Toshkentda binosi buzilgan tadbirkor adolat izlamoqda. Kompensatsiya masalasi 4 yildan beri hal qilinmagan
Bir necha yil oldin Toshkentda xalq tilida «tekstil chorrahasi» deb nom olgan Muqimiy va Shota Rustaveli ko‘chalari kesishmasida yo‘l o‘tkazgich qurilgan edi. Shu bois chorrahada joylashgan bir qator tadbirkorlarning bino va inshootlari Toshkent shahar sobiq hokimi R.Usmonovning 2016 yil 11 apreldagi qaroriga muvofiq buzilgan.
Shular qatorida tahririyatimizga murojaat qilgan tadbirkor Miryoqub Mirzaahmedovga tegishli bo‘lgan, Shota Rustaveli ko‘chasi 65a-uyda joylashgan umumiy ovqatlanish maskani ham bor edi.
Tadbirkor bu mulkka 1994 yildan beri egalik qilib kelayotgan edi. Kafe buzilguniga qadar xo‘randalar bilan gavjum bo‘lgan. Tadbirkor «Mir Madina» nomli xususiy korxona sifatida faoliyat yuritib kelgan.
«Buzilmasidan oldin 15-20 nafar xodim ishlardi. Korxonamiz buzilganidan keyin hamma ishsiz bo‘lib qoldi. Men ham shu kungacha ishsiz yuribman. Ish faoliyatimni tiklay olganim yo‘q.
Bizning binomiz 415 kvadrat metrli joy bo‘lgan. Buzilganidan keyin shahar hokimiyati Binolardan foydalanish departamenti tomonidan shaharning chekka-chekka tumanlaridan infratuzilmasi yetarli darajada bo‘lmagan 3-4ta eski binolarni taklif qilishdi. Masalan, binoning yarmi bizga taklif qilingan bo‘lsa, qolgan yarmi boshqa korxonaga taklif qilingan. Uni buzib, qayta tiklab bo‘lmasdi. Bir-biriga xalaqit beradigan joylar edi. Taklif qilingan binolarni borib ko‘rganimda qanoatlanmaganim uchun takliflarni rad etganman.
Men ko‘p davlat idoralariga murojaat qildim. Toshkent shahar adliya boshqarmasiga yo‘llagan murojaatim bo‘yicha boshqarma tomonidan sudga da'vo ariza kiritildi. Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2017 yildagi qaroriga asosan Toshkent shahar hokimligi qoshidagi Binolardan foydalanish departamenti zimmasiga teng qiymatdagi bino ajratish majburiyati yuklatildi. Ammo sud qarori shu paytgacha ijro etilmadi.
Sud qarori chiqqanidan keyin qo‘limizga ijro varaqasi berilgan. Majburiy ijro byurosidan menga hech qanday yordam bo‘lmadi. Telefon ham bo‘lmadi, xat ham jo‘natishmadi, hech qanaqa natija bo‘lmadi», – deydi Miryoqub Mirzaahmedov.
Vaziyat bo‘yicha rasmiylardan izoh olish maqsadida Binolardan foydalanish departamentining huquqiy vorisi hisoblanuvchi Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Munitsipal aktivlarni boshqarish markazida bo‘ldik.
Ammo uchrashuv haqida avvaldan kelishib olingan bo‘lsa-da, turli bahonalar sabab biror bir mas'ul bilan uchrashishga muvaffaq bo‘la olmadik. Uzoq kutishlardan so‘ng, bir xodim oldimizga kelib, yozma murojaat qoldirib ketishimizni yoki intervyu uchun bir kundan so‘ng kelishimiz lozimligini aytdi.
So‘ng Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati vakillaridan yordam so‘radik. Shahar hokimligining matbuot xizmati orqali olingan ma'lumotda esa «Mir Madina» xususiy korxonasi masalasida tomonlar deyarli kelishib olishgani bildirildi.
Bir necha kundan so‘ng Miryoqub Mirzaahmedov tahririyat bilan qayta bog‘lanib, unga Mirzo Ulug‘bek tumanidagi aholi yashaydigan ko‘p qavatli uyning yerto‘lasidan kichikroq joyni taklif qilishganini ma'lum qildi. Biroq tadbirkor u yerda ovqatlanish shoxobchasini ochish va yuritish imkonsizligi, ochgan taqdirida ham o‘sha yerda yashaydigan aholi noroziligiga uchrashi mumkinligi, bundan tashqari bu joy avvalgi binodan qiymat bo‘yicha ancha past baholanishini inobatga olib bu taklifni rad etgan.
«Hattoki, bir safar menga 415 kvadrat metr o‘rniga 20 kvadrat metrli bino ham taklif qilishgan. Bu ustimdan kulish emasmi? Nahotki, butun boshli poytaxt hududida mening avvalgi binomga sal bo‘lsa-da yaqin keladigan qiymatdagi bino topilmasa?» – deydi tadbirkor.
Xullas, bir zamonlar tadbirkordan tortib olingan xususiy mulk o‘rnini unga teng keladigani bilan qoplab berish Toshkent shahar hokimligi va uning tizimidagi mas'ul idoralarga malol kelmoqda.
Poytaxtimizda yangi yo‘llar va ko‘priklar qurilishi, insonlarga qulaylik yaratilishi yaxshi, albatta. Lekin u kimningdir huquqlarini toptash, mol-mulkini tortib olish va qiyin ahvolda qoldirish evaziga bo‘lmasligi kerak.
Abbos Salaydinov,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchilar:
Abduvohid Umarov
Arslon Ollaberganov
Mavzuga oid
22:20 / 25.11.2024
Toshkentda Askiya bozori hududi va binolari 16,8 mln dollar boshlang‘ich narx bilan sotuvga qo‘yildi
22:10 / 25.11.2024
1 yanvardan Toshkent jamoat transportida naqd shakldagi to‘lovlar uchun yo‘lkira narxi oshishi kutilmoqda
16:33 / 25.11.2024
Toshkentning 86 ta nuqtasida pulli avtoturargoh tashkil etish huquqi 120 mlrd so‘mga sotildi
15:48 / 25.11.2024