Iqtisodiyot | 13:44 / 12.04.2021
22025
9 daqiqa o‘qiladi

«Inflatsiyadan emas, ichki investitsiyalar to‘xtashidan qo‘rqish kerak» – Ekspert O‘zbekiston iqtisodiy siyosatidagi kamchiliklarga to‘xtaldi

Iqtisodchi Abdulla Abduqodirov O‘zbekiston iqtisodiy bloki yuritayotgan iqtisodiy siyosatda ko‘zga tashlanayotgan ayrim kamchilik va muammolar haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Iqtisodiy tadqiqotchi Abdulla Abduqodirov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda O‘zbekiston iqtisodiyotidagi bugungi jarayon, xususan, iqtisodiy o‘sishga salbiy ta'sir qilayotgan ayrim omillar haqida gapirdi.

Inflatsiya 11 foiz deb aytilyapti, unda nega bank stavkalari 25 foiz?

Mutaxassisning aytishicha, tashqaridan qaraganda respublika iqtisodiy bloki o‘rtasidagi hamkorlik yuqori darajada emasligi ko‘rinadi. Chunki ular oldinga surayotgan iqtisodiy siyosat qarama-qarshi yo‘nalishlarga ega va bu teskari natijalarga olib kelishi mumkin.

«Markaziy bank bugungi kunda inflatsiya darajasini tushirish biz uchun eng muhim masaladir, deb aytyapti. Kechirasiz, unda iqtisodni rivojlantirish kimning masalasi?

Agar Markaziy bank kredit darajasini belgilaydigan asosiy organ bo‘lsa, tadbirkor kredit olaman deb bankka borsa-yu, u yerda stavkani 25–28 foiz deb tursa, qaysi tadbirkor qarz olib, uni 2 yoki 5 yil ishlatib, yana 2–3 barobar qilib qaytib beradi. Bunday biznesning o‘zi yo‘q. Bunda samaradorlik bo‘lmaydi. Chunki inflatsiya 11 foiz deb aytilyapti, unda nega bank stavkalari 25 foiz? Nega Markaziy bank tijorat banklariga ko‘p yillarga mo‘ljallangan «uzun so‘mlar»ni bermaydi? Nega bizning banklar ana shu «uzun pullar»ni topish uchun chet el kapital bozori va banklardan kreditlar olishi kerak? Bu pullar baribir iqtisodiyotga kiryapti qarz sifatida. Nega u pullardan Markaziy bank qo‘rqmaydi-yu, o‘zi berishi mumkin bo‘lgan uzoq muddatli kreditlardan qo‘rqadi?

Men aytmoqchi bo‘lgan fikr, bugungi kunda bizning iqtisodiyotimizni asosiy ushlab turgan narsa, iqtisodiy blok (Markaziy bank, Moliya va Iqtisodiyot vazirliklari) o‘rtasida iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan hamkorlikni ko‘rmayapmiz.

Bittasi inflatsiyani pasaytiraman desa, boshqasi qurilishga kredit beraylik deyapti. Qurilishga katta-katta miqdorda pul berish, ipotekani rivojlantirish – bu qo‘shimcha emissiya yoki qarz olish bilan barobar. Demak, buning baribir inflatsiyaga ta'siri bor.

Inflatsiyani kamaytirish, bu faqatgina umumiy pul massasini kamaytirish degani emas. Umumiy talab bilan taklif o‘rtasidagi muvozanat ushlab turilsagina inflatsiya kamayadi», – dedi moliyachi.

Bugungi eng muhim masala – mamlakatni iqtisodiy rivojlantirish

Abdulla Abduqodirov bugungi kunda mamlakatni iqtisodiy rivojlantirish eng muhim masala ekanini ta'kidlab o‘tdi.

«Ayrim yo‘nalishlarga qarz evaziga mablag‘ yo‘naltirish, dunyo kapital bozoridan va chet el moliyaviy institutlaridan katta miqdorlarda qarzlar olib, ularni iqtisodiyotga yo‘naltirish inflatsiyaga o‘z ta'sirini o‘tkazishi tabiiy.

Bir hisobdan qarzlar olyapmiz, ikkinchi hisobdan tijorat banklari ixtiyoridagi mahalliy valutadagi jamg‘armalarni turli yo‘llar bilan tortib olyapmiz (qisqa muddatli depozitlar, davlat va Markaziy bank obligatsiyalari orqali).

Iqtisodiyotda talab bilan taklif o‘rtasidagi munosiblik to‘g‘ri belgilangan holda, inflatsiya bizga qattiq xalal bermagan. Inflatsiya 15 foizmi, 16 foiz bo‘ladimi, iqtisodiyotga o‘lim darajasidagi xavf emas. Inflatsiya bizning eng qo‘rqadigan joyimiz bo‘lishi kerak emas. Iqtisodiy stagnatsiya, ichki investitsiyalar to‘xtashi – mana bu o‘lim bilan barobar.

To‘g‘ri, inflatsiyaga ham e'tibor berish kerak, tashlab qo‘yib bo‘lmaydi. Lekin nimaning hisobiga inflatsiya bo‘lyapti – buni yaxshi anglashimiz kerak.

Aslida, inflatsiya o‘sishi asosan iste'mol mollari, oziq-ovqat va qurilish materiallari bozoridagi narx-navo o‘sishi bilan bog‘liq.

