O‘zbekiston | 18:40 / 05.05.2026
6784
4 daqiqa o‘qiladi

Yulduz Usmonovaning AQShda bekor bo‘lgan konserti va 10 ming dollarga yollangan killer – mahalliy dayjest

Isroilni qoralab, Falastinni qo‘llab-quvvatlagan Yulduz Usmonovaning AQShdagi konserti bekor qilindi. Toshkent uchun yangi aeroport qurilgach, eskisi yopilishi ma’lum qilindi. Xotinini o‘ldirish uchun 10 ming dollarga killer yollagan erkak ushlandi. Tibbiy ma’lumotnomani onlayn olish imkoniyati yaratildi.

Isroilni qoralagan Yulduz Usmonovaning AQShdagi konserti bekor qilindi

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning 9 may kuni Nyu York (AQSh) shahrida o‘tishi belgilangan konserti bekor qilindi. Bu haqda 4 may kuni tadbir mezboni Oceana teatri xabar berdi.

Konsertning bekor qilinishi – mahalliy siyosatchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan qarshilik kampaniyasi ortidan ro‘y berdi. Yulduz Usmonova Falastinni qo‘llab, Isroilning harakatlarini keskin tanqid qilib kelgani tufayli antisemitizmda ayblanmoqda.

Yulduz Usmonova 5 may kuni bergan izohida konsert uchun barcha chiptalar sotib bo‘linganini aytib, buning uchun muxlislariga minnatdorlik bildirdi. Konsert bekor qilingani haqida gapirarkan, xonanda o‘z qarashlarida sobit ekanini ta’kidladi.

Toshkent uchun yangi aeroport qurilgach, eskisi yopiladi

Toshkent shahri uchun yangi xalqaro aeroport qurilishini shu yil iyul oyida boshlash rejalashtirilmoqda. Yangi aeroport ochilgach, hozirgisi yopiladi. Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev so‘zlariga ko‘ra, «konseptual yechim» bor, agar yangisi ochilsa, eskisini yopish kerak.

Toshkent shahri uchun yangi xalqaro aeroport Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlari hududida, 1300 gektar maydonda quriladi. Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 15 oktyabr kuni qurilishga start bergan edi.

Rasmiylarga ko‘ra, 2017-2025 yillarda poytaxtga aviayo‘lovchilar oqimi 3 karra oshib, yiliga 9 millionga yetgan. 2040 yilga borib, 24 milliondan oshadi. Lekin yiliga 11 million odamga xizmat ko‘rsatadigan hozirgi aeroport shahar hududida joylashgani uchun uni kengaytirishning imkoniyati yo‘q.

Xotinini o‘ldirish uchun 10 ming dollarga killer yollagan erkak ushlandi

Toshkent shahrida shar’iy nikohdagi xotinini o‘ldirish uchun 10 ming dollarga qotil yollagan erkak qo‘lga olindi. Poytaxt IIBB xabariga ko‘ra, u qotillikni amalga oshirish uchun tanishiga oldindan 2 ming dollar bergan. Buyurtmachi yollanma qotilga ayolning yashash manzili, xonadon raqami, avtomobili, kimlar bilan yashashi, qachon uyga kirib-chiqishi haqida batafsil ma’lumotlarni taqdim etgan.

20 aprel kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda yollanma qotil buyurtmachi bilan uchrashib, unga xotini o‘ldirilgani haqida xabar bergan. Bu xabarni eshitgan erkak 6,5 million so‘m hamda jabrlanuvchi nomidagi Tracker avtomobilini topshirgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Tibbiy ma’lumotnomani onlayn olish imkoniyati yaratildi

Ma’lumotnomani olish uchun foydalanuvchi my.gov.uz portaliga kirib, «Sog‘liqni saqlash» bo‘limiga o‘tishi, «086-shakldagi tibbiy ma’lumotnomani olish» xizmatini tanlashi va tayyor hujjatni yuklab olishi kerak.

Ilgari ushbu hujjatni olish uchun tibbiyot muassasasiga borish va navbatda turish talab etilgan bo‘lsa, endi bu jarayon raqamlashtirildi.

Muhim eslatma: ma’lumotnoma portalda shakllanishi uchun fuqaro avval tegishli tibbiyot muassasasida shifokorlar ko‘rigidan o‘tgan bo‘lishi lozim. Shifokorlar xulosasi bazaga kiritilgach, hujjatni masofadan turib olish mumkin. Xizmatdan foydalanish mutlaqo bepul va hech qanday hujjat talab etilmaydi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid