Raqobat qo‘mitasi peshlavhalarga oid yangi tartib loyihasini e’lon qildi. Navoiyda 13 nafar bolani tashiyotgan Matiz halokatga uchradi. Sog‘liqni saqlash tizimi rahbariyatida yoppasiga o‘zgarish yuz berdi. Davlat chegarasidagi noqonuniy tunnel uchun jinoiy javobgarlik joriy etiladigan bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash tizimi rahbariyatida yoppasiga o‘zgarish yuz berdi

Prezident Administratsiyasida ishlagan Eldor Odilov sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlandi. 2024 yil yanvaridan buyon vazirlikni boshqarib kelgan Asilbek Xudoyorov lavozimini tark etdi.

Shu bilan birga vazir o‘rinbosarlari ham bir kunda ishdan olinib, o‘rniga yangilari tayinlandi. Jumladan, Alisher Boboyev, Elmira Bositxonova va Farhodjon Toshpo‘latov lavozimini tark etdi. Otabek Imomov vazirning birinchi o‘rinbosari bo‘ldi, Jaloliddin Asamutdinov, Adxam Xudaykulov, Sherzod Muhamedov va Ilhomjon Umurzaqov ham o‘rinbosarlikka tayinlandi. Yoppasiga o‘zgarishlar sababi haqida hozircha ma’lumot berilmadi.

Raqobat qo‘mitasi peshlavhalarga oid yangi tartib loyihasini e’lon qildi

Raqobat qo‘mitasi tashqi axborot vositalarini, xususan peshlavhalarga oid tartibni nazarda tutuvchi «Tashqi yozuvlarni tartibga solish to‘g‘risida»gi nizom loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Hujjat bilan amaliyotda turli kelishmovchilikni keltirib chiqarayotgan va qonunchilikdagi bo‘shliq hisoblangan ayrim jarayonlarga va tushunchalarga aniqlik kiritilmoqda.

Shuningdek, hujjatda peshlavha – savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat ko‘rsatish obektlarida faoliyati tasnifi (tashkilot nomi, ixtisoslashuvi) to‘g‘risidagi ma’lumot hisoblanib (misol uchun: dorixona, sartaroshxona, AYoQSh, milliy taomlar, supermarket, shifoxona, oziq-ovqat, qurilish va xo‘jalik mollari do‘koni), tashqi reklama obekti emasligi va reklama joyining pasportini olish shart emasligi belgilangan. Loyiha muhokamasi 10 mayga qadar davom etadi.