Jahon | 20:32 / 20.01.2024
21926
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada politsiya migrantlarni o‘rdaksimon yurishga majburladi

Inson huquqlari bo‘yicha mahalliy komissar voqea tekshirilishini ma’lum qildi.

Foto: Videodan kadr

Rossiyaning Yekaterinburg shahridagi qurilish obektlarida o‘tkazilgan reydlar davomida huquq-tartibot idoralari xodimlarni migrantlarni o‘rdaksimon yurishga majburladi. Bu haqda «Russkaya Obshchina Yekaterinburg» xabar berdi.

Qayd qilinishicha, huquq-tartibot idoralari xodimlari Rossiya migratsiya qonunchiligiga amal qilinishi bo‘yicha reyd o‘tkazgan. 17 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan tadbir davomida xavfsizlik kuchlari 150 kishining hujjatini tekshirgan. Ulardan 8 nafari immigratsiya qonunchiligini buzgani aniqlangan, endi ularni deportatsiya kutmoqda. 4 nafariga esa harbiy ro‘yxatga olinishi uchun chaqiruv qog‘ozi berilgan.

Shu bilan birga, huquq-tartibot idoralari xodimlari migrantlarni o‘rdaksimon yurishga majburlagan. Taqdim etilgan videolavhada bir necha nafar migrantni o‘rdaksimon harakatlanganini, boshqa fotosuratda ularni yerga cho‘kka tushib o‘tirganini ko‘rish mumkin.

Ushbu voqea oshkor bo‘lganidan so‘ng, Sverdlovsk viloyati Inson huquqlari bo‘yicha komissari Tatyana Merzlyakova reydlarni tekshirishini ma’lum qildi.

«Nima bo‘lganini endi o‘rganaman. Bizda migrantlar huquqlarini himoya qiluvchi mutaxassis bor, lekin u hozirgacha menga hech narsa demadi. Bu voqeaga ko‘zlarim ishonmayapti. Bunday bema’ni ishlar bilan shug‘ullanishga vaqtimiz yo‘q», dedi Merzlyakova. Uning ta’kidlashicha, bunday holat Yekaterinburg shahriga xos emas.

Mavzuga oid