O‘zbekiston | 22:43 / 03.02.2026
3277
5 daqiqa o‘qiladi

«Layk» to‘plash maqsadidagi huquqbuzarlik uchun javobgarlik va o‘zbekistonliklarning darknetga sizdirilgan ma’lumotlari – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Angrenda zaxira hajmi 233 million tonna bo‘lgan yangi ko‘mir koni ishga tushiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘mir va uran sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar hamda yaqin istiqbolga mo‘ljallangan rejalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Ko‘mir va uran tarmoqlarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda navbatdagi loyihalar ko‘rib chiqildi. Taqdimotda ko‘mir ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, sohada raqobat muhitini kuchaytirish va mavjud zaxiralardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Angrendagi Nishbosh ko‘mir konini o‘zlashtirish loyihasiga alohida e’tibor qaratildi. Zaxiralarining hajmi 233 million tonna va qiymati qariyb 500 million dollarga baholanayotgan ushbu investitsiya loyihasi doirasida 2026 yilda qazib olish ishlarini boshlash hamda 1 million tonna ko‘mir qazib chiqarish, kelgusida yillik quvvatni 10 million tonnaga yetkazish ko‘zda tutilgan. Loyiha doirasida 880 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi.

«Layk» to‘plash maqsadida qilingan huquqbuzarlik uchun javobgarlik joriy etilishi mumkin

Ijtimoiy tarmoqlarda «Layk» to‘plash, obunachilarni ko‘paytirish maqsadida turli ko‘rinishdagi huquqbuzarliklarni sodir etib, uni tasvirga tushirgan holda internetda tarqatish, bunday huquqbuzarliklarni, belgilangan tartib-qoidalarni mensimaslikni targ‘ib etganlik uchun jarimalar belgilanishi mumkin.

Shuningdek, ayrim turdagi huquqbuzarliklar, jumladan, telekommunikatsiya hamda Internet tarmoqlarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, haqoratomuz shilqimlik qilish va jamoat tartibini buzuvchi boshqa shu kabi harakatlar uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilmoqda. Shu mazmundagi qonun loyihasi parlament quyi palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlarida qizg‘in muhokama qilindi.

O‘zbekiston fuqarolarining ma’lumotlari darknetda tarqalgani aytilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlar va Reddit platformasida O‘zbekiston davlat axborot tizimlaridagi fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari darknetda sizdirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Ular orasida 15 million fuqaroga tegishli shaxsiy ma’lumotlar bo‘lishi mumkin. Kiberxavfsizlik markazi vaziyatga izoh berib, holat bo‘yicha o‘rganishlar olib borilayotganini ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ma’lumotlari ochiq tarmoqqa sizib chiqqan bo‘lishi mumkinligi haqidagi muhokamalar fonida, Statistika agentligi ham vaziyatga izoh berib, barcha ma’lumotlar, alohida serverda shifrlangan holda xavfsiz saqlanayotganini ma’lum qildi.

Aviator’dagi yong‘indan so‘ng O‘zbekiston bo‘ylab shu kabi obektlarni tekshirish boshlandi

Toshkent shahridagi Aviator savdo markazida sodir bo‘lgan yirik yong‘in kabi baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun respublika bo‘ylab ushbu toifadagi obektlarda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi yuzasidan ishchi guruh tuzildi, o‘rganish va tekshiruvlar olib borilmoqda.

Qayd qilinishicha, o‘rganishlar davomida yong‘in xavfsizligi talablarining qo‘pol ravishda buzilishi aniqlangan obektlar faoliyati kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar vaqtincha to‘xtatiladi. Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikka muvofiq, yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilmasligi oqibatida kelib chiqqan hodisalar bo‘yicha obekt rahbarlari va mas’ul shaxslarga nisbatan ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik belgilangani eslatildi.

O‘zbekiston qishki Olimpiadada 2 nafar sportchi bilan qatnashadi

6-22 fevral kunlari Italiyaning Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida o‘tkaziladigan qishki Olimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston 2 nafar sportchi bilan qatnashadi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi xabariga ko‘ra, Medet Nazarov tog‘ chang‘isining slalom va gigant-slalom, Daniil Yeybog esa short-trekning 500 metr masofaga yugurish musobaqasida O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.

Aslida, qo‘lga kiritilgan yo‘llanmalar soni 4 ta edi: Dmitriy Chigirev va Yekaterina Geynish figurali uchishning juftlik yo‘nalishida saralashdan o‘tgan edi. Lekin Chigirev tayyorgarlik jarayonida jarohat olib, Olimpiadagacha tiklana olmadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid