degan umiddamiz.
Oqsayotgan jihatlar xususida gapirganda, O‘zbekistonda investitsion sharoitlar yaxshiroq rivojlanishini istardim. Ma'lumki, 2022 yilda Volkswagen O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi rejalashtirilmoqda. Fikrimcha, bu borada hali hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar mavjud.
O‘zbekiston investitsion sharoitlarni mustahkamlash, investitsion muhitni yaxshilash bo‘yicha ko‘p ishlarni amalga oshirishi kerak. Birinchidan, har qanday xorijiy kompaniya uchun uzoq muddatli rejalashtirish imkoni bo‘lishi kerak. Ikkinchidan, qonun ustuvorligi, huquqlar ta'minoti va xavfsizlik masalasi har qanday investor uchun muhim sanaladi.
– O‘zaro ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga chiqarish uchun nimalarga e'tibor berish kerak, deb o‘ylaysiz?
– Biz siyosiy muloqotimizni davom ettirish, xalqaro tashkilotlar doirasida ham hamkorlikni davom ettirish istagidamiz. Germaniya har doim ko‘p tomonlama aloqalar – multilateralizm tarafdori bo‘lgan. Faqatgina bir davlat o‘z manfaatlarini ilgari surishi emas, balki bir necha davlatlar birlashib o‘z qiziqishlarini namoyon etishini yoqlaymiz.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekistonning Germaniya tomonidan asos solingan multilateralizm alyansiga qo‘shilishini olqishlagan bo‘lardik.
Shuningdek, tarkibida Germaniya, Shvetsiya, Yaponiya bo‘lgan Stokgolm guruhi deb nomlanadigan yadro qurolidan voz kechish guruhiga qo‘shilishidan mamnun bo‘lar edik.
– YeIning GSP+, ya'ni Umumiy imtiyozlar tizimiga kelsak. Ma'lumki, O‘zbekiston ayni tizimga qo‘shilish istagini bildirmoqda. Qator rivojlanayotgan mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston qo‘shnisi bo‘lgan Qirg‘iziston ham allaqachon bu tizimda. GSP+ga qo‘shilish O‘zbekistonga nima beradi?

– Albatta. GSP+ tizimiga qo‘shilish O‘zbekistonga katta imtiyozlar beradi. Nega deganda, GSP+ tizimi doirasida bojxona to‘siqlari, tariflari va boshqa to‘lovlarni kamaytirish nazarda tutiladi.
Ma'lumingizki, Yevropa bozori juda katta. Bu yerda 513 mln.dan ziyod – yarim milliard aholi istiqomat qiladi. Shu bois O‘zbekiston GSP+ga qo‘shilgan taqdirda, o‘zbek kompaniyalari bu bozorga kirib kela oladi va o‘z mahsulotini sotadi. Bu esa ularga katta imkoniyatlar eshigini ochadi. GSP+ tizimiga qo‘shilish orqali ular nisbatan qulay sharoitlarda Yevropa bozoriga kirishi, manfaatli tarzda, yaxshi raqobat muhitida ishlashi mumkin bo‘ladi.
– GSP+ tizimiga kirmoqchi bo‘lgan mamlakatlar inson huquqlari, mehnat huquqlarini himoya qilish, atrof-muhit muhofazasi, boshqaruv kabi qator fundamental sohalarda islohotlar qilishi talab etiladi. Nima deb o‘ylaysiz, O‘zbekiston ushbu tizimga kirishga tayyormi?
– O‘zbekiston muayyan sohalarda sezilarli rivojlanishga erishmoqda. Bunday taraqqiyot kuzatilmaganda, biz, yevropaliklar GSP+ tizimi bo‘yicha muzokaralarni boshlamagan ham bo‘lardik. Shuning uchun GSP+ imtiyozlar tizimi nomzod davlatlarga katta talablar – islohotlar o‘tkazish, inson huquqlari, atrof-muhit muhofazasi, samarali davlat boshqaruvi, mehnat muhofazasi masalalarida shartlarni qo‘yadi.
GSP+ davlatga ko‘plab imtiyozlar berish bilan birga uning oldiga bir qator talablar ham qo‘yadigan tizimdir. Shuning uchun ham GSP+ tizimiga faqatgina 8ta davlat kira olgan. Biz O‘zbekistonni bu tizimga kirish yo‘lida qo‘llab-quvvatlaymiz.
– Tizimga qo‘shilgach, undan chetlatilgan davlatlar ham bo‘lganmi? O‘zbekiston tizimga qo‘shilgach, bunday holat ro‘y bermaslik uchun mamlakat hukumati nimalarga e'tibor berishi kerak bo‘ladi?
– Davlat bu maqomga ega bo‘lishdan avval juda ko‘p intensiv, uzoq muddatli, batafsil muzokaralar, kuzatuvlar olib boriladi. Shuning uchun ham davlat bu maqomga erishgach, uni yo‘qotmaslikka harakat qiladi. Bilishim bo‘yicha, hozirgacha hech bir davlat bu maqomni yo‘qotgan emas.
– Muzokaralar qancha davom etishi mumkin?
– Muzokaralar, tayyorgarlik jarayonlari qancha davom etishini aniq aytish qiyin, chunki har bir davlat o‘ziga xos sharoitlarga ega. O‘zbekiston holatida bu tizimga kirish uzoq vaqt talab etmaydi, degan umiddaman.
