O‘zbekiston | 10:39 / 06.08.2024
21037
3 daqiqa o‘qiladi

Doniyor G‘aniyev deputatlik faoliyatini yakunladi

U boshqa ishga o‘tdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev deputatlik mandatini tugatishga, yangi saylovlarda nomzodini ilgari surmaslikka qaror qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram kanalida yozib qoldirdi.

«Saylovchilar bildirgan ishonchni oqlash, ularning dardu tashvishlarini, muammo va xohishlarini parlament minbariga olib chiqish, qabul qilingan qonunlar adolatli va insonparvar bo‘lishiga hissa qo‘shish, murojaat qilgan fuqarolarga yordam bera olish imkoniyati men uchun deputatlikning eng katta sharafi bo‘ldi. Bunday imkoniyat va baxt menga nasib qilganidan har doim faxrlanaman», deb yozadi Doniyor G‘aniyev.

Deputat inson atrofidagi o‘zgarishlar, reallik bilan hisoblashishi hamda o‘z imkoniyat va qobiliyatlarini to‘g‘ri baholay olishi kerakligini ta’kidlagan.

«Garchi deputat sifatida samarali faoliyat olib bordim, deb o‘ylasam-da, bu faoliyatda davom etish o‘zim uchun ham, saylovchilar uchun ham manfaatli bo‘lmasligini tushunib yetdim. Menimcha, hayotimda o‘zgarishlar qilish, yangi chellenj va imkoniyatlarni qarshi olishning ayni vaqti», deya qayd etadi u.

Shu bois, Doniyor G‘aniyev deputatlik mandatini tugatishga, yangi saylovlarda nomzodini ilgari surmaslikka qaror qilgan. Bundan keyingi faoliyatini u Vazirlar Mahkamasida investitsiya yo‘nalishida mas’ul xodim sifatida davom ettiradi. G‘aniyev deputatlikdan avval ham shu yo‘nalishda faoliyat yuritgan.

«Menga o‘z vakilligini ishongan Marg‘ilon okrugi saylovchilariga, faoliyatimni e’tirof etib, qo‘llab-quvvatlagan jamoatchilik faollari, OAV vakillari va ko‘plab bloger do‘stlarimizga bildirilgan ishonch va qo‘llov uchun minnatdorchilik bildiraman.

Shuningdek, parlament yig‘ilishlarida har doim o‘z fikrimni aytishga imkoniyat yaratgan Qonunchilik palatasi spikeriga, yalpi va fraksiya yig‘ilishlarida qo‘llab-quvvatlagan hamkasb deputatlarga hamda qonun loyihalarini takomillashtirishda kerak bo‘lsa deputatlardan ham ko‘proq mehnat qiladigan palata devoni xodimlariga ham alohida rahmat aytaman», deydi u.

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati Doniyor G‘aniyev Vazirlar Mahkamasi Investitsiyalar, eksport, savdo, qishloq va suv xo‘jaligi masalalari kotibiyati Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini monitoring qilish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani to‘g‘risida xabar bergan.

Mavzuga oid