Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xotira va qadrlash kuni tadbirlari, jarima ballari chegaradan oshgan haydovchilar – mahalliy dayjest
Toshkentda Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan rasmiy tadbirlar o‘tkazildi. Prezident Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Jarima ballari 12 ga yetgan haydovchilar soni keskin ko‘paya boshladi. Yirik texnologik kompaniyalarning O‘zbekistonda to‘layotgan soliqlari miqdori oshdi. Farg‘onada onasini o‘ldirgan erkak 18 yilga qamaldi.
Prezident Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat bajo keltirdi
Shavkat Mirziyoyev 8 may kuni Toshkentdagi «G‘alaba bog‘i»ga tashrif buyurib, Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tashkil etilgan marosimda ishtirok etdi.
Davlat rahbari an’anaga muvofiq «Matonat madhiyasi» yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi. Tadbirda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari va keksalar ham qatnashdi.
Shavkat Mirziyoyev «Millat fidoyilari» xiyobonida ham bo‘lib, mustaqillik yillarida mamlakat himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Shundan so‘ng, Qurolli Kuchlar Bosh harbiy klinik gospitaliga borib, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar oldi.
Jarima ballari 12 ga yetgan haydovchilar soni keskin ko‘paya boshladi
8 may holatiga jarima ballari 12 ga tenglashgan haydovchilar soni 49 nafarga yetdi. Eng ko‘p holat Toshkent shahrida kuzatilgan: 29 nafar. Keyingi o‘rinlarni 8 ta holat bilan Farg‘ona va 3 ta holat bilan Buxoro viloyati egallagan. Shuningdek, Toshkent va Andijon viloyatlarida 2 tadan, Qoraqalpog‘iston respublikasi hamda Samarqand, Namangan, Surxondaryo, Xorazm viloyatlarida 1 tadan holat qayd etilgan. Faqat 4 ta hudud – Navoiy, Qashqadaryo, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida hozircha jarima ballari 12 ga yetgan haydovchi yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-1-moddasiga ko‘ra, bir yil ichida jarima ballari 12 ga yetgan haydovchilar kamida 6 oy muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi.
Apple, Google, Meta va boshqalarning O‘zbekistonda to‘layotgan soliqlari miqdori oshdi
O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi 89 ta xorijiy kompaniya 2026 yil I choragida 65,7 mlrd so‘m soliq to‘ladi. Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu 2025 yilga (36,2 mlrd so‘m) nisbatan 81 foizga ko‘p. Xizmatlar qiymati ham oshdi. 2025 yilning uch oyida bu 306,6 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yilning shu davrida 552 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Apple eng ko‘p soliq to‘lagan kompaniya bo‘ldi — 16,1 mlrd so‘m. Keyingi o‘rinda Google — 14,9 mlrd so‘m, Meta — 13,9 mlrd so‘m.
Farg‘onada onasini o‘ldirgan erkak 18 yilga qamaldi
Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida onasini shafqatsizlik bilan o‘ldirgan 29 yoshli erkakka sud hukmi o‘qildi. Qayd etilishicha, hodisa sodir bo‘lgan kuni ona va o‘g‘il o‘rtasida pul sabab janjal kelib chiqqan. Tortishuv vaqtida ayblanuvchi qo‘lidagi bolta bilan onasining boshiga bir necha bor urib, og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Ta’kidlanishicha, shundan keyin erkak ayolning bosh qismini tanasidan uzib olgan. So‘ng jasadning tanasini tomorqaning bir chetiga, boshini esa hojatxona orqasiga ko‘mgan. Erkak hodisa joyidan qochib ketgan. Dang‘ara tuman sudi hukmiga ko‘ra, yigit Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “j” bandi bilan aybdor deb topilib, 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Mavzuga oid
19:39 / 07.05.2026
Oqlangan qatag‘on qurbonlari va soliq to‘lagan top-blogerlar – mahalliy dayjest
18:47 / 06.05.2026
Peshlavhalarga oid yangi tartib loyihasi va 13 bola tashigan Matiz halokati – mahalliy dayjest
18:40 / 05.05.2026
Yulduz Usmonovaning AQShda bekor bo‘lgan konserti va 10 ming dollarga yollangan killer – mahalliy dayjest
21:13 / 04.05.2026