15 avgustdan karantin yumshatiladi. Transportga va bozorlar faoliyatiga bosqichma-bosqich ruxsat beriladi
O‘zbekistonda 15 avgustdan boshlab shaxsiy va jamoat transporti harakati, qator faoliyat turlari, bozor va madaniy-ma'rifiy muassasalar ishi bosqichma-bosqich qayta tiklanadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarda sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ma'lum qildi.
Davlat rahbari tadbir boshida koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtalib o‘tgan. Jumladan, oxirgi bir oyda barcha hududlarda davolash o‘rinlari va nafas berish apparatlari soni bir necha barobar ko‘paytirilgani, muolaja qilish usullari yangilangani hamda tez tibbiy yordam xizmati kuchaytirilgani qayd etilgan. Bularning natijasida mamlakat bo‘yicha koronavirusdan sog‘ayish ko‘rsatkichi 59 foizdan 77 foizga yetgan, virus yuqtirganlar soni 32 mingdan oshgan bo‘lsa-da, ularning 25 mingdan ziyodi sog‘aygan, 7 ming bemor davolanmoqda.
«Har bir fuqaromiz sog‘lig‘i va hayoti uchun kurashni yanada kuchaytirgan holda, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarning barqaror ishlashini ta'minlash, aholining yashash sharoitini yengillashtirish maqsadida karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish zarur. Xalqimizning o‘zi shuni iltimos qilmoqda», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuni hisobga olib, 15 avgustdan avtotransport vositalarining kun davomida yurishi, mahalliy avia va temir yo‘l qatnovi uchun ruxsat berish kerakligi aytildi.
Sanatoriylar, mehmonxonalar, muzeylar, bolalar oromgohlari, dala hovlilar ijarasi, go‘zallik salonlari, sartaroshxonalar, ochiq havoda xizmat ko‘rsatadigan umumiy ovqatlanish obektlari faoliyati ham tiklanadi. Belgilangan talablarga amal qilgan holda uyda 30 kishilik oilaviy marosimlar o‘tkazish mumkin bo‘ladi.
17 avgustdan hududlar o‘rtasida avtotransport qatnovi, jamoat transporti (metropolitendan tashqari) va shahar atrofidagi avtobuslar qatnovi tiklanishi belgilandi.
20 avgustdan buyum va qurilish mahsulotlari bozorlari, yirik savdo do‘konlari, sport zallari, fitnes klub va basseynlar ishlay boshlaydi.
Respublika maxsus komissiyasiga har bir faoliyat turi bo‘yicha qanday sanitariya talablariga amal qilish zarurligini aniq belgilash vazifasi qo‘yildi. Epidemiologik vaziyat yaxshi bo‘lgan davlatlardan kelgan shaxslarni karantiniga olish va undan chiqarish tartibini yengillashtirish, pnevmoniyadan tuzalgan aholini reabilitatsiya qilish markazlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi.
Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga kollektiv immunitet shakllanish jarayonini monitoring qilib borish uchun antitanachalar tahlilini o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish kerakligi ta'kidlandi.
Televideniye va radioda madaniy-ma'rifiy, ko‘ngilochar ko‘rsatuv va eshittirishlarni ko‘paytirish, ijtimoiy masofani saqlagan holda teatr, kino, konsert va boshqa tadbirlarni tashkil etish masalasiga ham e'tibor qaratildi.
«Karantin talablari yumshatilayotgan bo‘lsa-da, barchamiz ijtimoiy masofani saqlash, niqob taqish, dezinfeksiya va boshqa sanitariya-gigiyena talablariga so‘zsiz amal qilishimiz, ilgari yo‘l qo‘ygan xatolarni takrorlamasligimiz kerak. Xudoga shukur, hammamiz ham yetarli tajriba orttirdik. Ko‘pni ko‘rgan xalqimiz juda katta matonat va qahramonlik, tibbiy madaniyatini namoyon qilyapti. Temir intizom, qattiq chidam va sabr-toqat bilan biz albatta bu sinovlarni tez orada yengib o‘tamiz. Men bunga qat'iy ishonaman», – deya ta'kidladi prezident.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda iyul oyi boshida epidemiologik vaziyat og‘irlashgach, 2 haftalik qat'iy karantin joriy etilgan, keyinroq karantin 15 avgustga qadar uzaytirilgandi. Ammo avgust oyi boshidayoq ayrim hududlarda karantin choralari yumshatilishi boshlandi.
Shu vaqtgacha respublikaning 8 hududida karantin choralari yumshatilgani haqida rasman e'lon qilib bo‘lindi. Avvaliga Qashqadaryo viloyati hokimligi, keyin Buxoro, Farg‘ona, Samarqand, Namangan, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida karantin cheklovlari yumshatildi.
Mavzuga oid
13:42
Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” loyihasi doirasida barpo etilayotgan yangi bog‘ga ko‘chat ekdi
22:12 / 22.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Suma Chakrabarti bilan uchrashdi
21:33 / 22.11.2024
Xitoy Surxondaryodagi mis va kumush konlariga 2,7 milliard dollar investitsiya taklif qilmoqda
20:29 / 22.11.2024