O‘zbekiston | 19:43 / 30.05.2020
49714
4 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus aniqlangan Shofirkon va Izboskan tumanlari nega «qizil» toifaga kiritilmadi?

Respublika maxsus komissiyasi koronavirus tarqalganlik darajasiga ko‘ra «qizil», «sariq» va «yashil» toifaga kiruvchi tumanlar (shaharlar) ro‘yxatini e'lon qildi.

Foto: Shofirkon tuman hokimligi

Ro‘yxatda Buxoro viloyati Shofirkon tumani hamda Andijon viloyati Izboskan tumanlari «yashil» toifaga kiritilganini ko‘rish mumkin. Vaholanki, Izboskanda 23 may kuni koronavirus aniqlangan. Rossiyadan kelgan izboskanlik xalqaro yuk tashuvchi haydovchi koronavirusga test topshirib natijasini kutmay karantin qoidasini buzgan holda uyiga ketib qolgan. Haydovchi ketgach, u topshirgan test natijasi musbat chiqqan (ya'ni virus aniqlangan).

Oqibatda koronavirus yuqtirgan haydovchi bilan muloqotda bo‘lgan 100 nafarga yaqin fuqaro karantinga olingan. Izboskanlik haydovchida virus aniqlanganidan ikki kun o‘tib esa tumanda «Sog‘lom hayot uchun 5 000 qadam» shiori ostida ommaviy tadbir o‘tkazilgan. Uning ishtirokchilari «Uyda qoling» degan bannerlarni ham ko‘tarib olishgandi. 23 may kuni koronavirus aniqlangan Izboskan tumanining nega hamon «yashil» hudud bo‘lib turgani haqida ma'lumot berilmagan.

O‘z navbatida Buxoro viloyati Shofirkon tumani ham «yashil» hududlar orasida bo‘lib turgani ko‘pchilikni ajablantirdi. Chunki 27 may kuni bu tumanda yashovchi bir oilaning 7 nafar a'zosida koronavirus aniqlangan. Respublika maxsus komissiyasi esa Shofirkon tumanini «yashil» hudud sifatida ko‘rsatgan.

Buxoro viloyati hokimligi bu borada munosabat bildirdi. Ma'lum bo‘lishicha, Shofirkonni «qizil» hududga kiritish borasida «taklif berilgan va yaqin orada bu borada maxsus komissiya qarori qabul qilinishi kutilmoqda». 

«Shuni ma'lum qilamizki, joriy yilning 27 may kuni Shofirkon tumanida koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar aniqlangani sabab epidemiyaga qarshi kurash talablaridan kelib chiqib, viloyat hokimligi tomonidan mazkur tumanni «yashil» hududdan «qizil» hududga, Navoiy viloyatida ham kasallik o‘chog‘i mavjudligini inobatga olib unga yondosh bo‘lgan G‘ijduvon hamda Kogon tumanlarini «yashil» hududdan «sariq» hududga o‘tkazilishi yuzasidan taklif kiritildi.  Yaqin orada bu bo‘yicha hukumat komissiyasi qarori qabul qilinishi ko‘zda tutilgan», deyilgan bayonotda.

Ma'lumot uchun, «yashil» toifasidagi tumanlar (shaharlar) koronavirus tarqalish xavfi past hududlar hisoblanadi. Koronavirus aniqlangan hududlar esa avtomatik tarzda virus yuqish xavfi yuqori bo‘lgan «qizil» hududlar qatoriga kirishi kerak. Ammo ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda hududlarning bu boradagi statusi faqat maxsus komissiya qarori bilan o‘zgartiriladi. Chunki 23 may kuni virus aniqlangan Izboskan, 27 mayda virus aniqlangan Shofirkon tumanlari maxsus komissiya bayonotida hamon «yashil» toifada turibdi.

Mavzuga oid