Oziq-ovqat va qurilish materiallari bozorlarida taqchillik bor. Bu taqchillik ana shu mollarning tannarxida soliqlar va bank krediti xarajatlarining haddan tashqari yuqoriligi hisobiga. Demak, bugun oziq-ovqat va qurilish materiallari tannarxini shakllantiruvchi omillarni ko‘rib, tannarxni tushirish masalasini ko‘rishimiz kerak. Shunda inflatsiyani kamaytiramiz.

Biz nima qilyapmiz, Markaziy bank siyosati bilan umumiy pul massasini kamaytiryapmiz. Banklarning kredit berish qobiliyatini cheklayapmiz. Ikkinchi tomondan esa korxonalarga bo‘lgan umumiy soliqlar yukini 2019 yildan boshlab keskin oshirdik. Bu – iqtisodiy samaradorlikka butunlay teskari qaratilgan siyosat. Men buni iqtisodchi sifatida tushunmayman va qabul ham qilmayman», – deydi mutaxassis.

Iqtisodiy blok o‘zaro hamkorlikda forumlar tashkil qilishi kerakligi, biror muhim masalani forumda tahlil qilib, umumiy qarorga kelishi zarurligi ta'kidlandi.

«Muammolarni muhokama qilish forumi tashkil qilinmaydi. Biri osmonga torsa, biri ko‘lmakka, yana boshqasi quruqlikka tortadi. Iqtisodiy blok bitta yoqadan bosh chiqarishi kerak. Axir, mamlakat bitta-ku!

Yana bir muhim muammo bor: ajratilgan mablag‘larning maqsadga muvofiq va samarali ishlatilishi ustidan davlat nazorati masalasi. Nima uchun Moliya vazirligiga budjetdan ajratilgan mablag‘ni ishlatishni nazorat qilish funksiyasi berilgan? Nega bu ish bilan alohida tashkilot shug‘ullanmaydi? O‘zi bersa, o‘zi taqsimlasa, yana o‘zi ishlatilishini nazorat qilsa, shuning o‘zida mantiqiy konflikt bor emasmi?!

Alohida, butunlay iqtisodiy nazorat qiladigan bir agentlik yoki tashkilot tuzish kerak. Ularga katta-katta vakolat berish kerakki, hamma berilgan iqtisodiy mablag‘larni ishlatish nazorati ustidan o‘zi mustaqil siyosat olib borsin», deydi suhbatdosh.

O‘zbekiston kapitalizmning qaysi bosqichida?

Abdulla Abduqodirov O‘zbekistonda kapitalizmning eng yomon ko‘rinishi kuzatilayotganini qayd etib o‘tgan.

«Kapitalizmning qaysi modeliga o‘tishimiz bizga hali noma'lum. Bugungi kunda O‘zbekistondagi model davlat-xususiy monopolistik kapitalizmi. Bu – kapitalizmning eng yomon ko‘rinishi. Davlat bilan xususiy kapital birlashib ketgan. Uning ustiga monopollashtirilgan. Bu kapitalizmning juda yomon ko‘rinishi. Buni bolalik kasalligi deb qarash mumkin, lekin tuzatsa bo‘ladi. Vaqti bilan. 

Ijtimoiy rivojlanish jihatdan har bir davlat o‘ziga xos. Kapitalizm bo‘yicha Rossiya, Qozog‘istonda qanday bo‘lsa, biz ham o‘shalarni ko‘chiryapmiz. Yomon tomondan ko‘chiryapmiz. Eng avvalo, butun jamiyat kelishib olishimiz kerak. Biz o‘zi qanday jamiyat qurmoqchimiz?!

Bu jamiyatda iqtisodiy-siyosiy boyliklarning asosiy manfaatdori, benefitsiari kim? Bu benefitsiarni, manfaatlarni qaysi yo‘llar bilan olishi kerak, degan fundamental savollarga bizda hali javob yo‘q.

Qanday jamiyat quramiz, bu jamiyatning asosiy kuchlari kim, asosiy manfaatdori kim degan savollarga javoblarimiz yo‘q», deydi ekspert.

«Elita hali kelishib olgani yo‘q»

Moliyachi elita degani davlatning baland minbarlarida o‘tirgan odamlar emas, balki har bitta sohada o‘zining juda katta bir mas'uliyatini tushunib, davlatning 50–100 yillik kelajagi haqida o‘ylaydigan insonlar hisoblanishini ta'kidlaydi.

«5–10 yillik emas, 50–100 yillik kelajak haqida o‘ylaydigan shaxslar. Ana o‘shalar elita bo‘lishi kerak. Hozircha biz bu gorizontda fikr yuritadigan insonlarni kam ko‘ryapmiz.

50–100 yildan keyin O‘zbekiston xalqi qanday bo‘ladi, degan savolga javob bersagina, shu haqda o‘ylasagina uni elita deb gapirishimiz mumkin.

Milliardlab puli bo‘lib, chet ellarda yaxtasi bor yoki maza qilib yashab yurganlarni elita deb ayta olmaymiz», – dedi Abdulla Abduqodirov.

  • Ma'lumot uchun, 2020 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi 580,2 trillion so‘mni tashkil qildi. Hozirda yillik inflatsiya o‘sish sur'ati 10,9 foiz, davlat qarzi 2021 yil 1 yanvar holatiga YaIMning 40 foizidan oshgan.

Islombek Umaraliyev suhbatlashdi.

Mavzuga oid