Ammo, o‘z navbatida, O‘zbekiston ham muzokaralar jarayonida berilgan tavsiyalarni bajarishi, talablarga muvofiqlashishi kerak bo‘ladi.
– O‘zbekiston Respublikasiga prezident Mirziyoyev rahbarlik qila boshlagach, mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi bilan bog‘liq mavzu kun tartibiga chiqdi. Germaniya esa bu tashkilotda o‘z o‘rniga ega davlatlardan biri hisoblanadi. Shunday ekan, O‘zbekiston tashkilotga a'zo bo‘lishi uchun qanday islohotlarni amalga oshirishi talab etiladi? Germaniya bu borada qanday yordam ko‘rsata oladi?
– Biz O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirish taraddudida ekanidan xursandmiz va bu muvaffaqiyatli amalga oshadi, degan umiddamiz. O‘zbekiston hukumati bilan muloqotimdan menga ma'lumki, JSTga kirish mamlakat uchun ustuvor masala bo‘lib turibdi.
JST – GSP+ tizimiga ham o‘xshaydi. Ya'ni bunda ham nomzod davlatdan rivojlanish, siyosat, ijtimoiy hayot, savdo masalalarida islohotlar o‘tkazish talab etiladi. O‘zbekiston savdo, investitsion muhit, soliqlar, bojxona to‘lovlari va jarayonlari borasida bir qator o‘zgarishlarni amalga oshirishi lozim. O‘zbekiston bozoriga xorijiy mahsulotlarning kirib kelishi borasida ko‘plab cheklovlar mavjud. Bular O‘zbekistonga kirib kelishi qiyin bo‘lgan qishloq xo‘jaligi va boshqa mahsulotlardir. Buni bartaraf etish zarur.
Jahon savdo tashkilotiga kirish asnosida O‘zbekiston texnik yordam loyihasi doirasida Yevroittifoqdan, Jahon bankidan, shuningdek, USAID tashkiloti orqali AQShdan ko‘mak olishi ijobiy jihatdir. Jyenevada yoki turli boshqa konferensiyalar doirasida biz O‘zbekistonning JSTga kirishini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.
– Sentabr oyida O‘zbekistonda elchilik faoliyatini boshlaganingizga 3 yil bo‘ladi. Nimalarga ulgurdingiz, qanday vazifalarni uddalay olmadingiz?
– O‘zbekistondagi faoliyatim davomida ikki asosiy yo‘nalishni belgilab olgan edim. Birinchidan, mamlakat bilan iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish. Yuqorida qayd etib o‘tganimdek, hozirgacha savdo aylanmasi hajmini uch baravarga oshirishga erishdik. O‘zbek hamkasblar Berlinda, biz bu yerda bir qator ishlarni amalga oshirmoqdamiz. O‘zbekistondagi delegatsiyalar bilan muloqotlar olib borildi, ular duch kelayotgan muammolar aniqlandi. Bu yerda faoliyat olib borayotgan nemis kompaniyalarining o‘zbek hukumati bilan muammolari borligi aniqlandi va ular ijobiy hal qilindi.
Men yanada mustahkam hamkorlik yo‘lga qo‘yilishiga e'tibor qilayotgan soha bu madaniy hamkorlikdir. Musiqa va kino borasida bir necha loyihalarni boshlab qo‘ydik. Tarixiy yodgorliklar muhofazasi borasida ham hamkorlik rivojlanishini istardik. Toshkentda va boshqa hududlardagi tarixiy arxitektura muhofazasi borasida ham ijobiy natijalarga erishamiz, deb o‘ylayman.
Uch yil mobaynida ijobiy natijalarga erishilgan yana bir yo‘nalish bu barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishdagi hamkorlikdir. Bu boradagi hamkorlik yaqin orada boshqa Markaziy Osiyo davlatlari bilan to‘xtatiladi va faqatgina O‘zbekiston bilan saqlab qolinadi. Bu boradagi moliyaviy ko‘mak portfeli dastlab 10 mln yevroni tashkil etgan bo‘lsa, bugunga kelib, uning hajmi 200 mln yevroga yetdi. Bu ham katta muvaffaqiyat.
– O‘zbekiston sizda qanday taassurot qoldirdi?
– O‘zbekiston bo‘ylab qilgan safarlarimdan taassurotlarim juda katta. Toshkentdan chiqishing bilan chiroyli manzaralar ko‘zga tashlanadi. Menda o‘zbek qishloqlarida tunash imkoniyati bo‘ldi. Odamlar, asosan, qishloq aholisi bilan suhbatlashish men uchun juda yoqimli bo‘ldi. Ular juda ochiqko‘ngil insonlar.
Shuningdek, tog‘ hududlarida joylashgan Boysun, Termiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘ldim. Qoraqalpog‘iston taomlari ham o‘ziga xos. O‘zbekistonning boshqa hududlari ham diqqatga sazovor, ammo bu ikki hudud menda hammasidan ham kuchli taassurot qoldirdi.
Mavzuga oid
13:37 / 14.01.2026
Germaniya, Fransiya, Italiya va Britaniya Eron elchilarini TIVga chaqirdi
13:29 / 14.01.2026
Eronda qurbonlar soni o‘smoqda: YeI va Britaniya sanksiyalarni kuchaytirishga tayyorlanyapti
12:13 / 14.01.2026
Arktika xavfsizligi: Germaniya Rossiya va Xitoy tahdidlariga ishora qildi
18:18 / 12.01.2026