O‘zbekiston | 13:04 / 19.12.2020
6208
3 daqiqa o‘qiladi

«Bunaqada hech qanday turizm qolmaydi» - Abduhakimov madaniy meros obektlariga nisbatan o‘zboshimcha munosabat haqida

Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov O‘zbekistonda madaniy meros obektlariga nisbatan noto‘g‘ri, o‘zboshimchalik bilan munosabatda bo‘lish holatlari haqida gapirdi.

Foto: Toshkent yoshlar forumi

U agar holat shunday davom etaversa, mamlakatda hech qanday turizm qolmasligini ta'kidlagan.

“Madaniy meros obektlarini saqlash, ularga yondashuv bo‘yicha mutlaqo yangi tizim ishlab chiqilishi kerak. Agar holat shu taxlitda davom etaversa, hech qanday turizm ham qolmaydi.

Madaniy meros obektlariga eng ko‘p mahalliy aholi tomonidan zarar yetkaziladi. Mamlakat bo‘ylab minglab qo‘rg‘onlar bor. Ular hali o‘rganilmagan. Odamlar bilmasdan uning ustiga ekin ekadi, haydaydi. Tuprog‘ini qazib olib, qurilishga ishlatadi yoki ekin maydoniga aylantiradi. Arxeologlar, olimlar, ekspertlar bularni borib o‘rganishi, shundan so‘ng ularning chegarasini aniq belgilab, kadastr hujjatlari tayyorlanishi lozim.

Bu juda ham jiddiy masala. Hammasini faqat Madaniyat vazirligining o‘ziga tashlab qo‘yib bo‘lmaydi. Barcha ekspertlar birlashib, yangi tizim ishlab chiqilishi kerak. Shuningdek, jamoatchilik nazoratini ham kuchaytirish lozim”, dedi Abduhakimov “Toshkent yoshlar forumi – 2020” tadbiri doirasida jurnalistlarga bergan intervyusida.

Shuningdek, qo‘mita raisi yaqinda Xivadagi Tosh hovli saroyi bilan kuzatilgan holat haqida ham to‘xtaldi.

“Bu bo‘yicha ish prokuraturaga taqdim etilgan. Aybdorlar javobgarlikka tortiladi. Afsuski, bu kabi holatlar birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. Yaqinda Surxondaryodagi Kampirtepa yodgorligida ham shunaqa holat kuzatilgandi.

Achinarlisi, bular hali ko‘zga tashlanayotgan holatlar. Ko‘rmay qolayotganimiz qancha?! Muammoga tizimli yondashish kerak, aks holda bunaqa holatlar davom etaveradi. Kerak bo‘lsa, har bir madaniy meros obektiga videokamera o‘rnatilishi lozim”, deya ta'kidladi bosh vazir o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, Xiva shahridagi Tosh hovli saroyining devori xususiy korxona tomonidan buzilganligi, YuNeSKO ro‘yxatidagi saroyda o‘tkazilayotgan ta'mirlash ishlari uchun Madaniy meros departamentidan ruxsat olinmaganligi haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid