Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Namanganda soliq qarzdorligi 1 mln so‘mdan oshsa, elektr uchun to‘lov cheklanadi
Soliq qo‘mitasi jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha qarzdorligi 1 million so‘mdan oshganda uni elektr energiyasining billing tizimi orqali undirish bo‘yicha yangi tizim 16 apreldan boshlab, sinov tariqasida Namangan viloyatida ishga tushishini e’lon qildi.
Foto: Getty images
Jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha qarzdorligi 1 million so‘mdan oshganda uni elektr energiyasining billing tizimi orqali undirish 2026 yil 16 apreldan boshlab Namangan viloyatida joriy etiladi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Ushbu tizim viloyatda sinovdan o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan “Soliq billing” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqildi.
Agar jismoniy shaxsning soliq qarzdorligi 1 million so‘mdan oshsa, avvalo fuqaro bir necha bosqichda ogohlantiriladi. Dastlab fuqaroga soliq hisoblangani haqida xabarnoma, shundan so‘ng SMS orqali eslatma, agar fuqaroda “Soliq” mobil ilovasi mavjud bo‘lsa, xabarnoma yuboriladi.
Bundan tashqari, my.gov.uz orqali ham fuqaroning shaxsiy kabinetiga xabar yuborilishi mumkin. Shundan keyin soliq organi tomonidan elektr to‘loviga cheklov kiritilishi mumkinligi to‘g‘risida SMS xabarnoma yuboriladi.
Barcha ogohlantirishlarga qaramay, soliq qarzdorligi bartaraf etilmasa, fuqaroning elektrga to‘lov qilish imkoniyatiga vaqtinchalik cheklov kiritiladi. Qarzdorlik bartaraf etilsa, cheklov onlayn tartibda darhol bekor qilinadi.
Agar tizim sinovdan muvaffaqiyatli o‘tsa, barcha hududlarda joriy qilinadi. Soliq qo‘mitasi sinov natijalari asosida 2026 yil 1 oktyabrgacha qolgan hududlarda ham ushbu tizimni joriy etish bo‘yicha takliflarni hukumatga kiritishi kerak.
Mavzuga oid
12:04
Soliqdan qarzi bor kambag‘al aholining svetga to‘lov imkoniyati cheklanmaydi
14:39 / 16.03.2026
“QQSni qaytarish korrupsion sxemaga aylangan, uni tugatish kerak” – mutaxassis
21:57 / 13.03.2026
Namanganda mashinada megafondan foydalangan haydovchi “prava”sidan ayrildi
08:22 / 13.03.2026