Iqtisodiyot | 14:09 / 09.09.2023
39203
4 daqiqa o‘qiladi

Energetika tariflarini erkinlashtirishga qaratilgan hujjat loyihasi e’lon qilindi

O‘zbekistonda energetikadagi muammolar yechimi uchun zarur bo‘lgan islohot – sohada bozor mexanizmlarini joriy etish maqsadida elektr energiyasi va gaz tariflarini liberallashtirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Ochiq manbalardan olingan surat

“Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Loyihaga ko‘ra, yoqilg‘i-energetika resurslarining 2023 yil 1 oktyabrdan kuchga kiradigan narxlari tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda. Bunda, aholi uchun tariflar o‘zgarishsiz qoladi.

Elektr energiyasi tariflari OKMK, NKMK, “O‘zmetkombinat” va budjet tashkilotlariga 1 kWh uchun 1 000 so‘m, boshqa tashkilotlarga 900 so‘m deb belgilanishi nazarda tutilgan.

Tabiiy gaz tariflari esa OKMK, NKMK, “O‘zmetkombinat” va budjet tashkilotlariga 1 kub metr uchun 1 800 so‘m, boshqa tashkilotlar uchun 1 500 so‘m bo‘lishi taklif etilgan.

Loyihada aholi uchun elektr energiyasi (295 so‘m), tabiiy gaz (380 so‘m) va suyultirilgan gaz (1120 so‘m) tariflari amaldagi narxlarda o‘zgarishsiz qolishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur hujjatning qabul qilinishi bilan, gaz va elektr energiyasi narxlarini liberallashtirish boshlanishi kutilyapti. Tariflar so‘nggi 4 yildan buyon o‘zgarmay qolayotgandi. Iqtisodchilarga ko‘ra, energetikadagi mavjud muammolarni sohada bozor mexanizmlarini joriy etmasdan turib to‘liq hal qilib bo‘lmaydi. Bu esa investorlarni jalb qilish uchun tarif islohotini taqozo qiladi.

Energetika sohasini liberallashtirishni uzoq vaqtdan buyon xalqaro tashkilotlar ham hukumatga tavsiya qilib keladi. Hozirda davlat energiya resurslarini aholiga o‘z tannarxidan ham arzonroq darajada yetkazib berish uchun trillionlab subsidiyalar ajratadi va bu bilan O‘zbekiston dunyo miqyosida energetikaga eng ko‘p subsidiya ajratadigan davlatlar qatorida turadi. Biroq sun’iy ushlab turilgan past narxlar sohaga xususiy investitsiyalarning kirib kelishiga to‘sqinlik qiladi.

Energetikani subsidiyalash, shuningdek, ijtimoiy tengsizlikni ham rag‘batlantiradi. Chunki aholining daromadi yuqori qatlami tabiiy ravishda ko‘proq energiya sarflaydi (masalan, ko‘plab energiya sarflaydigan texnikalarni o‘z ichiga olgan bir necha qavatli uy), daromadi past oilalar esa – kamroq. Davlat energoresurslarni barcha uchun birdek subsidiyalashi natijasida, badavlat qatlam davlatdan bir necha barobar ko‘proq miqdorda bilvosita subsidiya oladi.

Buni 2022 yilda e’lon qilingan rasmiy raqamlar ham tasdiqlaydi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’mol qiluvchi jami 7,3 mln abonent bor va ularning 80 foizi oyiga o‘rtacha 200 kVt soatgacha elektr energiyasini iste’mol qiladi. Lekin, bu xonadonlarning hissasiga aholi iste’mol qiladigan jami elektr energiyasining bor-yo‘g‘i 31 foizi to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, tabiiy gazga ulangan 4 millionta xonadonning 85 foizi oyiga o‘rtacha 500 kub metrgacha tabiiy gaz iste’mol qiladi. Lekin, ularning hissasiga aholi jami iste’molining atigi 35 foizi to‘g‘ri keladi.

Mavzuga oid