Jamiyat | 16:46 / 25.02.2025
8240
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi bog‘chada tarbiyachi bolani stulga skotchlab qo‘ydi

Aniqlanishicha, holat xususiy bog‘chalarning birida sodir bo‘lgan. Mazkur voqeadan so‘ng tarbiyachi va uning yordamchisi ishdan bo‘shatilgan.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi poytaxtdagi bog‘chalarning birida tarbiyachi bolani stulga skotchlab qo‘ygani yuzasidan tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Yunusobod tumanidagi xususiy bog‘chalardan birida ovqat yeyishni istamagan bola stulga skotchlab qo‘yilgani tasvirlangan video tarqaldi.

Qayd etilishicha, Yunusobod tumanidagi First Daycare xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotida 2025 yil 21 fevral kuni tarbiyachi S.A. va tarbiyachi yordamchisi X.M. tarbiyalanuvchilardan birini ovqat yemagani uchun stulga skotchlagani aniqlangan.

Tashkilot ma’muriyati tarbiyachi S.A., tarbiyachi yordamchisi X.M. bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilgan va ular ishdan bo‘shatilgan.

Ayni paytda yuqoridagi holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan surishtiruv-o‘rganish ishlari olib borilayotganini bildiramiz.

Avvalroq Sergelidagi bog‘chada tarbiyachining qo‘pol munosabati oqibatida bolaning oyog‘i singandi. Bolaning ota-onasiga bog‘cha ma’muriyati tomonidan o‘g‘li o‘zi yiqilib oyog‘i singani va Sergeli tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingani to‘g‘risida xabar berilgan. Ammo kuzatuv kameralaridagi yozuvlar ko‘rilganida holat boshqacha bo‘lgani aniqlangan.

 

Mavzuga oid