“Quyosh panellari uchun butlovchi qismlarni bojsiz olib kirish ikkita korxonaga berilgan” - tadbirkor
Rasmiylar bilan davra suhbatida so‘z olgan tadbirkor o‘z korxonasida foydalanish uchun 6 megavattlik quyosh panellarini import qilayotgani, lekin bojsiz rejim faqatgina panelning o‘zini olib kirgan holatgagina taalluqli ekanini aytdi. Panellarni kabel, invertor kabi butlovchi qismlar bilan yaxlit holda olib kirganda esa, bunga 5 foizlik boj hisoblanadi.
Davlat rahbarining tadbirkorlar bilan muloqotiga tayyorgarlik doirasida, 1 avgust kuni eksportchi korxonalarning muammolariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda so‘z olgan tadbirkorlardan biri korxonasiga quyosh panellari o‘rnatmoqchi ekani, lekin panellarni olib kirishda muammoga duch kelayotganini aytdi.
“Tejamkor elektr energiyasidan foydalanish bo‘yicha ikkita proyekt boshlaganmiz. Hozirda 6 megavattlik quyosh panellari olib kiryapmiz, bir qismi kirib keldi. Bizda muammo bo‘lyapti: bojxonaga kirganimizda quyosh panelining o‘zini olib kirsak, bojsiz bo‘lyapti, quyosh panelini kabellari, intertorlari kabi qo‘shimcha butlovchi qismlari bilan birga olib kirsak, 5 foiz boj chiqib kelyapti.
Biz aytyapmiz: quyosh panelining o‘zini ishlata olmaymiz-ku, butlovchi qismlari bilan kiradi. Hozirgi kunda 6 megavattlik quyosh panellarimiz uchun taxminan 80-90 ming dollar atrofida 5 foizlik boj chiqyapti. Ikki xil TIF TN kod qo‘yilgan, [vaholanki], bitta yaxlit tovar bo‘lib kelyapti”, – dedi tadbirkor.
U quyosh panellarini butlovchi qismlari bilan birga olib kirishni ham bojdan ozod qilishni so‘radi. “O‘zbekistonda butlovchi qismlarni bojsiz olib kirish ikkita korxonaga berilgan ekan”, – deya qo‘shimcha qildi tadbirkor.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov tadbirkor olib kirayotgan quyosh panellarining sifati qanchalik kafolatlanganini so‘radi. “O‘sha kilovattga javob beradimi, yoki javob bermaydimi? O‘zimizda ishlab chiqaruvchidan olsangiz, arzon tushmaydimi?” – so‘radi SSP rahbari.
“Biz O‘zbekistondagi ishlab chiqaruvchilardan taxminan 10 tasini taklif qildik, lekin ular o‘zi ishlab chiqarayotgan mahsulotiga bizning talabimiz bo‘yicha kafolat bera olishmadi”, – dedi tadbirkor.
Davron Vahobov buni taklif sifatida qabul qilishini ta’kidladi.
Mavzuga oid
20:03
Gaz qazib olishning qisqarishi 2 mlrd kubga yaqinlashdi, neft va benzin ishlab chiqarish ham kamayib boryapti
15:18 / 20.11.2024
Yoqilg‘i quyish va gaz to‘ldirish shoxobchalari bo‘yicha mobil ilova ishga tushirildi
10:56 / 20.11.2024
O‘zbekistonda uch yilda 10 ta yirik quyosh va shamol stansiyalari ishga tushirildi
16:56 / 16.11.2024